PREZIDENT GAZETA O‘QIYaPTI siz-chi, janob vazir

Olimjon O‘SAROV, jurnalist, yurist
(Facebook sahifasidan olindi)

Bugun ertalabdan tahririyatimizda bir masala yuzasidan jo‘shqin fikr-mulohazalar boshlandi: “Prezident stoli ustida qaysi gazetalar turibdi?”“Birinchisi, aniq, “Yangi O‘zbekiston”, qolganlari-chi?”, dedi dizaynerimiz Muhriddin Hamroyev.

Jurnalist Feruza Egamova “ikkinchisi, “Xalq so‘zi”, dedi ishonch bilan. Zebuniso Hayitova esa hammasimizga xush yoqadigan so‘zni aytdi: “Uchinchisi “Nuroniy” gazetasi”! Xuddi hammamiz shu gapni kutib turgandek, beixtiyor chapak chalib yubordik.To‘g‘risi, Prezident stolida turgan uchinchi gazeta qaysiligini bilolmadim. Ammo meni mamnun etgan eng muhim jihat, Prezidentimizning ish stolida aynan GAZETALARning turgani!

“Gazetalarning umri tugadi” deya fol ochayotgan ayrim bilog‘on janoblarga aytmoqchiman: yaxshisi, Siz ham Yurtboshidan o‘rnak oling! Hech bo‘lmasa, “Ishonch”ni, “Nuroniy”ni, agar kundalik odatga aylantirsangiz, “Yangi O‘zbekiston”, “Xalq so‘zi”ni o‘qing.

Yaqinda “Tong yulduzi” bolalar nashrida ishlaydigan hamkasbim aytib qoldi: vazirlik maktabda o‘quvchilarning obuna bo‘lishini ta’qiqlabdi. “Elektron gazeta chiqaringlar” debdi va shu bilan jahon matbuotshunosligida yangi atama yaratibdi. Har tugul shu kungacha matbuotshunoslik ilmida “Elektron gazeta” degan tushuncha yo‘q edi-da.

Ochig‘i, vazirlikning bu talabini tushunmadim. Negaki, shu vazir ham, boshqa vazirlar-u amaldorlar ham, amali yo‘g‘-u savodi zo‘rlar ham o‘z vaqtida shu gazetani o‘qib, voyaga yetganmiz. Ana, yaxshi o‘qiganlar vazir, deputat, amaldor bo‘ldi. Kam bo‘lmadi!

Farzandlarimizga shu gazetani o‘qi, tengdoshlaring hayoti, orzu-istaklari, ijodi va intilishlarini bilib borasan, desak, nimasi yomon? Axir u murg‘ak qalb, nimani o‘qish, nimani o‘qimaslik kerakligini qayerdan biladi? Unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsak, tavsiyalar bersak yomonmi? Bir kun kelib, u ham VAZIR bo‘lar! Yo fikrim noto‘g‘rimi?Keling, bolalar nashri “elektron gazeta” bo‘ldi ham deylik. Uni bolalarimiz qanday qilib o‘qiydi?

Janob vazir mamlakatimiz butun hududida internet mavjud yoki barcha oilalarda kompyuter bor yoxud kunlab elektr uzilishlari bo‘lsa ham, kompyuter, internet ishlayveradi, deb o‘ylaydimi? Yana bir masala, bolalar qo‘liga tutqazilgan internetda “elektron gazeta”ni o‘qisa yaxshi-ya, ammo boshqa nobop narsalarga qiziqishi ortib ketmasligiga kafolat bormi?

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: