398      0     Jamiyat

Matbuot — hayot ko‘zgusi

Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda mutolaa madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki bugun yoshlarda kitobga, adabiyotga muhabbatni shakllantirmasak, kelajakda ulardan yuksak ma’naviyatni kutish amrimahol. Faqat chinakam adabiyotgina insonni ezgu qadriyatlarga oshno etadi, tafakkurini boyitadi, mulohazaga chorlaydi.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi shiddatli davr yoshlarda siyosiy ong va huquqiy savodxonlikni ham shakllantirib borishni talab etmoqda. Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga intilayotgan ekanmiz, bunda keng miqyosdagi yangilanishlar jarayoniga ularning daxldorligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi o‘tkazilar edi. Katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab bo‘lgandir, balki. Zero, har doim siyosiy tuzumning o‘zgarishi va qayta qurish jarayonlari odamlarga islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali kechgan. Va bunda bosh rolni aynan matbuot o‘ynagan. Tarixga nazar solsak, bunga yetarlicha misollarni ko‘rish mumkin. Bugunga kelib ayrim shaxslarning gazetalarga befarq munosabati esa ularning siyosiy bilim va madaniyati qanchalik darajada ekanligini ham ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda markaziy nashrlarda mamlakatimiz kundan-kunga bosib o‘tayotgan murakkab, ammo shonli va sharafli yo‘l aks etayotir. O‘zining gazeta o‘qimasligi haqida faxr bilan aytayotganlar bu yo‘lning hayotbaxsh nurlaridan, ulardagi rangorang jilolardan to‘la bahramand bo‘layotir, deya olmaymiz.

Axir aynan gazeta nafaqat bugungi kun panoramasini to‘liq ko‘rish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam berishi kundek ravshan-ku?! Gazeta xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning o‘zigina emas. Maqolaga har doim qaytish mumkin. Kerak bo‘lganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, o‘qiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo‘yish mumkin. Efirda ketgan ma’lumotlarni olganda bo‘lganidek nimanidir o‘tkazib yuborish zinhor mumkin emas.

Shu bilan bir qatorda, matbuotda ishlashning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Bitta maqola yoki axborot tayyorlanguncha necha kishining ko‘z nuri to‘kiladi, keyin sahifalanadi, har bir sahifa musahhihlar qo‘lidan o‘tkazilib, bosmaxonaga yuboriladi va tonggacha to‘liq bosmadan chiqariladi, oxirida tayyor mahsulot — gazeta o‘quvchilar qo‘liga yetib borishi uchun butun mamlakat bo‘ylab yuzlab odamlar jon koyitadi. Mas’ullar tun-allamahalgacha, yanayam aniqrog‘i, tongotargacha qolib ishlaydi. Eng qizig‘i, shu hol har kun takrorlanadi. Bunday ish tartibiga har qanday odam ham chidash berolmasligi aniq.

Izlasak, yurtimizda ham zamon talabiga ko‘ra faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar ko‘p. Keyingi yillarda gazetalarimizda muntazam ravishda iqtisodiy sharhlar berib borilyapti, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, islohotlar qanday borayotgani, Prezident Farmon va qarorlari odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani keng yoritilmoqda. Tahlil va sharhlar tayyorlash uchun milliy va xorijiy ekspertlar, siyosatchilar, turli soha mutaxassislari jalb etilyapti. Gazetalarimizga katta mas’uliyat yuklatilgan — u ham bo‘lsa, vatandoshlarimizga ertangi yorug‘ kunlar sari borayotgan yo‘lida hamqadam bo‘lish, ta’bir joiz bo‘lsa, hamrohi, sirdoshiga aylanishdir.

Jamiyatning madaniyati yuksalishida ham gazetaning o‘rni salmoqli. Negaki, aynan gazeta til sofligini, uning adabiy-badiiy xususiyatlarini, so‘z yuki va qudratini nafaqat saqlab qoladi, balki oshirib ham boradi. Bosma nashrda har bir so‘z chuqur va keng ma’no-mazmunga ega. Gazeta adabiy til qoidalariga to‘liq amal qilgani uchun ham qadrli. Aynan bosma nashrlarda ishlovchi jurnalistlar shu bois ham axborot maydoni elitasi hisoblanadi. Ular o‘z o‘quvchilari oldidagi yuksak mas’uliyatni his etgan holda, mulohazakorlik, haqqoniylik, halollik va burchga sodiqlikni faoliyatining asosiy tamoyillari deb bilishadi.

Xullas, gazeta o‘qishni xohlamaydigan kishi — hayotga panjaraning kichik bir tirqishidan qarashga mahkum inson kabidir.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash uchun ochiq maydon yaratildi. Bunday imkoniyatdan foydalanish yo‘lidagi turli g‘ovlar: ma’muriy, norasmiy cheklovlar deyarli olib tashlandi. Jamiyatda har kim o‘z fikrini bemalol bildirishi, murojaat va e’tirozlari, taklif hamda shikoyatlarini erkin ifoda etishi uchun zarur huquqiy baza yaratildi va u takomillashtirilmoqda. Fuqarolar, jurnalistlar, blogerlarga katta minbarlar berildi. Bular internet, undagi ijtimoiy tarmoqlar, portallar, gazeta-jurnallar, TV va radio, xullas, axborot yetkazishning barcha vositasini, onlayn va oflayn, an’anaviy va noan’anaviy instrumentlarni qamrab oldi. Shunga yarasha insonning so‘z va axborot olish erkinligi, jurnalistik faoliyat erkinligi kafolatlari tubdan mustahkamlandi, bunday huquqlarga daxl yoki qarshilik qilganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Pirovardida yurtimizda shaffof va tezkor axborot maydoni vujudga keldi. Turli axborot saytlari rivojlana boshladi, blogerlik harakati keng quloch yozdi. Bugun har kim va har bir tashkilot, xoh u matbuot sohasi bo‘lsin, xoh boshqa soha o‘z sayti, “Telegram” kanali, “Facebook”, “Youtube”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritishi oddiy holga aylandi. Tabiiyki, bunday holatda axborot olish va yetkazish jabhasida ham raqobat keskin kuchayib ketdi. Xo‘sh, bunday zamon shiddatiga, taraqqiyot shartlariga hamma ham dosh bera olyaptimi? Tezkorlik bilan moslashishning uddasidan chiqmoqdami? Shubhasiz, yo‘q va bu tabiiy jarayon. Sababi, har qanday raqobatda baribir kimdir yetakchi bo‘ladi, boshqasi o‘rtamiyona va yana kimdir autsayder. Hatto unga dosh bera olmay chiqib ketayotganlar ham yo‘q emas.

Tan olish kerak, bugungi kunda auditoriya qamrovi bo‘yicha va umuman, kontent reytinglarida nodavlat ommaviy axborot vositalari, xususan, internet saytlari, shuningdek, blogerlar yuritayotgan onlayn kanallar yetakchi o‘rinlarda turadi. Biz ularning bu yutuqlaridan faqat xursand bo‘lamiz. Shu bilan bir qatorda, bu hali oldimizda qilinadigan ishlar ko‘pligini ham anglatadi. Yaxshi tomoni shundaki, mazkur holat plyuralizm mavjudligini anglatadi, bu esa axborot tarqatishda raqobatni kuchaytirib, so‘z va fikr erkinligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati qurishning asosiy talablaridan biridir.

Boshqa tomondan esa plyuralizmni boshboshdoqlik, o‘zbilarmonlik deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday qarash davlat axborot xavfsizligi, ijtimoiy barqarorlik hamda sotsial kayfiyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin. Shuning uchun bu boradagi oltin o‘rtaliqni ta’minlash bugun har qachongidan muhimdir. Binobarin, oxirgi paytlarda aytilayotgandek, nafaqat Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA kabi rasmiy axborot yetkazib beruvchilar, balki davlat hokimiyati organlari matbuot nashrlari, veb-saytlari faoliyati, salohiyati, moddiy-texnika bazasi, kadrlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Buning uchun nima qilish kerak? Davlatimiz rahbari hayotimizdagi bugungi ulkan o‘zgarishlar, islohotlarimiz mantig‘i barchamizdan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etayotganini ta’kidlagan holda, ommaviy axborot vositalari oldiga keng miqyosli vazifalar qo‘yayotgan bir paytda ishni qanday tashkil etish lozim? Keling, ushbu savollarga quyidagi kontrast va mezonlardan kelib chiqib javob berishga urinib ko‘ramiz.

Birinchidan, dunyoqarash masalasi. Davlat organlaridagi matbuot mutasaddilari doimiy izlanishda bo‘lishlari lozim. Davlat telekanali va sayti yoki matbuotda ishlaydigan har bir jurnalist ham masalaga shunday yondashishi kerak. Doimo o‘z ustida tinimsiz ishlashi, tajriba to‘plashi, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan muammolarni ko‘tarib chiqish orqali kattaroq auditoriyaga ega bo‘lishga intilishi lozim. Bunga nafaqat dunyoning, balki yurtimizning yaqin tarixida ham misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ikkinchidan, raqobat masalasi. Internet davri boshlanishi bilan davriy matbuot nihoyatda murakkab ahvolga tushib qoldi. Pandemiya esa uning inqirozini yanada tezlashtirdi. Bu butun dunyoda kuzatilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham. An’anaviy bosma nashrlarning obunasi butkul tushib ketgan. Bunga bir tomondan yetkazib berish xizmatining beqarorligi sabab bo‘lsa, boshqa tomondan obunani rasmiylashtirish jarayonlarining nisbatan murakkabligi, gazetalarni kiosklardan xarid qilish imkoni yo‘qligi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga yarasha gazetalarga reklama berish ham keskin kamayib ketdi.

Gazeta-jurnallar ushbu holatdan chiqishning muqobil yo‘llarini qidirishayotganiga ancha bo‘ldi. Ular gazetalarning elektron variantlarini internet orqali e’lon qilish, ijtimoiy tarmoqlarda faol qatnashish choralarini ko‘rishyapti. Lekin bularning barchasi mablag‘ga borib taqaladi. Bunday imkoniyat esa hammada ham yo‘q. Ko‘pchilik nashrlar, hatto kadrlarini va texnik bazasini saqlab qolish uchun ham muassislarning yordamiga muhtoj bo‘lib qolgani ko‘p narsani anglatadi.

Bu borada boshqa mamlakatlar qanday yo‘l tutyapti? Uzoqqa bormaylik. MDH davlatlari ichida koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekayotgan Rossiyani olib ko‘ramiz. Boshqalar kabi Rossiyada ham ommaviy axborot vositalari koronavirus tarqalishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaror qilindi. Ma’lum qilinishicha, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida Rossiyada OAVning soliqlar to‘lashini olti oyga kechiktirish, ularga davlat, kommunal yoki xususiy mulklardan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlari hamda ish haqi to‘lash uchun ssudalar ajratish, bundan tashqari, har qanday ehtiyojlar uchun ikki foizlik kreditlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Uchinchidan, kadrlar masalasi. Tabiiyki, bugungi yaxshi kadr, shu jumladan, o‘ziga ishongan va iste’dodli jurnalist, o‘z qadrini yaxshi biladi, durust haq to‘lanadigan joyda ishlashni xohlaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu tabiiy hol. Zamon talablariga javob beradigan jurnalist kadrlarning esa talabgorlari ham ko‘p. Tabiiyki, u o‘z hayoti va kelajagi uchun moddiy rag‘batni har tomonlama ta’minlab bera oladigan joyni tanlaydi. Aytib o‘tganimizdek, moliyaviy-iqtisodiy ahvoli pandemiya tufayli yanada xarob va haminqadar bo‘lib qolgan joyda kadrlar qo‘nimsizligi oddiy holga aylanishi, shubhasiz.

Agar shunday paytda davlat organlari, muassislar o‘zlariga tegishli ommaviy axborot vositalarini moddiy qo‘llab-quvvatlasa, xodimlarni rag‘batlantirish siyosati samaradorligini oshirsa, nafaqat malakali kadrlarni ushlab qolish imkoniyati oshadi, balki boshqa “aql”larni ham jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

To‘rtinchidan, tanqid masalasi. Aksariyat o‘quvchilarda rasmiy kanallar yoki nashrlar tanqidiy materiallarni kam beradi, ko‘proq ijobiy holatlar yoritiladi, degan stereotip paydo bo‘lgan.

Chindan ham, davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan ommaviy axborot vositalaridan farqli o‘laroq, nodavlat ommaviy axborot vositalari hukumat, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari oldida hisobdor emas. Ularning asl maqsadi auditoriyani ko‘paytirib, daromad orttirish, biznes qilish. Tabiiyki, axborot sohasida axborot beruvchi davlat organlariga tobe bo‘lmasagina daromad olishi mumkin. Bu borada davlat telekanallari, nashrlari va saytlarining imkoniyatlari cheklanganini nafaqat o‘sha joyda ishlaydiganlar, balki muassislar ham yaxshi biladi.

Beshinchidan, ichki senzura masalasi. Uzoq yillar davomida faqat ijobiy ruhdagi maqolalar yozishga ko‘nikib qolgan jurnalist uchun to‘satdan tanqidiy material tayyorlash oson kechmasligi aniq. Buning uchun u, avvalo, o‘z fikrlash tarzini o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, hamma ham bir deganda buning uddasidan chiqavermaydi. Aftidan, aynan shu jihat yangi O‘zbekistonning dastlabki yillarida axborot maydonidagi estafeta tayog‘i blogerlar, xususiy internet saytlariga o‘tib ketishiga turtki berdi. Aynan ular jamiyat hayotidagi eng og‘riqli muammolar (majburiy mehnat, korruptsiya, “snos”lar, hokimlarning zo‘ravonliklari)ni dadil ko‘tarib chiqishdi. Imkoniyat qo‘ldan boy berilgach, ularga “etib olish” ancha qiyin masala bo‘lib qoldi.

Oltinchidan, manbalar bilan ishlash masalasi. Eng dolzarb va muhim voqealar, yangiliklar haqida odamlar davlat nashrlari, kanallari yoki saytlari orqali emas, balki xususiy axborot saytlari, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va hatto xorijdagi ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘lishmoqda. Rasmiy manbalar esa bu borada ma’lum muddat sukut saqlaydi, faqat ruxsat bo‘lgandan keyingina shu haqda axborotni uzatadi. Bu vaqtda qanchadan-qancha boshqa xabarlar tarmoqlar orqali “oqib kelayotgan” bo‘ladi.

Buni ikkita omil bilan tushuntirish mumkin. Birinchisi — hamon eskicha fikrlash, ichki senzura, bir qolipga tushib qolganlik. Ikkinchisi, ba’zi manbalar jiddiy mavzulardagi yangiliklarni avval axborot saytlariga sizdirishdan, keyin rasmiy xabar berishdan manfaatdor.
Yettinchidan, jurnalist kadrlar tayyorlash masalasi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o‘quv dargohlari soni ko‘paydi. Shunday ekan, bo‘lg‘usi jurnalistlarning davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan tahririyatlar va telekanallarda amaliyot o‘tashini tashkil qilish ham dolzarb masalalardan. Bu yerda ular haqiqiy jurnalistik materiallar qanday tayyorlanishini o‘rganadi, sohaning negizini tashkil etuvchi bilim va malakalarini oshiradi.

Bundan tashqari, o‘quv dargohlarida Vatan manfaatlariga sadoqatli yetuk jurnalistni yetishtirib berishga xizmat qiladigan o‘zbek tilidagi sifatli darsliklar, adabiyotlar juda kam. Borlari ham eski va ular takomillashtirishga muhtoj. Xorijda tan olingan mutaxassislarning kitoblarini tarjima qilishga ehtiyoj juda katta.

Aslida, demokratik fuqarolik jamiyatida jurnalistlarning obro‘si anchayin baland bo‘ladi. Chunki ular haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat, davlat va xalq o‘rtasidagi o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy ko‘priklardan biri hisoblanadi. Binobarin, jurnalist har bir yozayotgan so‘zi uchun mas’uliyatni his etadi, xalq, jamiyat oldida javobgar va hisobdor bo‘ladi. Blogerda esa mutlaqo boshqacha yondashuv. U ko‘p hollarda o‘zining shaxsiy fikrini ifodalaydi va bu fikr jamiyatga muayyan ta’sir o‘tkazadi.

Bu yerda gap jurnalistlarni blogerlar bilan, davlat ommaviy axborot vositalarini xususiylari bilan taqqoslashda emas. Asosiysi, bugungi kunda ular o‘rtasidagi muvozanatni saqlash. Bunda jurnalistlardan davr talablariga moslashish, mehnat samaradorligini oshirish talab etiladi. Bu esa mamlakatimizning axborot xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Fikrimizcha, hozirgi sharoitda bosma nashrlar quyidagicha harakat qilishlari lozim:

Birinchidan, gazetalar voqealarni o‘zlarining internetdagi saytlari orqali tezkor berishi mumkin. Tahririyatlar bu sharoitda konvergentsiya jarayonlarini tezlashtirishlari, o‘z oldilariga ko‘proq maqsadlar qo‘yishlari kerak. Bunda asrlar davomida shakllangan so‘zga mas’uliyat bilan yondashish xususiyatining raqamli formatda ham o‘z aksini topishi ularga bugungi kunda ishlab turgan veb-resurslarga nisbatan ustunlik beradi. Bosma holatda esa eng muhim voqealar haqidagi maqolalar, tahliliy materiallar, intervyular, qiziqarli reportajlar va publitsistikani berish mumkin.
Ikkinchidan, sharhlar va tahliliy maqolalar tayyorlashga jalb etiladigan ekspertlarning sonini oshirish kerak. Vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda OAV bilan doim aloqada bo‘ladigan ekspert va mutaxassislar guruhlarini tashkil etish haqida ko‘p gapirildi. Albatta, bunday hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va moddiy rag‘batlantirish zarur. Hech bo‘lmaganda munosib qalam haqi to‘lanishi kerak.
Uchinchidan, televideniye, radio va internet nashrlardan farqli o‘laroq gazetalar bo‘layotgan voqealarni ko‘rsatib berish bilangina cheklanib qolmasdan, o‘z davrining solnomasini ham yaratadi. Ko‘p o‘tmay, gazeta va jurnallarda chop etilgan materiallar tarixiy manbaga aylanadi. Shu ma’noda, eng muhim tarixiy jarayonlarni keng va batafsil yoritish o‘zgarmas shartlardan biri bo‘lishi kerak.
To‘rtinchidan, ma’lum ma’noda matbuotning boshqa shaklga o‘tishi kadrlarni qayta tayyorlashni, ularga yangi formatdagi bilimlar berishni talab etadi. Ular tajribali murabbiylarning seminarlarida faol ishtirok etishlari, xorijdagi muvaffaqiyat bilan ish olib borayotgan tahririyatlardan mutaxassislarni tajriba almashish uchun jalb etishlari zarur. Shu bilan bir qatorda, ko‘pgina tahririyatlar texnik modernizatsiya qilinishi shart, lekin ular bunga moddiy jihatdan qodir emas. Bu borada ishlab chiqarish vositalarini yangilash uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlar muammoni hal etishi mumkin.
Beshinchidan, yangi formatga o‘tish, ijodiy eksperiment, brend va dizaynni tubdan yangilash — auditoriyani o‘ziga jalb etish, afzalliklarni ko‘rsata bilishning muhim omillaridan. Videoformatlarni ishga solish, sahifalashda yangi dastur va usullardan foydalanishda dadil bo‘lish, ishni paysalga solmaslik kerak. Bunda o‘zimizdagi eng ilg‘or gazetalar va xorijiy nashrlar faoliyatini o‘rganib chiqish katta foyda beradi.


Matbuotni rivojlantirish bilan bog‘liq yana bir masala, bu — gazetalarni o‘quvchilarga yetkazib berish tizimini isloh qilish. Chunki chop etilayotgan matbuot nashrlari iste’molchiga o‘z vaqtida yetib bormayapti. Natijada chop etilgan maqolalarning dolzarbligi, vaqt nuqtai nazaridan qiymati yo‘qolmoqda. Demak, eng avvalo, har bir nashrning o‘quvchiga o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlovchi tizim yaratilishi kechiktirib bo‘lmas masalalardan.

Mavridi kelganda, e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan yana bir masalaga to‘xtalmoqchimiz. Bu — axborotning ishonchliligi.

Ishonchimiz komilki, bu borada bosma nashrlar ilg‘orlikni hech qachon hech kimga bermasa kerak. Negaki, gazeta, bu hujjat, u — arxiv. Asrlar o‘tib jamiyatning bugungi qiyofasiga unga qarab baho beriladi. Shuning uchun bosma nashrlar mas’uliyati internet saytlari yoki blogerlikka nisbatan anchayin zalvarli. Gazetada bosilgan har bir so‘zning o‘z mas’uliyati bor. U bosib chiqarilgach, na tahrir qilib, na o‘chirib tashlab bo‘ladi.

Aslida matbuot — hayot ko‘zgusi. Ya’ni u voqealar jarayonini avlodlardan avlodlarga yetkazuvchi manba. Matbuotni o‘qish odamni kitobga yo‘naltiradi, bu esa teran fikrlashga, keng dunyoqarash egasi bo‘lishga yo‘l ochadi. Umuman olganda, har doim ham matbuotning barqaror rivojlanishiga aholining matbuotga intilishi va davlatning muntazam ravishda gazeta-jurnallarni qo‘llab-quvvatlashi xizmat qilgan.

Afsuski, o‘quvchilarimiz keragidan ortiq soddalashtirilgan yoki jo‘n axborotlarni olish va o‘qiganlarini qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishga ko‘nikib qolayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ixchamlik, soddalik va oddiylik orasidagi chegara yo‘qolib qoldi. Tezkorlik bilan tayyorlangan yangiliklar, reportajlar o‘quvchini mulohazaga chorlamaydi. Agar faqat “layk” olish uchungina biror shov-shuvli xabar berilishi kerak bo‘lsa, u holda OAVning tafakkurni, dunyoqarashni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida gapirmasa ham bo‘laveradi.

Taassufki, bugungi davrda tezda unutiladigan, biror yomon voqea yoki jinoyat to‘g‘risidagi xabarlar odamlarni nisbatan ko‘proq jalb etayotir. Aynan “xayp” uchun ishlash mana shunday noxush xabarlarning keng tarqalishiga sabab bo‘ladi. Agar biz namuna ko‘rsatmasak, bu tendentsiya borgan sari rivojlanib boraverishi aniq. Bu yerda gap axborotni yashirish haqida ketmayapti, aksincha, axborotlar xilmaxilligini ta’minlash va voqelikni xolisona yoritish nazarda tutilyapti. Ya’ni axborot yaxshi ishlangan, mukammal predmet emas, u doimiy harakat, o‘ziga xos jarayondir. Bir oz mehnat qilinsa bas, o‘quvchi quruq axborotni o‘qibgina qolmay, balki uning sabab va oqibatlarini, voqealarning umumiy rivojini ham ko‘radi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili, sog‘lom tanqidiy ruh kuchayib borayotganini ta’kidlar ekan, ham axloqiy, ham professional nuqtai nazardan o‘ta muhim bir jihatga e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari fikriga ko‘ra, axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak.

So‘zimiz yakunida aytmoqchi bo‘lganimiz, aynan gazetalar bu tamoyillarga rioya qilgan holda, davr talabidan kelib chiqib qo‘yilayotgan vazifalarni bajarishga qodir, deb ishonamiz.

O‘tkir RAHMAT

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.