363      0     Iqtisod

Binosi yo‘q mahallalar kimga xizmat qiladi?

Mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari ish faoliyati samaradorligini oshirish uchun ularga munosib sharoit yaratish, tizim moddiytexnika bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar xususida juda ko‘p va xo‘p gapirilmoqda. Ammo hanuz e’tibordan chetda qolayotgan boshpanasiz yig‘inlar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun aytish lozimki, bugungi kunda Farg‘ona viloyatidagi mavjud 1041 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 139 tasi o‘z binosiga ega emas. 80 ta mahalla fuqarolar yig‘ini esa turli tashkilotlar, xususiy tadbirkorlar balansida bo‘lgan binolarda, 40 tasi ta’lim va tibbiyot muassasalarida, 7 tasi hokimiyat balansida bo‘lgan binolarda, 12 tasi esa qo‘shni mahalla fuqarolar yig‘inlarida bir amallab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich Farg‘ona shahrida 17 tani tashkil qilsa, Farg‘ona tumanida xizmat binolariga ega bo‘lmagan mahallalar soni 20 tani tashkil etadi. Ta’mirtalab, katalakdek xonada, oddiy sharoitlarga ega bo‘lmagan yig‘inlar ostona hatlab kelgan kishini o‘tqazgani joy topolmay sarson.

Mahalla binosi uchun «jang» tugadimi?

Farg‘ona shahridagi «Iftixor» mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga egalik qilish borasida boshlangan «jang» mana besh yildirki, o‘z intihosini topgani yo‘q. Mahalla mas’ullari sudma-sud yurib, sillasi quridi. Ikki o‘rtadagi tortishuv, qog‘ozbozlik haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Mustaqillik ko‘chasi, 81-uyda joylashgan xonadon 1990 yilda Farg‘ona shahar ijroiya qo‘mitasi maxsus qarori bilan mahalla fuqarolar yig‘ini uchun sotib olingan edi. Ammo fuqarolar yig‘ini sobiq raisi oila a’zolari bu binoga egalik qilish huquqi borligini tasdiqlovchi oldi-sotdi shartnomasi borligini da’vo qilib, fuqarolik sudiga murojaat qilishgan. Sud dam u tomonning, dam bu tomonning haq-huquqlarini himoya qilib, qaror chiqarayotganiga ham besh yil bo‘ldi.

Umumiy maydoni 3,5 sotix bo‘lgan yig‘in binosining devorlari nurab, ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Xodimlar uchun ish xonalari yetishmaydi. Suv va boshqa zarur kommunikatsiya tarmoqlarining abgor ahvoli haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Mahalla binosining bu holga kelib qolishining asosiy sababi egasizlik, e’tiborsizlikdan boshqa narsa emas.

— Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining hal qiluvchi qarori bilan mahalla binosi mahalla ixtiyorida qoladigan bo‘ldi, — deydi fuqarolar yig‘ini raisi Ma’murjon So‘fiyev. — Shu kunga qadar mojaroli joyga egalik qilish, ta’mirlash, xodimlar uchun sharoitlar yaratish, qayta qurish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga jazm qila olmayotgandik. Yillar davomida muammoga aylangan masalaga qonuniy yechim topilgani biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Endi hammasini boshidan boshlaymiz.

Katta shaharda bunday mojaroli hovli-joyni makon tutgan boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlari ham bor. «Bahor», «Soy bo‘yi», «O‘zbekiston», «Shodlik», «Ma’rifat», Nodirabegim singari mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘z joylariga ega chiqolmay sarson. Mahalla binolari qurilishi uchun joy, mablag‘ masalasi hanuz og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Quray desa qurib bo‘lmaydi, buzay desa…

— Fuqaroga tegishli bo‘lgan hovli joyda ishlab kelayotganimizga ham o‘ttiz yil bo‘lyapti, — deydi «Soy bo‘yi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nazira Mirzayeva. — Mahalla uchun joy yo‘q. Ikki xonali uyga bir amallab joylashib olganmiz. Profilaktika noziri uchun esa xona yo‘q. Shu bois u qo‘shni mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tiradi. Uy-joy egasining ruxsatisiz binoni buzib, qayta qurish mumkin emasligini aytishyapti. Nima qilishni bilmaymiz. Na qurib bo‘ladi, na buzib. Holbuki, mahallamizda bu boradagi ishlarga xayrixoh bo‘lgan tashabbuskor kishilar ko‘p. Faqat bino qurilishi uchun huquqiy vakolat berilsa bas.

— Shu paytga qadar mahalla binolari uchun yer maydoni ajratish, qurish uchun mablag‘ yo‘naltirish, balansdan-balansga o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar mahalliy hokimiyat ko‘rsatmasi asosida amalga oshirib kelingan, — deydi Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Farhod Jo‘rayev. — Shu bois bu masala avvallari ham ko‘tarilgan, kun tartibiga qo‘yilgan. Lekin uning ijrosiga kelganda mablag‘ yetishmovchiligi, zaxira yerlarning yo‘qligi, davlat dasturiga kiritish kabi masalalar tufayli ish paysalga solib kelingan. Prezidentimizning «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va unda ko‘rsatilgan vazifalar bu boradagi mavjud muammolar yechimida qo‘l keldi. Joriy yilning o‘zida turli tashkilot hisobidagi binolarda faoliyat olib borayotgan 16 ta mahalla fuqarolar yig‘ini shahar hokimining qarori bilan o‘z hisoblariga o‘tkazib beriladi. Bu ishlar yana davom etadi.

15 ta mahalla internet tarmog‘iga ulangan, xolos

Shu kunga qadar viloyat, shahar va tumanlarda 22 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida qurildi. Garchi biroz kech bo‘lsa-da, boshpanasiz mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun bino qurilishi borasida boshlangan amaliy sa’y-harakatlar muammolar yechimida qo‘l kelayotgani ko‘pchilikni xursand qilmoqda biroq, bu – mavjud muammolar yechimi uchun yetarli emas. Jumladan, bugungi kunda fuqarolar yig‘inlarining faqat 15 tasigina internet tarmog‘iga ulangan, xolos. 258 ta mahalla o‘z binosiga ega, ammo kadastr hujjati yo‘q. Yoki kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, biroq hujjatni olishga moliyaviy imkoniyati bo‘lmagan yana shuncha mahalla fuqarolar yig‘ini bor.

Bundan ko‘rinadiki, yillar davomida e’tibordan chetda qolgan mahalla hayotidagi bu dolzarb masalalar o‘z yechimini kutib turibdi. Shunday ekan, biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Rasul KAMOL
«Mahalla»

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.