589      1     Deputat fikri, Siyosat

Deputat: Ichki ishlar — ichimizdagi ishkalmi yoxud xiyonat?

2005 yildagi Andijon voqeasi meni qanchalik larzaga solib yig‘latgan bo‘lsa, kuni kecha yana shu hududda sodir bo‘lgan xunrezlik meni nafratlantirdi. Birinchisida Vatanni asrashga otlangan xalq, bugun o‘z farzandi o‘limiga sababchi bo‘lib turibdi.

2005 yildagi Andijon voqeasi sababchilarini «Vatan xoinlari» deb atadik. Kechagi holatda yoshgina ayolini tul qoldirib, 3 ta norasidani yetim qilganlarni kim yoki nima deb ataymiz?! Pandemiyada davrida shifokorlardan keyin qahramonlikka da’vogarlar shular emasmidi?!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi Farmonida ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish masalasi ustuvor etib belgilangan edi. Afsuski, aynan “belgilanganicha” qog‘ozda qolib ketganligining guvohi bo‘lib turibmiz.

Ba’zi hamkasblarim vazirning iste’fosini talab qilmoqdalar. Bir kishining iste’fosi bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Tizimda bir nafar bo‘lsa ham “psixologik buzilgan” xodim bo‘lar ekan, bu tuzilma oxir oqibat baribir tanazzulga uchraydi. O‘ziku parokanda bo‘lsa mayli-kuya, necha insonlar hayotiga zomin bo‘lishi kishini dahshatga soladi.

Ko‘p o‘ylandim. Ichki ishlar organi degani bu bizning ichki organizmimiz, qo‘l bilan ushlab bo‘lmas, ko‘z ilg‘amas vijdonimiz, qalbimiz bo‘lishi kerak. Lekin bu organ ishlamasa, xiyonat qilsa — men bunday organizmni vujudimdan yulib tashlayman. Toki yangi, hayotbaxsh to‘qima paydo bo‘lmas ekan, nobud bo‘lgan vatandoshimning ayoli va farzandlarining ko‘ziga tik qarolmayman.

Gulruh Agzamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

1 ta fikr bildirilgan

  1. Ichki ishlar tizimida, e’tibor qaratsak har oyda bitta (kamida) «qovun tushirmoqda». Byurokratiya hamon kuchli jihatlari ham yo’q emas. Qonun himoyachilarimi yoki inson. Qonun, islohot islohot uchun emas avvalo inson uchun tamoyilini hammasi ham tushunmayaptimi?

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.