952      0     Dolzarb, Jamiyat, Minbar

Nigora NISHONBOEVA, jurnalist: CHEGIRMALAR ROSTDAN E’LON QILINADIMI YOKI XO’JAKO’RSINGAMI?

Bayram yaqin… Hademay yangi yil eshik qoqib keladi. Barchada bayramona kayfiyat hukmron.

Ayniqsa, viloyatlardan kelib ishlaydigan fuqarolar hammadan ko’proq kun sanayotgan bo’lsalar ajab emas. Talabalar ham ushbu ro’yxatda bo’lishardi, ammo saylov bahona ular bunday “baxtdan” mosuvo bo’lishdi. Hayriyat… Ammo uzoq viloyatlardan kelib ishlaydigan fuqarolar hozirdanoq tahlikaga tushib qolishgani aniq. Chunki, bayram arafasida uzoq viloyatlarga qatnaydigan taksi narxlari “osmon” bo’lib ketadi. Albatta, bunday kunlarda taksi haydovchilarining oshig’i olchi bo’lishi tabiiy. Ular uchun bayram haqiqiy bayramga aylanadi. Axir bunday holat yilda 3-4 bora takrorlansa, vaqtida foydalanib ham qolish kerak-da. Biroq yo’lga otlanadiganlar uchun esa ikki baravar xarajatdan boshqa narsa emas. 

O’zbekiston Transport vazirligi rahbariyati o’tgan yil ham bayram arafasida taksi haydovchilarining narxlarni sun’iy ravishda oshirib olmasliklari uchun hududlararo nazorat tadbirlarini amalga oshirgan edi. Ammo, yo’lkira haqlarining oshishiga to’liq qarshi kurash olib borilmagan. Bu yil ham xuddi shunday holat takror yuz berayotir. Bo’lmasa, hali Yangi yil bayrami kirib kelishiga o’n kuncha vaqt bor. Biroq olg’ir taksichilarimiz hozirdanoq “tadoriklarini ko’rib qo’yishgan”. 

Misol uchun birgina Surxondaryoga borish narxi bir kishi uchun yo’lkira narxi 150 ming ekan. Endi bayram arafasida narxlar ko’tarilishini tasavvur qilavering. Shu bois bayram arafasida “O’zbekiston temir yo’llari” va “O’zbekiston havo yo’llari” tomonidan yaxshigina chegirmalar e’lon qilinadi. Ammo kassaga borsangiz, “bilet yo’q, tugagan”, degan javob olasiz.  Chegirmalar rostdan e’lon qilinadimi yoki xo’jako’rsingami? Chegirma daragini eshitishim bilanoq murojaat qilsam ham, hech omadim chopmaydi, doim ulgurmayman…

Qarang-a, taksi haydovchilarining xurmacha qiliqlarini yozamiz, desak, ikkita kattakon Monopolistlarning ham etagi ochiladiganga o’xshaydi. Yaxshisi, jim bo’lganimiz ma’qulmikan…?!

A labbay?!

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.