61      0     Jamiyat

MTTga oxiri yo‘q navbatlar

yoxud “Bizga qachon navbat keladi?”

Bu farzandi uch yoshga to‘lgan aksariyat ota-onaning dardu tashvishi. Albatta, bog‘chaga borgan bolaning tafakkuri kengayib, bilim olishga ishtiyoqi kuchayib maktabga chiqadi. Shu bois har qanday ota-ona jigargo‘shasini ertaroq bog‘chaga joylashtirish payida bo‘ladi. Birmuncha vaqtdan so‘ng, ya’ni karantin muddati tugagach, o‘z faoliyatini davom ettiradigan (hozircha faqat xususiy bog‘chalarga ruxsat berildi) MTTga talab yanada oshib, dard-tashvishlar yangilanadi…

Shitobi tez zamonda ayrim ota-onalar uchun farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish universitet yo institutga o‘qishga kiritishdek katta masalaga aylanmoqda. Hujjat ko‘tarib, sarson bo‘lib yurganlarning ahvoli bunga misol. Afsuski, ular MTTga beriladigan yo‘llanmani deb tegishli tashkilotlar eshigida oylab poylab qolayotgani ham rost. Bunga bolalar bog‘chalari kamligi sababmi yo sizu bizga qorong‘i bo‘lgan boshqa “sir-asrorlar” ham bormi?

O‘zgarish ham, yo‘llanma ham yo‘q

— O‘g‘lim to‘rt yoshga kirdi, ammo haligacha bog‘chaga borolmaydi, — deydi Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Sarvinoz Absaitova. — Farzandim Dovudbek Bahodirovni uyimiz yaqinidagi 9-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga bermoqchi bo‘ldim. Shu maqsadda joriy yil boshida shahrimizda faoliyat olib borayotgan Davlat xizmatlari markaziga borib, imtiyoz asosida navbatga qo‘ydik. “Talabgor ko‘p, xabar olib turing, navbatingiz kelsa, o‘zimiz chaqiramiz”, deyishdi. Kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q.

— Katta farzandimni 4 yoshida 23-MTTga navbatga qo‘ygan edik, hozir u ­
6 yosh, kichigi 5 yosh, — deydi Nodira Abdullayeva ism-sharifli yana bir yurtdoshimiz. — Hozir 44-o‘rindamiz. Bu ketishda farzandlarim maktabga chiqqunicha ham navbat kelmaydi, chog‘i…

Xullas, “hurmatli” mutasaddilarimiz har safar murojaatchilarni maktabga chiqishga taraddudlanayotgan tarbiyalanuvchilar o‘rni bo‘shab qolishiga ishontirishadi. Aytilgan vaqt kelganda esa… hech qanday o‘zgarish yo‘q, yo‘llanma ham yo‘q. Endilikda bu masala bog‘cha mudirasi bilan “kelishib” hal qilinmaydigan bo‘lib, ortiqcha vaqt va xarajat sarflanmasligi va’da qilingan DXM orqali yo‘lga qo‘yilgan esa-da, fuqarolarning mushkuli oson yechilmayapti. Nahotki, bolasini bog‘chaga berish istagidagi har bir ota-ona Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llashi kerak bo‘lsa?

— Turmush o‘rtog‘im 17 yildan buyon Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlaydi, — deydi ota-onalardan yana biri. — Qizimni kombinat bog‘chasiga joylay olmayapmiz, chunki onasi ham “ishlayapti”, degan ma’lumotnoma kerak emish. Shu to‘g‘rimi? Ishlashim uchun avval bolamni bog‘chaga berishim kerak emasmi?!

Bugun OKMKda ishlaydigan ishchilarning asosiy muammosi ham shunda. OKMK tasarrufidagi Ijtimoiy ob’yekt­lar boshqarmasi boshlig‘i Elyor Akbarov esa bu boradagi fikrlarga e’tibor qaratib, yaqin kelajakda masalaga yechim topilishiga umid yo‘qligini ta’kidladi.

Navbatimiz orqaga surilib ketyapti

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, farzandini MTTga joylashtirish bo‘yicha navbatga kiritilganlar gali oldinga siljish o‘rniga, aksincha, pastga tushib ketayotganidan ota-onalarning xunobi oshmoqda.

Fuqaro Hakim Abduvaliyev farzandlarini 11-MTTga qo‘yish uchun 2019 yil 28 iyunda Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi va 154-155-o‘ringa navbatga yoziladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, “Navbatim yaqinlashib qoldimi?” deya DXMga kelganda elektron tizim u 163-o‘rinda ekanini ko‘rsatadi. Shahar MTT tomonidan e’tirof etilishicha, bu vaqt oralig‘ida 11-MTTga 131 bola qabul qilingan. Bu kabi holatlar qaysi bog‘chaga boshingizni suqmang, ko‘plab topiladi.

Joy haqiqatan ham muammomi?

Oqqo‘rg‘on shahrida hozirgi kunda Maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 18 ta davlat, 2 ta, ya’ni 16-, 19-sonli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 11 ta NMTT, shuningdek, OKMKga qarashli 16 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu muassasalarda 10 492 nafar bolajon tarbiyalanmoqda. Bu hududning bog‘cha yoshidagi 66,6 foiz bolalari degani.

— Darhaqiqat, shahrimizdagi 9-, 10-, 11-, 23-sonli MTTlarga navbatda turganlar juda ko‘p, — deydi Oqqo‘rg‘on shahri maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari v.v.b Tatyana Tyo. — To‘rt mingdan ortiq bola navbati kelishini kutib turibdi. Hammani qabul qilish imkoni yo‘q. Ko‘rinib turibdiki, bog‘chalar yetarli emas. Shuning uchun OKMK hisobidan “Mustaqillikning 27 yilligi dahasi”da 330 o‘rinli davlat MTT qurilishi lo­yihalashtirilyapti. Qolaversa, mart ­oyidan 38-sonli MTTda qo‘shimcha guruhlar faoliyat boshladi. 7-sonli MTTda 9 ta, 41-sonli davlat MTTda esa 7 ta yangi guruh ochilmoqda. 19-sonli MTTda qurilish ishlari yakunlandi. Quvonarlisi, Abdulla Qodiriy nomidagi MFYda 60 o‘rinli, “Furqat” MFYda 150 o‘rinli, “Navro‘z” MFYda 120 o‘rinli, Abdulla Avloniy nomidagi MFYda 120 o‘rinli xususiy MTT ish boshlash arafasida. Yana shahar markazlaridan 7 ta oilaviy NMTT tashkil etilib, yil yakuniga qadar tarbiyalanuvchilar qamrovini 79,1 foizga yetkazish niyatidamiz.

Endi bolalar bog‘chaga 1 yoshdan qabul qilinadi(mi)?

Haqiqatan, joylarda maktabgacha ta’lim tashkilotiga nisbatan ehtiyoj turlicha. Bu talab muassasalarning shart-sharoiti, nufuzi va boshqa mezonlari asosida belgilanadi. Ayni kunlarda “Endi bolalar bog‘chaga 1 yoshdan qabul qilinadimi?” degan savol ham ko‘pchilikni qiziqtirayotir. Ha, faqat nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida shunday tartib joriy qilinadi.

To‘g‘ri, ayrimlar nodavlat bog‘chalar badali qimmat, hammaning ham sharoiti ko‘tarmaydi, deyishi mumkin. Ota-onalar uchun yana bir yengillik, oilaviy maktab­gacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishi ko‘pchilik uchun qulay imkoniyatlar eshigini ochadi. Ya’ni bunda to‘lov davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi badal qiymatida amalga oshiriladi.

Xulosa o‘rnida

Maqolada ko‘pchilikni qiynab kelayotgan masala haqida so‘z yuritdik. O‘rganish natijasida bu borada muammolar hamon yetarli ekaniga amin bo‘ldik. Mutasaddilarning yuqorida keltirilgan masalalarga vaqtida yechim topishlari, ovoragarchiliklarga barham berishlariga umid qilib qolamiz. Mavzuga esa yana qaytamiz.

Marg‘uba SULTONOVA,
Jurnalist

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.