367      0     Jamiyat

Abdusaid KO‘CHIMOV: Daryoning u tomonida jurnalist, bu tomonida bloger turib, bir-biriga tosh otmasligi kerak

O‘zbekiston 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Bosh direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli publitsist va shoir Abdusaid Ko‘chimovga bugungi o‘zbek jurnalistikasiga oid savollar bilan yuzlanib, fikr-mulohazalariga quloq tutdik.

— Qonunlarimizda jurnalistning haq-huquqlari kafolatlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, unga ma’lumot berishdan bosh tortish, ishonchsizlik bilan qarash, rasmiy xat talab qilish singari holatlar ko‘p uchraydi. Sizningcha, bu holat ro‘y bermasligi uchun nima qilish kerak?

— Xalqona naql bor: «Bo‘rini oyog‘i boqadi». Jurnalistga esa qalam doimiy hamroh. U qalamning ilohiy kuchiga tayanadi. To‘g‘ri, siz ta’kidlagan holatlar uchraydi. Bunga sabab nima? Avvalo, hamkasblarimiz o‘z haq-huquqlarini bilishmaydi, jur’atsiz yoki nimadandir xavfsirashadi. G‘arb davlatlarida eshikdan haydalgan jurnalist teshikdan yo‘l topadi. Qo‘pol qilib aytganda, bezbetlik «ish» beradi.

Jurnalistlarimiz amaldagi qonun hujjatlaridan xabardor bo‘lsa, odob-axloq mezonlariga ko‘ra ish yuritsa, unga nisbatan munosabat ham tubdan o‘zgaradi. Agar «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlar bilan tanishmisiz?» deya savol bersak, kam sonli jurnalistdan qoniqarli javob olamiz. Qolaversa, kasb etikasiga ba’zan rioya qilinmaydi. Deylik, jurnalist o‘ziga yuklatilgan topshiriq bo‘yicha dabdurustdan qaysidir idoraga boradi. To‘g‘ri, rahbarga uchrab, savoliga javob olgisi keladi. Vaholanki, rahbar ham bekorchi emas, rejalashtirgan ishi bor. Jurnalist kasb etikasi qoidalariga muvofiq, borishidan avval maqsad-muddaosini bildirsa, menimcha, hech qanday ko‘ngilxiralikka o‘rin qolmaydi.

O‘zbekiston televideniyesida ishlagan kezlarim yaponiyalik telejurnalistlar videokamera so‘rashdi. Ular ikki kun ichida afsonaviy Samarqand shahri haqida hujjatli film olishmoqchi ekan. Punktuallikni qarangki, ular Yaponiyada turib Samarqandni chuqur o‘rganishgan, hatto kun davomida minoralar quyosh nurida qanday tovlanishigacha hisobga olishgan. Shu tariqa o‘zimiznikilar 2-3 haftada amalga oshiradigan yumushni yaponlar ikki kunda qoyilmaqom qilib bajarishdi.

Nima demoqchiman, ko‘pchiligimizda mavzuni puxta o‘rganmaslik, tavakkalchilik qusuri borki, bundan tezroq xalos bo‘lishimiz zarur. Shunday bo‘laylikki, bizdagi axborotga egalik, diplomatik qobiliyatni ko‘rib, soha mutaxassislari bajonidil qabul qilsin.

— So‘nggi vaqtlarda internet jurnalistikasi va blogerlik paydo bo‘ldi. Bu zamona zayli, inkor eta olmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi bilan bosma nashrlarni ortda qoldirayotgani ham fakt. Ammo bu katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan, ayni vaqtda internet jurnalistikasi qodir bo‘lmagan xususiyatlari bor bosma nashrlar nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tashvishli hol. Bu jarayonga munosabatingiz qanday?

— Rost, blogerlik – ijtimoiy hodisa, jamiyatdagi voqelikni tezkorlik bilan ommaga yetkazishda u o‘z o‘rnini topmoqda. Istaymizmiistamaymizmi, tezkor, shov-shuv uyg‘otuvchi xabarni gazeta xodimi tayyorlayman deguncha, bloger saytga qo‘yib ulguradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 1758ta ommaviy axborot vositasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning ma’lum qismi nodavlat xarakterda. Ular orasida bosma nashrlar ham, ijtimoiy tarmoqlar ham yetarli. Bloger elektron axborot tarqatadi, bosma nashr xodimi qog‘oz orqali o‘z auditoriyasiga kirib boradi.

Aslida har ikkisi ham bitta yurtning fuqarosi. Maqsad bitta: Vatan ravnaqiga xizmat qilish! Demak, daryoning u tomonida jurnalist, bu tomonida bloger turib, bir-biriga tosh otmasligi, balki yagona kuchga aylanishi kerak. Jurnalist blogerdan tezkorlikni, mavzuga o‘ziga xos rakursda yondashishni, bloger esa undan chuqur tahlil, izchil matn tayyorlash malakasini o‘zlashtirsin.

Biz O‘zA saytida «Bugungi bloger» ruknini ochib, aynan ijtimoiy tarmoqda xizmat qilayotgan blogerlarning bir-biri haqidagi fikrmulohazalarini, munosabatini berib borishni rejalashtiryapmiz. Qush tilini qush biladi, deydilar-ku. Muallif mavzuga qanday yondashgan? Mohiyati ochib berilganmi? Ikkinchi bloger shunga fikr bildiradi, kamchilik-nuqsonlarini aytadi, tanqid qiladi, e’tirof etadi va hokazo. Binobarin, blogerning mahorat maktabi paydo bo‘lishi kerak.

Ommaviy axborot vositalarida ishlab kelayotgan xodimlarning ma’lum qismi o‘rtamiyona, naridan-beri yoki arosatda qolgan toifaga mansub. Sizningcha, jurnalistikani tanlaydigan bo‘lg‘usi kadr uchun nima muhim?

— O‘z ixtisosligini «adashib» tanlagan kadr nafaqat o‘ziga, balki jamiyatga ham katta zarar keltirishi oddiy haqiqat. Bolaning kasbga moyilligini aniqlashda, avvalo, ota-ona to‘g‘ri qaror qabul qilsa, yaxshi bo‘lardi. «Bo‘laman» degan bola maktab yillarida birov turtkilamasa ham nimadir yozadi, intiladi, to‘garaklarga qatnashadi. O‘z oldiga qat’iy maqsad qo‘ya olgan, voqelikni ziyraklik bilan kuzatuvchi, mavzuni to‘g‘ri tanlab, bunga mualliflik pozitsiyasini bildira oladigan jurnalist OAVlari uchun hamisha suv va havodek zarur.

Jurnalistika sohasi bo‘yicha tayyorlanayotgan yosh kadrlar salohiyati, malakasi ancha jiddiy masala. Ommaviy axborot vositalarining qaysi tarmog‘ida ishlamasin, ijodkor o‘z ustida ishlamasa, o‘zini o‘zi shakllantirmasa, «qotib» qoladi. Shunday emasmi?

— Ijodning qaysi turi bo‘lmasin, avvalo, Alloh har bir ijodkorga «yuqtirsin», iste’dod ato qilsin. Chingiz Aytmatov zootexnik edi, Xudo bergan iqtidori bo‘lgani uchun ham mashhur yozuvchilik martabasiga erishdi. Oliy o‘quv yurti, xorijiy davlatlarga stajirovka, seminartrening, mahorat darslari bilan jurnalist iste’dodli bo‘lib qolmaydi. Agarki, unda o‘z kasbiga nisbatan fidoyilik bo‘lmasa, ichki bir intuitsiya, idrok, tafakkur, ya’ni Yaratgan in’om etgan qobiliyat bo‘lmasa, universitet bergan ta’lim ham o‘zini oqlamasligi mumkin.

Aynan shu sifat qalam ahliga aslida, minglab muxlislarni tortiq etib, yozganlarini elga manzur qiladi. Xalqimiz tanigan, bilgan, tan olgan va xizmatlari davlat miqyosida e’tirof etilgan qanchadan-qancha hamkasblarimiz to‘lib-toshib yozadi, haqqoniy yozadi, so‘z qudratini his qilib yozadi. Uning ahamiyatini, ta’sir kuchini chuqur anglaydi. Ijodkor xuddi shunday bo‘lishi kerak.

— Fikr-mulohazalaringiz uchun tashakkur!

Hulkar KUZMETOVA

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.