96      0     Deputat fikri, Dolzarb

IMTIYOZLAR

farzandlarda ota-onasi mavqeiga nisbatan salbiy fikr uyg‘otmasligi kerak

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar idoralari tizimidagi xodimlar farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz berilishi ijtimoiy adolat tamoyiliga qanchalik to‘g‘ri keladi, bunda boshqa kasb egalari farzandlarining qalbi sinmaydimi, kabi savollar muhokama markazida bo‘ldi.

Ota-onalar bu kasb egalari farzandlariga berilgan imtiyozlar sababini voyaga yetgan farzandiga amal-taqal tushuntirishi mumkindir, ular ham noiloj ko‘nar, tushunishga harakat qilar, lekin masala murg‘ak qalb – endigina boshlang‘ich sinflarni tamomlab, Ichki ishlar vazirligi ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga kirmoqchi bo‘lgan bolajonlarga borib taqalganda, bunday imtiyozlar sababini qanday tushuntirasiz?

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatga xodimlar va boshqa fuqarolarning umumta’lim muassasalari 4-sinfini tamomlagan farzandlari (o‘g‘il bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq, tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda jamoat tartibini saqlash, jangovar harakatlar, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazish, favqulodda holat tartibini huquqiy ta’minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etayotgan vaqtda halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari o‘qishga tanlovsiz qabul qilinadi.

Balki tanlovsiz qabul qilinadiganlar toifasiga ota yoki onasi vafotiga ichki ishlar tizimi xodimlarining psixologik yoki jismoniy bosimi sabab bo‘lgan oila farzandlarini ham kiritish adolatdan bo‘lar?

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatning bir o‘quv yili uchun qabul kvotasi 50 o‘quvchini tashkil etib, tarkibning 80 foizi tizim xodimlari va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandlariga ajratiladi.

Demak, kvotada belgilangan 50 o‘quvchining 40 nafari xodimlar 10 nafari esa boshqa fuqarolar farzandi bo‘lishi kerak. Shu nisbat belgilanishiyoq teng huquqlilik buzilganini ko‘rsatmaydimi?

Tanlov 100 foiz (qaysi kasb yoki hunar egasi farzandi bo‘lishidan qat’i nazar) erkin bo‘lishi kerak, demoqchi emasman. Agar shunday bo‘lsa, boshqa fuqarolar farzandlari uchun belgilangan 20 foizlik kvota ham xodimlar farzandlari bilan to‘ldirilishi mantiqan to‘g‘riroq. Demak, bu nisbat hech bo‘lmaganda 50/50 bo‘lishi lozim.

Endi o‘ylab ko‘raylik, kuchli o‘nlikka kira olmagan boshqa fuqarolar farzandlari “Qaniydi, mening dadam ham melisa bo‘lganda?..”, deb o‘ylashi tabiiy. Nima deysiz, imtiyoz ortidan farzandda o‘z ota-onasiga, uning mavqeiga nisbatan salbiy fikr uyg‘onib qolmayaptimi?

Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.