161      0     Jamiyat

Farzandingiz telefonida nima bor?

Yurtimizda pandemiya sabab onlayn-darslar yo‘lga qo‘yilishi ota-onalarga farzandlari bilan ko‘proq birga bo‘lish, ularni kuzatish imkoni paydo bo‘ldi. Shu bilan birga ayrim ota-onalar o‘g‘il-qizlari foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy holat, ya’ni ko‘ngilni xira qiladigan manzaralarga ham, taassufki, guvoh bo‘lishdi.

Uzoqqa borishning hojati yo‘q. Ismini oshkor qilishimni istamagan bir tanishim ana shunday onlay-darslarga qadar 9-sinfda o‘qiyotgan o‘g‘li foydalanayotgan ijtimoiy tarmoq tugul, qo‘l telefonini biror marta tekshirib ko‘rmaganini tan oldi. Tabiiyki, allaqachon o‘z “MEN”iga ega bo‘lib borayotgan o‘g‘ilning telefonidagi allambalo qiliqlar, hayvonlar qiyofasidagi suratlar, vahshiylik ruhidagi video tasvirlar, sovuq qurollar fotolari onaning ko‘zini ochgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, ota-onaning vazifasi bolani moddiy ta’minlashdangina iboratmi? Faqat moddiy jihatdan to‘kis ulg‘ayib, ma’naviy tarbiyasi ong ostida “zang”lab borayotgan bola jamiyatga qay xislati bilan foyda keltiradi? Ota-onaga, bobo-buvilarga-chi?

Kattalar e’tiborsizligi oqibatida yoshlar o‘rtasida turli mudhish hodisalar ro‘y berayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, inglizlarda esa “Bolalaringni tarbiya qilma, ular baribir senga o‘xshashadi. O‘zingni tarbiya qil!” degan maqol bor. Demak, tarbiyadagi xato-kamchiliklarga beparvolik sabab bo‘layotganini vaqtida anglab yetishimiz kerak. Ha, kundalik turmushning tashvishi ko‘p. Ba’zan, farzandlarga-da vaqt ajrata olmayotganimiz ham bor gap. Natijada ma’naviy nazoratni qo‘ldan boy beryapmiz.

Odatda 14-15 yosh bolalar ruhiyatida o‘zgarishlar ro‘y beradi, — deydi psixolog Dildora Rahimova. — Shu yoshda ular uchun ota-onaning har bir qadami, hatti-harakati andoza. Bu esa kattalardan farzandlariga imkon qadar do‘st sifatida muomala qilishni, ular muammolari, kechinmalarini bemalol ota-onasiga ayta oladigan muhit yaratishni talab etadi. O‘smirga nisbatan ota-onaning o‘ta qattiq qo‘l bo‘lishi ham yaramaydi. Negaki, aynan oiladagi “cheklovlar” bolada qiziqish uyg‘otadi. Qolaversa, bolada shakllanib kelayotgan “MEN”ni “sindirib” qo‘yishdan ham ehtiyot bo‘lish zarur. Bu farzandning ota-onadan uzoqlashishiga olib keladi. Cheklovni to‘g‘ri shakllantirish kerak. Nazoratni boshqacha usulda olib borish lozim. Masalan, behayo so‘zlar yoki suratlardan foydalanayotgan o‘spirinda ehtiros kuchli bo‘ladi. Shu pallada uning hatti-harakatidan boxabar bo‘lish foydadan xoli emas. Ayni vaziyatda ota-ona bolaga halol va haromni ajratish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsa, farzandning qalbi ochiladi, ota-onadan uyaladi, tez xulosa chiqaradi.

O‘spirinlarda o‘zini ko‘rsatish hissi yuqori bo‘lib, ular qo‘lidan kelmaydigan narsa bilan ham maqtanishni yaxshi ko‘rishadi. Masalan, turli sovuq qurollar aks etgan suratlarga qiziqishi bolaning ichki ishonchi hali to‘liq shakllanmaganidan dalolatdir. Bu ishonchni ijobiy qarash yordamida shakllantirish esa ota-onaning zimmasida.

Jadidchi bobolarimiz aytganidek, tarbiyada mayda narsaning o‘zi yo‘q. Guruchdan kurmakni ajratish vaqti keldi. Bugun, hozir bir-birimizga kerakmiz. Bolalarimiz bir doirada ulg‘aymoqda. Ulardagi axborat almashinuvi siz-u bizdan kuchliroqdir.

Nigora O‘rolova,
“Nuroniy” muxbiri

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.