112      1     Jamiyat

Or-nomus masalasi

Dunyoda Konstitutsiyasi, o‘z puli, armiyasi, bayrog‘i yo‘q xalqlar bo‘lishi mumkin, lekin tili yo‘q millat hech qachon bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik davlat tilining sofligini saqlash zarurati, nufuzi haqida qayg‘urib, kuyib-pishib yozayotgani, mulohaza, munosabat bildirayotganini ko‘rib, millatdoshlar o‘zligimizni asrashga befarq emasligidan quvonasan, kishi. Zero, o‘zini hurmat qilgan, g‘ururi bor, ongi yuksak, sof tiliga ega millatgina boshqa xalqlar o‘rtasida o‘z mavqeiga ega bo‘ladi. Demak, safimizda fidoyi vatanparvarlar ko‘paymoqda.

Afsuski, oramizda o‘z tilini kamsitib tahqirlovchi, boshqa tilni ustun biluvchi kimsalar ham yo‘q emas. Shu yurtda tug‘ilib, ulg‘ayib, ta’lim olib, shu zamin nonini yeb, tuzini totib, o‘z ona tilida eplab gaplasha olmaydigan, yot tillarni ulug‘lab, millatdoshlari so‘zlashadigan tilni kamsitadigan insonni kim deb atash mumkin?!
O‘zbek tilidan irganadigan, kamsitadigan madaniyat xodimini vatandoshimiz, deya olamizmi? O‘z tilini tan olmagan ko‘rnamak kezi kelganda Vatanini sotmasligiga kim kafil bo‘la oladi?!
Milliy g‘ururi, or-­nomusi yo‘q ayrim kimsalar bilan yurtdosh bo‘lganingdan hazar qilasan, kishi…

Doniyor Yakubovga nisbatan 15 kunlik ma’muriy jazo qo‘llanilgani balki yengil jazodir? U davlat ramzi sifatida ulug‘lanadigan bebaho merosni yana bir bor kamsitmasligiga kim kafolat beradi?!

To‘g‘ri, qo‘shimcha til bilish, boshqa tilda erkin gaplashish madaniyatlilik belgisi. Xalqimizda “Ish bilganga bir tanga, til bilganga o‘n tanga”, degan naql bor. Boshqa tillarni bilish kuchli salohiyatdan darak. Binobarin, ota-onasi, ajdodlari so‘zlashgan tilni bilmaslik — or, nomus masalasi. Ruscha tafakkur qilib, ruscha gaplashish sobiq Ittifoq davridan ko‘pchilikning qon-qoniga singib ketgan. O‘sha davrda rus tilini bilgan odam obro‘li lavozimda ishlar, oylik maoshiga ustama qo‘shib berilar, mukofot olar, deputatlikka nomzodi tasdiqlanar, xullas, jamiyatda obro‘li inson hisoblanar edi. Ona tilini bilmaslik mumkin, ammo rus tilini bilish majburiydek edi. Barcha hujjatu yozishmalar, e’lonu joy nomlari sho‘rolar tilida olib borilgan. Bu muayyan davrning sitamkor siyosati edi.

Tilimizga davlat tili maqomi berilganiga o‘ttiz yildan oshdiki, ba’zi “ziyoli”larimiz ongu shuuriga “ruschada gaplashish madaniyat, o‘z tilida gaplashish uyat belgisi”, degan qarash yo‘qolmagan. Ayrimlar farzandlari va nabiralarini rus tilida ta’lim beriladigan maktablarga joylashtirishadi. O‘z-o‘zidan ayonki, bolada o‘z ona tiliga, ya’ni davlat tiliga bepisandlik shakllanadi. Davlat tilida so‘zlashishni bilsa ham yozma nutqida no‘noqlik vujudga keladi. Ba’zi hollarda talaffuzda ham kamchiliklar kuzatiladi. Bunday aybu nuqsonlarni yashirish maqsadida ulg‘aya boshlagan yoshlar zo‘r berib ing­liz, nemis yoki boshqa xorijiy tillarni o‘rganishga harakat qilishadi.

Shundaylar borki, xorijda o‘qib kelib, xorij tajribasini yurtimizga tatbiq etishni istashadi. Albatta, bu — yaxshi holat. Bugun qaysi sohada bo‘lmasin, zamonaviy tajriba, innovatsiyani o‘zlashtirishga talab kuchli. Mamlakatimizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz yangi tashkil etilayotgan korxona, idora, firma nomini noan’anaviy tarzda, asosan, ajnabiy so‘zlar bilan atab, kelajakda brendga aylantirishni istashadi. Qarabsizki, lug‘at boyligimizga oldin mavjud bo‘lmagan yangicha so‘z, ism va atamalar kirib kela boshlaydi. Natijada “shestnitsa” desayam bo‘laveradi” qabilidagi toqat qilib bo‘lmaydigan so‘z, atama va iboralar ko‘payadi.

Masalan, “Vapshe malades bala” MChJ, «Kamilka Products» MChJ, “NIRVANA”, “Murad Buildings” kompaniyasi, “HOTEL “NEW MOON” kabi. Nahotki, bularni to‘liq o‘zbek tilida nomlashning iloji yo‘q?!

Odatda qonunni buzgan fuqaro javobgarlikka tortiladi. Davlat tilini o‘z xohishicha buzayotganlarga nega javobgarlik yo‘q?! Davlat tili buzg‘unchilariga nega mutasaddi tashkilotlar indamay qarab turishadi? O‘zbekiston Respublikasining “Rek­lama to‘g‘risida”, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonun va qonun osti hujjatlariga davlat tiliga rioya etilishi yuzasidan kelib chiqib, tegish­li qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Joy, firma, do‘kon, MChJ, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va hokazolarni jiddiy muammolar keltirib chiqarmaydigan tartibda qayta davlat tilida nomlash bo‘yicha amaliy ishlar qilishimiz zarur.

Bolaga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi mas’uliyatlaridan hisob­lanadi. Xalqimizda ism bolaning xulqi, odobi, hatto, taqdiriga ta’sir qilishini o‘ylab, kelajakda buyuk inson bo‘lsin, degan niyatda tug‘ilgan chaqaloqqa ma’nosi chiroyli ism qo‘yiladi. Masalan, Abdulloh, Abdulhakim, Salohiddin, Dilrabo, Soliha, Zulxumor, Dilshoda va hokazo. Qadimda ismga said, xon, jon, bek, bonu, oy, to‘ra kabi qo‘shimchalar qo‘shish orqali bola erkalangan, inson ulug‘langan. Hozir ham ba’zi ziyoli, madaniyatli xonadonlarda ismlar yoniga qo‘shimcha qo‘shib chaqirish, atash saqlanib qolgan.

Yurtimizda so‘nggi yillarda bolalarga islomiy ismlar qo‘yish keng tus oldi. 2018 yil O‘zbekistonda eng ko‘p — 7 785 o‘g‘il bola chaqaloqqa Mustafo ismi qo‘yilgan. 7 030 nafar qizaloqqa Soliha ismi berilgan. 2019 yili 11 305 o‘g‘il farzandga Muhammadali, 12 461 qiz farzandga Soliha ismi tanlangan.

Afsuski, ismni qisqartirib, ma’nosiz atash ham oddiy holga aylanib bor­yapti. Bunga ko‘pchilik befarq qaramoqda. Yoshlar ongiga sun’iy “tiqishtirilayotgan” “ommaviy madaniyat”ga ko‘ra, ismlarni qisqartirib, “zamonaviy” shaklda aytish kimlargadir qulay tuyulyapti. Chunonchi, Abdulloh — Abdu, Abdulhakim — Hakim, Salohiddin — Saloh, Dilrabo — Dilya, Soliha — Soli, Zulxumor — Zul(ya), Gulnora — Gul(ya) singari. Ovrupolashgan bu ismlar bizning tilda qanday ma’no beradi? Darhaqiqat, hozirgi vaqtda ma’no, mazmun ustunligidan ko‘ra shakl, talaffuz qulayligiga ko‘proq e’tibor beradigan bo‘ldik. Har nening, boringki, hayotning ham ma’nosi, mazmun-mohiyati quyi darajaga tushib bormoqda. Ma’noga befarqlik paydo bo‘ldimi, insonda bema’nilik, ma’naviy tanazzul boshlanadi. Kishilardagi ma’naviy tanazzul oxir-oqibat mamlakatning yemirilishiga, boshqa xalqlarga tobe bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turganidek, ismlarni qisqartirib, ma’nosiz atash ham davlat tilining buzilishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi muammolarning oldini olishda har bir fuqaro e’tiborli bo‘lishi lozim. Bolaning ismini ham to‘liq aytish shartligini tushuntirish zarur.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat tilini hurmat qilish o‘ta nozik, e’tibortalab masala. Insonga ko‘p narsani tanlash huquqi berilgan, lekin Vatan, ota-ona va xalqni tanlab bo‘lmaydi. Bu — Allohdan. Biz dunyoda 50 milliondan ko‘proq aholi so‘zlashadigan, buyuk tarixiga ega tili bor O‘ZBEK millati farzandimiz. Tilimiz muhofazasiga nafaqat tilshunosu filolog­lar, balki har birimiz mas’ulligimizni bilishimiz kerak. Bu masalaga befarq, loqayd qarab bo‘lmaydi.

Vatan har doim ham qo‘lda qurol bilan himoya qilinmaydi. Vatanimiz bayrog‘i, gerbi, Konstitutsiyasi, madhiyasi kabi davlat tili ham himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biridir. Tilimizni himoya qilish o‘zbek tilini kimdir kamsitganda jim qarab turmaslik, tushunarsiz ajnabiy so‘zlarni og‘zaki va yozma nutqda qo‘llamaslik, dunyoga mashhur qilmoqchi bo‘lgan mahsulotimiz yoki firmamiz nomini o‘zbek tilida atash, ismlarni, so‘zlarni to‘liq va to‘g‘ri talaffuz etish, ona tilida barcha adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda so‘zlashish, o‘zbek tili nufuzini muntazam oshirishga qaratilgan islohotlarni rivojlantirish kabi tadbirlardan iboratdir. Davlat tilining mavqei, obro‘-e’tibori, shon-shuhratini oshirish yo‘lidagi har qanday sa’y-harakat vatanparvarlikning oliy ko‘rinishidir.

Malika ABDUHAKIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining ­ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

1 ta fikr bildirilgan

  1. O’zbek tilini chet elda mustaqil, qiziqib o’rganayotgan kishi, olaylik, tele yoki radiokanalimiz (asosan nodavlat) orqali shevadagi so’zni eshitib qolsa, lo’g’atimizdan o’sha so’zni topolmay xunob bo’lsa kerak
    Bundan tashqari ba’zi OAV larda imloviy xatolar uchrayapti (Masalan zo’r tvda bir hafta davomida bir turk seriali «Elchini qizi» shaklida berildi. 34 million aholi ko’radiya

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.