108      0     Jamiyat

Fikr aytish betga choparlik emas!

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videolavha meni juda ta’sirlantirdi: Avstraliyaning Gugong shahrida mamlakat bosh vaziri Skott Morrison hukumat yangi uy quradigan yoki eskilarini ta’mirlaydigan fuqarolarga 17,5 ming AQSh dollariga teng miqdorida grant taklif qilmoqchiligini e’lon qilish uchun hududda jurnalistlar bilan uchrashgan. Muloqot jarayonida kadr ortidan erkak kishining “Yigitlar, iltimos nihollarni bosmanglar, o‘zi yaqindagina ekkandim”, degan ovozi eshitiladi. Shunda bosh vazir uy egasidan uzr so‘rab, jurnalistlarga chetroqqa o‘tishni taklif etadi va matbuot anjumanini davom ettiradi.

Davlatimiz rahbari ham har doim mutasaddilarga muammolarni o‘rganishda aholi bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lish, ularning taklif va istaklarini inobatga olish kerakligini ta’kidlaydi. Hududlarga qilgan tashrifi chog‘ida ham o‘zlari ham aholi bilan yuzma-yuz, ochiq muloqotda bo‘ladi.

Yaqinda Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida farg‘onaliklarga qarata “Men qisqa, sizlar ko‘proq gapirsalaringiz to‘g‘ri bo‘ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo‘lib bo‘lgan — bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qo‘yyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo‘lmaydi. Tumanlarga o‘zim borishimning sababi — odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan o‘tkazib, aniq choralar ko‘rish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish. Har kuni bunday uchrashuv bo‘lmaydi. Masalalarni qat’iy qo‘yinglar”, degan talabi fikrimiz isbotidir.

Ba’zan ayrim amaldorlar biror hududga borib qolsa, hamma joyni “gullatib-yashnatish”ga kirishiladi, oxirgi marta qachon supurib-sidirilgani yoddan chiqqan burchaklarga ham supurgi tegib, jazirama daraxtlar ekiladi. Xullas, kamchiliklarni xas-po‘shlashga kirishamiz.

Muammolarni o‘rganish, xalq dardini aritish uchun kelgan amaldor esa (tan olish kerak, bugun chin ma’noda xalq dardi bilan yashayotgan rahbarlar ham ko‘p), o‘ziga ko‘rsatilgan izzat-ikromdan mast bo‘lib, “hammasi joyida” qabilida olqish olib, ortga qaytadi. Eng yomoni, shu zayl amaldorlar bilan xalq o‘rtasidagi bo‘shliq paydo bo‘ladi.

Savol tug‘iladi: biz hamon eskicha fikrlash bilan ovora bo‘lib qolmayapmizmi? Haqiqatni gapirish, muammoni o‘rtaga tashlashni noshukrlikka, erkin fikr bildirishni betga choparlikka yo‘yishni qachon to‘xtatamiz?

Xullas, o‘z manfaatini o‘ylaydigan ayrim amaldorlar tegirmoniga suv quyaverar ekanmiz, yuqorida misol keltirganimiz — oddiy avstraliyalikning hatti-harakati biz uchun orzuligicha qolaveradi.

Zebiniso HAYITOVA

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.