90      0     Jamiyat

Chaqaloqlarni nima sababdan pullashmoqda?

Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot bola sotish jinoyati ustida ushlanganlar haqida xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Sabablarga kelganda kimdir moddiy qiyinchilik, boshqasi nikohsiz orttirilgan farzand ekani bois tavqi la’natdan qutulish uchun bu ishga qo‘l urganini aytadi. Aslida, bu jirkanch holatni hech qanday vaju korson bilan haspo‘shlab yoki oqlab bo‘lmaydi.

Masalaning yana bir tarafi borki, bola asrab olish bilan bog‘liq jarayonlar bizning yurtimizda murakkabligi ta’kidlab kelinadi. Balki shu boisdan odamlar turli yo‘llar orqali, tug‘ruqxonalardagi tanishlarini ishga solish vositasida bola asrab olishga, to‘g‘rirog‘i, bolani hujjatda o‘zini qilishga intilishar.

Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning ma’lum qilishicha, chaqaloq savdosi jinoyatlari 2019 yilda Sirdaryo, Xorazm viloyatida beshtadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida to‘rttadan, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida uchtadan sodir etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan, ammo bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq holatlar yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, 2018 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 foizini chaqaloq savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan.

Chaqaloqni sotish sabablari o‘rganilganda 19 ta holatda oilaviy sharoit og‘irligi, bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3 ta holatda uy-joy olish, 9 ta holatda o‘z aybini yashirish va 10 ta holatda moddiy manfaat uchun bunga qo‘l urilgani ma’lum bo‘lmoqda.

Chaqaloq savdosi jinoyatida ishtirok etgan shaxslarning 10 nafarini yoki jami vositachilarning 32 foizini tibbiyot sohasi vakillari tashkil etadi.

Umuman, 2019 yilda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 72 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lib, shundan 62 nafari, ya’ni 86 foizini ayollar tashkil qiladi.

Essiz, ona degan nom, essiz ayollik sha’ni, essiz oq xalat…

Feruza Egamova

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.