Rauf Parfi haqida 5 fakt. Tirikligidayoq afsonaga aylangan shoir

Bugun, 27 sentyabr — shoir tavallud topgan kun.

  1. Rauf Parfi (Tursunali Parpiyev) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumaniga qarashli Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi 50, onasi esa 30 yoshligida tug‘ilgan bo‘lajak shoirga dastlab Abdurauf (Fitrat) ismini qo‘yishni niyat qilishgan, ammo o‘sha vaqtdagi vaziyatni inobatga olib, tinchgina Tursunali deya ism berishgan.

2. Shoir deyarli hech qachon o‘z she’rlarini yoddan o‘qimagan. Chamasi, she’rlarini yoddan o‘qish unga nokamtarlikday, o‘z she’rlariga mahliyolikday tuyulardi. Lekin doim ham uning bosinqi ovozda bir maromda she’r o‘qishi tinglovchilarni rom etardi. Rauf Parfining televizorda ko‘rsatuv yoki biror kino tomosha qilayotganini uni tushunmagan biror kimsa ko‘rsa zerikib ketardi. U kanaldan-kanalga o‘tishni kanda qilmas, biror ko‘rsatuvni to‘liq ko‘rishingga imkon bermasdi. – “Ishonmaysiz, men kitobni ham shunday o‘qiyman, biror asar qo‘limga tushsa, sahifasining biror joyini bo‘lib olib o‘qiyman. O‘sha joyiga qiziqsam, hammasini o‘qib chiqishim mumkin. Yoki o‘qigan sahifam xulosam bo‘ladi”, – degan edi ajoyib tabiatga ega ijodkor.

3. 1963 yili yozilgan shoir qalamiga mansub, “Laylo” qo‘shig‘i juda mashhur bo‘lib ketgan. Keyinchalik Ilhom Farmonov ijrosida aytilgan bu qo‘shiq hamon o‘z muxlislarini yo‘qotgani yo‘q. 1968 yil esa amerikalik professor Edvard Ovvard “O‘rta Osiyo she’riyatida lirikaning qaytib kelishi” maqolasida Rauf Parfi ijodini tilga olgan edi. “Laylo” qo‘shig‘i. Rauf Parfi so‘zi.

4. Xurshid Davron ta’biri bilan aytganda, Rauf Parfi tirikligidayoq afsonaga aylangan shoir edi. U qayg‘usini sevinchini ichiga yashirib yashagan, umrining ko‘p qismini boshpanasiz o‘tkazgan bo‘lsa-da, shogirdlariga boshpana bergan, moddiy ma’noda anchagina yupun yashagan, unda egalik qilinadigan hech qanday mulk, javobgarlik talab etiladigan biror lavozim bo‘lmagan. Shu sabab u hech qanday majburiyatni bo‘yniga olmay, mas’uliyat va cheklovlar bilan hisoblashmay, ko‘ngli istaganiday yashashning uddasidan chiqqan.

5. 1999 yili Mustaqillik bayrami arafasida Rauf Parfiga “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonini berildi. Ammo umrida unvon olmagan shoir uni qutlayotgan do‘stlariga “unvonni boshimga uramanmi” deb javob bergan. Oradan bir kun o‘tib, Prezident Karimov unvonlarni egalariga tantanali ravishda topshirgan, ammo mukofotlanayotganlar orasida Rauf Parfi yo‘q edi. Bu unvon umrining so‘ngi yillarida “propiska”si bo‘lmagan shoirga asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilgan.

So‘ngso‘z:
Rauf Parfi degan bir odam,
Ko‘zoynakli, sochi oq darvesh.
Og‘ir-og‘ir bosadi qadam, Yelkasida uxlab qolgan qish.

Xurshid Davron

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: