115      0     Siyosat

Bemor koronavirusdan o’lganmi?.. yoxud nega u 20 kun davomida 5 ta shifoxona orasida sarson qilingan

Kitob tumanida karantin choralari kuchaytirilgani sabablari ochiqlanmaganligi ortidan turli mish-mishlar “bolaladi”. Ayni paytda tumanga kirish-chiqish yo’llari yopilgan.

“Turli mish-mishlarga ishonmasdan, karantin talablariga amal qilib, o’zingiz, oilangiz va yaqinlaringiz sog’lig’i uchun yordam berishingizni so’raymiz”, deyiladi tuman hokimligi xabarnomasida.

Biroq… bizga yetib kelgan ma’lumot kishini ancha hushyor torttiradi. Qashqadaryo viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Sog’liqni saqlash vazirligi, Respublika bosh davlat sanitariya vrachiga taqdim etgani aytilayotgan mazkur ma’lumotnomaga e’tiboringizni qaratamiz:

“Bemor N.O. 1963 yilda tug’ilgan, Kitob tumanida yashagan… 2020 yil 10 aprel kuni Qozog’iston Respublikasiga ishlash uchun ketgan va 9 may kuni qaytib kelgan, Toshkent viloyati Chirchiq tumanida karantinga olingan. 10 may kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga 2-terapiya bo’limiga pnevmoniya tashxisi bilan yotqizilgan. 22 may kuni
koronavirus infektsiyasiga tekshirilgan va manfiy natija qayd etilgani sababli 27 may kuni uyiga javob berilgan.

27 maydan 28 maygacha Toshkent shahrida ijaradagi uyda bo’lgan va 28 may kuni Respublika O va RIATM va RSHTYOIMga murojaat qilgan va ushbu klinikalarga qabul qilinmagani sababli A.Vohidov nomidagi ko’krak jarrohlik markaziga murojaat qilishgan va diagnostika bo’limida exokardiogramma qilinib, ikki tomonlama plevrit tashxisi qo’yilgan hamda ahvoli og’ir bo’lgani sababli qabul qilinmagan. 28 may kuni Toshkent viloyati Zangiota tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo’limiga olib kelingan, kechki soat 17.00 larda uyiga javob berilgan, yo’lovchi mashinada Kitob tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo’limiga 29 may kuni soat 00.30 larda olib kelingan.

Ertalab soat 09.00 da koronavirus infektsiyasiga tekshirish uchun namuna olingan, 29 may kuni 14.00 da ahvoli og’irlashgani sababli qarindoshlari tomonidan uyiga olib ketilgan va 16.00 larda vafot etgan, 30 may kuni soat 10.00 da dafn etilgan. 2020 yil 30 may kuni soat 22.00 da (namuna olingandan 33 soat o’tib!) koronavirus infektsiyasiga olingan tahlil musbat natija bergani qayd etildi…”

Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i va viloyat SEOM bosh vrachi imzolagan mazkur xabarnomada qayd etilgan ma’lumotlar rost bo’lsa, Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan asl holat nega yashirilmoqda? Aksincha, bunday yondashuv kasallikning tarqalishiga va aybi
yashirilayotgan kasalxonalarda bu kabi holatlar yana davom etishiga imkon yaratmaydimi?

Vazirlikning bugun tarqatgan axborotida bemorda COVID-19 infektsiyasi aniqlanmagani, u jigar sirrozi tashxisi bilan davolangani, koronavirus infektsiyasiga olingan tahlil unda gumon natijani qayd etgani bois surtma namunalari 31 may kuni maxsus laboratoriyaga yuborilgani bildirilgan. Xo’sh, qaysi axborotga ishonish mumkin?

Diqqat qilgan bo’lsangiz, bemor 10 maydan 30 mayga – 20 kun davomida 5 ta shifoxonaga murojaat etgan! Bu orada qancha fuqarolar, tibbiyot xodimlari bilan muomalada bo’lgan, Kitobga – uyiga borgach, oila a’zolari, do’stu birodarlari… Kamiga, mayitini dafn marosimi (yuvish va ko’mish)da ko’pchilik ishtirok etgani aytilmoqda!

Eng ayanchlisi va kishini xavotirga qo’yadigan jihat shundaki, bugungi pandemiya sharoitida, yana deng, pnevmoniya tashxisi bilan kelgan bemor nega buncha sarson qilingan? Nega qat’iy karantinga olinmagan? Nega uning salomatligi va yurtdoshlarimizning xavfsizligi ta’minlanmagan?! Nega tegishli idora va tashkilotlar bunga befarq bo’lishdi?

Xullas, savollar ko’p. Sog’liqni saqlash vazirligidan esa holat yuzasidan javob kutamiz.

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.