565      0     Dolzarb, Jamiyat

«ILHAQ» YIG’LATDI!

«O’zbekkino»da bir necha oydan beri OAVda reklamasi aylanayotgan «Ilhaq» badiiy filmining kichik davrada ilk premyerasi bo’lib o’tdi. Taniqli adib, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Alinazar Egamnazarov asari asosida suratga olingan ushbu kinofil`mni ko’rgan
har qanday toshyurak odam ham ko’ziga yosh olishiga shubham yo’q. Sababi, bugungi mustaqillik farzandlari deb atalayotgan avlod urush neligini tasavvur ham qila olmasligi tabiiy.
Hafsalasi yetganlari kitob, kinoasarlar orqali Ikkinchi jahon urushi dahshatlaridan voqif bo’lgandir. Lekin aksariyati shu kunlarda sal kam bir asr bilan yuzlashayotgan, mamlakat miqyosida oladigan bo’lsak, bir necha yuz nafardan oshadigan bobolari butun dunyoni zir titratgan talotumning tirik guvohlari, jabrdiydalari ekanligini baholi qudrat angaydi xolos.

Bugun oramizda 50-60 yoshdan oshgan insonlar so’nggi urush qurbonlari, ishtirokchilarining vorislaridir. Ko’pchiligi ularning qanday ko’rgiliklarga duchor bo’lganini anglaydi ham.
Xullas, ushbu kinoasarda, mubolag’asiz aytish kerakki, O’ZBEK xalqining milliy o’zligi, qiyofasi, o’lmas an’analari, mardligi, sadoqati go’zal tarzda ochib berilgan. Fil`m ijodkorlari(ularni ekranlarda ko’rib tanib olasiz)ning yana bir kutilmagan yutug’i shuki, «Ilhaq»da biz har kuni ko’raverib, ko’zimiz o’rganib qolgan «kunda-shunda» aktyorlar deyarli kam, ko’pchiligi yangi qiyofalar va bu kinoning muvaffaqiyati deb o’ylayman.

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, fidoyi inson Dilorom Karimova(biz bu latofatli, xokisor, jonkuyar ayol bilan televidenieda birga ishlaganmiz) talqinida Zulfiya obrazi nihoyatda original tarzda ochib berilgan. Yana…

«Ilhaq» yig’latdi meni. Boshqalarni ham, garchi hammamiz tibbiy niqobda bo’lsak ham shundoq nafas olishlar, xo’rsiniq va bo’g’zimizga tiqilgan ko’z yoshlar shundoq sezilib turdi. Shaxsan menga bu fil`m juda qattiq ta’sir qildi: rahmatli otam umrining so’nggi nafasiga qadar ana shu battol urushda bedarak ketgan ikki akasini yig’lab eslardi. Buni qarangki, otam dunyodan o’tganidan so’ng(1990 yil) men farzandlarim bilan Mustaqillik maydoniga o’rnatilgan 1941-1945 yillarda halok bo’lganlar ismi-shariflari bitilgan memorial kitobda, 1998 yillar edi shekilli, amakim Meyli Jalilovning ismi-sharifini o’qib…dunyoga sig’may yig’lagan edim…

«Ilhaq», aytish joizki, xalqimizning urush yillaridagi haqiqiy qahramonligiga qo’yilgan o’ziga xos haykaldir.

Norkobil Jalilov

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.