611      0     Salomatlik

Inson a’zolarini transplantatsiya qilish (ko‘chirish) amaliyoti joizmi?

Zamonaviy tibbiyotda inson tana a’zolarini boshqa bemorga ko‘chirib o‘tkazish orqali davolash amaliyoti keng rivojlangan. Ko‘pchilik dardmandlar bu usul yordamida shifo topishayotgani, hayotiy qobiliyatini tiklashayotgani sir emas. Ammo mo‘min-musulmonlarda savol tug‘iladiki, Alloh taolo har birimizni o‘ziga xos ko‘rinishda va holatda yaratgan ekan, bir odamning tanasiga boshqa birovning a’zosini joylashtirish, ya’ni insonning jismiga o‘zgartirish kiritish Yaratuvchi zotning irodasiga qarshi borish bo‘lib qolmaydimi?

Yoki o‘z organini bemorga berayotgan kishi vujudidagi mukammallikka putur yetkazish hisoblanmaydimi? Albatta, islom olami ulamolari tomonidan bu masala atroflicha ko‘rib chiqilib, unga oid batafsil shar’iy hukmlar chiqarilgan.

Tana a’zolarimiz Allohning mulki hisoblanadi

Alloh taolo insonga barcha jonzotlardan ko‘ra ulug‘lik, mukarramlik darajasini bergan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik» («Isro» surasi, 70-oyat).

Ushbu oyat mazmuni shundan dalolat beradi: inson va uning a’zolari mukarram, hatto vafot etgan kishining hukmi ham shundayligicha qoladi, ya’ni vafot etgan kishining jasadini xo‘rlash yoki biror a’zosini kesib olish katta gunoh sanaladi. Bu yerda gap inson a’zolari savdo moli hisoblanmasligi va shuning uchun uni sotish joiz emasligi haqida ketmoqda. Haqiqatan, tana a’zolarimiz bizning mulkimiz emas, ular Allohga tegishlidir. Shu bois ularni sotishga shar’an ruxsat berilmaydi, evaz ham olinmaydi. O‘z navbatida, insonning a’zolari vorislariga ham mulk emas, ular ham mayitning a’zolarini sota olmaydilar. Qolaversa, odam a’zolarini sotish uning hurmatiga, mukarramligiga zid keladi.

Shariatimizdagi yana bir asl qoida: musulmon kishi xoh tirik, xoh o‘lik bo‘lsin, unga jarohat yoki kesish bilan ozor berish harom hisoblanadi. Ba’zan ichki a’zolarini pullash maqsadida odamlarning, xususan, bolalarning o‘g‘irlanishi haqida eshitib qolamiz. Mazkur holat bir qancha gunohlarga dalolat bo‘ladi. Bu yerda odamning joniga qasd qilish bor. Qur’oni karimda bir odamni nohaq o‘ldirish barcha odamlarni o‘ldirishga barobarligi aytilgan. Buning ustiga, shariatimizda mol (tovar) deb hisoblanmagan narsa (odam a’zolari)ni sotish – harom pul topishdir. Bu razil qilmish uchun Allohning ulkan jazosi borligini aytib o‘tish joiz.

O‘zganing hayoti uchun juda katta manfaat bo‘lsa joiz

Ulamolar «insonga manfaat berish va undan zararni daf qilish» shar’iy qoidasini asos qilib olgan holda inson a’zolarini transplantatsiya qilish (ko‘chirish) amaliyotini joiz deb topishgan. Faqat sharti shuki, amaliyot jarayonida boshqa bir insonni halokatga duchor qilmaslik zarur.

Ta’kidlash joizki, bu o‘rinda sog‘lom kishi boshqaning hayoti uchun juda katta manfaat borligi sabab, o‘z a’zolarini olib, muhtojga qo‘yishga ruxsat berishi mumkin. Aynan bu narsa insonning a’zolari mukarram ekanini saqlash tushunchasiga zid emas.

A’zoni ko‘chirish amaliyoti uchun ikki taraf muvofiq kelgan bo‘lishi va tegishli shartlar bajarilishi talab etiladi. Birinchidan, biror a’zosini hadya qiluvchi odamning a’zosi olinganda uning hayoti xavf ostida qolmasligi lozim. Ikkinchidan esa, o‘z a’zosini hadya qiluvchi odam ixtiyoriy ravishda bo‘lishi, hech kim tomonidan majbur qilinmasligi lozim. Keyingi shart — a’zoning ko‘chirilishiga sabab haqiqatan ham, muhtoj bo‘lgan bemorning kasalligi tibbiyot jihatidan faqat shu yo‘l bilangina tuzalishi mumkin, degan xulosaga kelingan bo‘lishidir. Oxirgisi, a’zosi olinayotgan va yangi a’zo qo‘yilayotgan ikki taraf uchun ham jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda o‘tishi va kutilgan natijaga erishilishi tajribalarda kuzatilgan va unga ishonch hosil qilingan bo‘lishi zarur.

Sha’n, obro‘ va hayotga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak

Esdan chiqarmaslik kerakki, shariatda ko‘chirish mumkin bo‘lmagan a’zolar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ular quyidagilar:

– bir insonning nasli boshqasiga o‘tishiga sabab bo‘ladigan irsiy a’zolar, shu sifatlarni tashuvchi va homilaga sabab bo‘luvchi a’zolar;

– insonning yashashiga bevosita bog‘liq bo‘lgan yurak kabi a’zolar;

– insonning to‘kis yashashiga bilvosita bog‘liq bo‘lgan ko‘z qorachig‘i kabi a’zo.

Umumiy aytganda, inson sha’ni, obro‘si va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tibbiy amaliyotlarning barchasi shar’an ta’qiqlanadi.

Aziz va mukarramligimizga dalolat

Islom Konferentsiyasi Tashkiloti huzuridagi Islom Fiqhi Akademiyasi qaroriga ko‘ra, shuningdek, o‘lgan odamning biror a’zosini shu a’zoga muhtoj bemorning hayotini saqlab qolish uchun tibbiy amaliyot bilan ko‘chirib o‘tkazish joiz, hatto avlodir. Faqat a’zosi olinuvchi mayit bunga tirikligida ruxsat bergan bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, tirik inson organizmining biror qismini o‘zining boshqa bir joyiga ko‘chirib olib o‘tkazish zarurat yuzasidan joiz hisoblanadi. Masalan, terisi, suyagidan olib, boshqa joyiga ulash, yamash mumkin.

Xulosa qilib aytganda, muqaddas islom dinimizda inson a’zolarini boshqa tanaga ko‘chirish masalasi o‘ziga xos va adolatli tarzda hal qilingan. Bunda kishi uchun faqat foydali jihatlar inobatga olingan. Eng muhim nuqtasi — a’zo ko‘chirilganda ham sotilmaydi, balki tabarru’ (ehson) qilinadi. Shu o‘rinda Alloh nazdida insonning aziz va mukarram sanalishiga, jumladan, tana a’zolarimiz ham bebaho qadrga egaligiga yana bir bor imon keltirishimiz mumkin.

Muhammadyusuf domla TO‘RAQULOV,
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani bosh imom-xatibi.

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.