84      0     Jamiyat

Kim aybdor: haydovchimi yoki yo’lovchi?

Ma’lumki, joriy yilning 8 iyun sanasidan Respublika maxsus komissiyasi tomonidan “sariq” va “yashil” hududlarda shahar (tuman) va shahar atrofi yo’nalishlari bo’yicha avtobus harakatlariga ruxsat berildi.

Tabiiyki, ushbu yengillik bir tomondan aholini mamnun qilgan bo’lsa, boshqa jihatdan odamlar to’planishi va epidemiya tez tarqalishiga olib kelish xavotirini kuchaytirdi.

Tan olish kerak, ayni payt qatnovi yo’lga qo’yilgan avtobuslarda kuzatilayotgan holatlar bu xavotirlar bejiz emasligini ko’rsatmoqda. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda yo’lovchilar bilan liq to’la avtobuslar surati joylanib, ostiga jamoat transportida karantin talablariga rioya qilinmayotgani, ayrim avtobuslarda ijtimoiy masofa saqlanmayotgani haqida izohlar qoldirilmoqda. Shundog’am aholi orasidan aniqlanayotgan bemorlar soni rekord darajaga ko’tarilgan ayni kunlarda bunday voqealar har qanday kishini qattiq tashvishga solishi tayin.

Hamyurtlarimizning bu boradagi e’tirozlariga javoban, “Toshshahartransxizmat” AJ (https://t.me/tshtxuz) quyidagicha munosabat bildirdi:

“Koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablari yumshatilishi belgilangan me’yorlar bekor qilindi, degani emas. Afsuski, avtobuslar harakati yo’lga qo’yilgan dastlabki kunlarda ayrim yo’nalishlarda karantin qoidalari qo’pol ravishda buzilishi holatlari kuzatilmoqda”.

To’g’ri, mas’ullar yo’lovchilarni avtobusda, albatta, tibbiy niqobda bo’lish, salonda ijtimoiy masofani saqlashga chaqirmoqda. Qizig’i shundaki, “Toshshahartransxizmat” AJ yo’lovchilarni ogohlantiribdi-yu, haydovchilarga bunday vaziyatda nechtagacha yo’lovchi olish, karantin qoidalariga rioya qilish maqsadida odamlarni qay tartibda joylashtirish kerakligini aytishni unutibdi.

Umuman, avtobus sahnida ijtimoiy masofa saqlashning tartibi qanday? Nima uchun jamoat trantsportlarida me’yoridan ortiq odam olinmoqda? Buni kim nazorat qiladi? Ilgari chiptachilar kunlik rejani bajarish vajidan salondan chiqib ketar darajada yo’lovchi olishga “majbur edi”. Endi-chi? Rejadan ozod haydovchi va chiptachi nimadan manfaatdor?

Shu o’rinda avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilganini qo’llab-quvvatlagan holda bir necha takliflarni ilgari surmoqchimiz. Negaki, hayot davom etmoqda, epidemiya qachon tugashi noma’lum. Demak, vaziyatga moslashish va immunitet hosil qilishimiz kerak.

Bizningcha, karantin vaqtida avtobusga yo’lovchi chiqarishda ma’lum bir me’yor belgilanishi kerak. Qolaversa, chiptachilar o’rniga yoxud ular bilan birga avtobuslarda sanitar xodim tayinlansa, maqsadga muvofiq bo’lardi. Shunda vaziyatni nazoratga olish imkoni tug’iladi.

Siz nima deysiz?

Zebiniso HAYITOVA

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.