Saytda texnik ishlar olib borilmoqda!

Dunyodagi eng keksa ayol

Yaponiyalik Kane Tanaka eng uzoq umr ko‘rish bo‘yicha dunyo rekordini yangiladi. 19 sentyabrda onaxonning tavallud topganiga roppa-rosa 117 yilu 261 kun bo‘ldi. Bundan oldingi rekord natijani bultur 117 yoshu 260 kunligida vafot etgan yana bir kunchiqar yurt vakili Nabi Tadzime egallagan edi.

Kane Tanaka 1903 yil 2 yanvarda Fukoka shahrida tug‘ildi. Oiladagi sakkiz farzandning yettinchisi bo‘ldi. 19 yoshida Xideo Tanakaga turmushga chiqib, 5 nafar farzand ko‘rdi. Oilasi Ikkinchi jahon urushi davrida guruchli non sotib kun kechirdi. Ammo qirg‘inbarot ularning oilasini ham chetlab o‘tmadi, eri va bir o‘g‘li jang maydonlarida haloq bo‘lishdi. Beva qolgan Kane bolalarini boqish uchun do‘konda ishlashni tanho o‘zi davom ettirdi. Savdo-sotiq bilan 63 yoshida pensiyaga chiqqunga qadar shug‘ullandi. So‘ngra AQShda yashovchi jiyanlarining oldiga ketdi.

103 yoshida Kane Tanakaga yo‘g‘on ichak saratoni tashxisi qo‘yildi. Yaxshiyamki, organizmi chidamli ekan, besh soatlik operatsiyadan so‘ng kasallikni butkul yenga oldi. 107 bahorni qarshilagan kezlari esa o‘g‘illaridan biri unga bag‘ishlab kitob yozdi. Bu asarda ta’kidlanishicha, onaxon uzoq umr ko‘rishining asosiy sababini, birinchidan, hamisha to‘g‘ri ovqatlanganida, ikkinchidan, me’yorida va tinch-xotirjam uxlaganida deb biladi. Hayotda doim yaxshi niyat bilan yashashni va baxtli oila qurishni ham ko‘p yashashning poydevori hisoblaydi. 2019 yil 9 martda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Hozir qariyalar uyida yashamoqda.

Darvoqe, Yaponiya aholisi uzoq umr ko‘rish bo‘yicha dunyo reytingining eng yuqori pog‘onalaridan mustahkam o‘rin olgan. 1963 yili bu mamlakatda 100 yoshdan oshgan kishilar 153 nafarga, 1981 yili 1000 nafarga, 1998 yili 10 ming nafarga yetgan edi. Hozirga kelib ularning soni 80 ming nafardan ortdi, shundan 88 foizini ayollar tashkil etadi.

Joriy yilning fevral oyida Ginness rekordlari kitobida dunyodagi eng keksa erkak deb qayd etilgan, Yaponiyaning Nigata muzofotida istiqomat qilib kelgan Titetsu Vatanabe 112 yoshida vafot etdi.

Iroda Jabborova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: