106      0     Jamiyat

IMTIYOZ EMAS, BILIM UCHUN KURASH BO‘LSIN

Joriy yilda quyidagi toifadagi abituriyentlar uchun alohida davlat granti asosida kvota belgilanibdi: nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun – 2068, harbiy qo‘mondonlik tavsiyanomasi bo‘lgan shaxslar – 928, Harbiylarning farzandlari uchun – 2068, ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun – 551, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun – 1035, ijtimoiy kam ta’minlangan toifadagi xotin-qizlar uchun – 940, So‘x tumanida yashovchi bitiruvchilarga – 500 o‘rin ajratilibdi. Imtiyozli shartlarda davlat granti asosida jami 8694ta o‘rin ajratilmoqda (o‘tgan yili qariyb 5 mingta edi).

Ushbu ro‘yxat bilan tanishib, qishloq sharoitida moddiy sharoiti to‘kis bo‘lmagan, ta’lim tizimi haminqadar takomiliga yetkazilgan muhitda o‘qiyotgan, shuning barobarida mol-holga, ro‘zg‘orga qarashib, yo‘l-yo‘lakay oliy ta’lim olish istagida imtihonga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlarga ichim achidi, rosti.

Ishonmasangiz borib ko‘ring: ko‘cha changitib yurgan, bekorchixo‘ja yigit-qizlarni topa olarmikansiz? Qishloqda hammaning o‘z ishi, vazifasi bor. Shahar bolalari kabi turfa to‘garaklarga qatnasha olmaydi, til o‘rganish, nisbatan sifatli ta’lim, tezkor internet ularga orzu bo‘lib qolmoqda. Buni, ya’ni joylardagi sharoitni ta’lim sohasi mutasaddilari bilmaydilarmi?

Avval abituriyentlar zulfiyachilar va armiyachilar topshirmaydigan yo‘nalishlarga hujjat topshirishga harakat qilishsa, ajablanardik. Chunki bunday imtiyozga ega bo‘lganlar, albatta, talaba bo‘lardi. Boshqalar esa keyingi yil imtihonlarini kutardi. Endi bu ro‘yxat tobora uzunlashdi. O‘z bilimidan boshqa suyanadigan tayanchi bo‘lmagan abituriyentlarning davlat grantida o‘qish orzusi esa…

Qolaversa, oddiy mantiqqa e’tibor qaratishni istardim, ya’ni farzandini kontrakt asosida o‘qitish kambag‘al oila a’zolarining qo‘lidan kelmasligi aniq. Imtiyozlilar ro‘yxatidagi harbiylar va ichki ishlar xodimlarining farzandlariga chinakamiga “Quyosh kulibdi”.

Mening fikrimcha, oliy o‘quv yurtiga kirish borasidagi imtiyozlar ro‘yxatida imkoniyati cheklanganlar va bolalar uylari tarbiyalanuvchilar bo‘lgani ma’qul. Qolgan hamma abituriyentlarga mutlaqo teng sharoit va teng imkoniyatlarni ta’minlash zarur. Shunda hammasi adolatli bo‘ladi, yosh avlod soha mutasaddilaridan qalban rozi bo‘ladi. Toki farzandlarimiz imtiyozlar uchun emas, to‘laqonli va mukammal ilm uchun raqobat qilsinlar, halol kurashsinlar.

Feruza EGAMOVA

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.