413      1     Jamiyat

Kimning tavsiyasi?

Har qanday qarorning negizida qandaydir mantiq, asos va soha mutaxassislari bilan maslahatlashilgan bo‘lishi kerak. Osmondan olingan tartib-taomillar nafaqat samarasiz, odamlarda ortiqcha savollarning ko‘payishiga, ayniqsa, xarajatlarning ortishiga olib keladi.

Respublika maxsus komissiyasining yaqinda qabul qilgan qarorida aytilishicha, jamoat joylari va tadbirkorlik ob’yektlari hududlarida fuqarolar qo‘lqoplarda bo‘lishlari kerak. Garchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘lqoplardan foydalanishni tavsiya etmagan bo‘lsa-da, qo‘lqop kiyilishi shart.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori va Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh infektsionisti Erkin Musabayev bu talabga izoh berar ekan, qaror chiqarganlar “men bilan hech kim qo‘lqop borasida maslahatlashmadi. Agar maslahatlashganlarida, qaror biroz boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Nafaqat men bilan, balki qanaqadir sariq matbuotni emas, balki jiddiy ilmiy maqolalarni o‘qiydigan boshqa olimlar bilan ham maslahatlashilmadi”, deb fikr bildirgan.

@koronavirusinfouz kanali germaniyalik olimlar tadqiqotlari asosida hatto dezinfektsiyalovchi tonnellar COVID-19 koronavirus infektsiyasidan himoya qilmasligini e’lon qildi. Sababi SARS-CoV2 ko‘payishining asosiy o‘choqlari o‘pka va bronxlarda joylashgan. Tashqi dezinfektsiya samara berishi ehtimoli kamroq. O‘zbekistonda esa bunday tonnellar o‘rnatilgan. Aksariyati tadbirkorlarning mablag‘lari evaziga o‘rnatilgan. Bundan avvalroq, ko‘chalarni va ochiq maydonlarni dezinfektsiyalash orqali qanchadan-qancha resurs isrof qilingan edi.

Amerikaning Entoni Fauchi degani bosh infektsionisti bor. Pandemiya davrida nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda mashhur bo‘lib ketdi. Trampga yalloqilanmasdan, vaziyatga to‘g‘ri baho berishi, turli o‘zboshimcha davolash va qarshi kurashish choralariga qarshi qat’iy so‘zini aytishi bilan ham ko‘pchilikning hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bizda esa infektsionistlar hatto qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etmayapti. Qanchalik o‘rinli bilmadik, lekin bizda pandemiya davrida odamlar infektsionistning emas, ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlarining so‘zlariga amal qiladigan bo‘ldi.

Xo‘sh, Respublika maxsus komissiyasi u yoki bu tartibni joriy qilayotganda, nimaga asoslanib qaror chiqarmoqda? Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilmagan bo‘lsa, respublikaning bosh infektsionisti bexabar bo‘lsa. Kimning tavsiyasi bilan? Tonnel va qo‘lqop ishlab chiqaruvchilarning tavsiyasi bilanmi? Ayniqsa, ikkinchi to‘lqin boshlangan, karantin choralari kuchayishi ehtimoli kundan-kunga ortayotgan, tibbiyot tizimi bu «nagruzka» bardosh berishiga savollar ko‘payayotgan payti har bir qadam ilmiy asoslangan, siyosatchilarning gapi bilan emas, balki soha mutaxassislarining aniq-tiniq tavsiyalari bilan yo‘lga qo‘yilishi kerak, nazarimizda.

✍️Alisher Yusupov

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

1 ta fikr bildirilgan

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.