Shohida KARIMOVA: “Shuhrat qo`rg`oni”ning shuhrati qachon tiklanadi?

“Fashizmga qarshi janglarda halok
bo‘lganlarga abadiy shon-sharaflar!”.

Bu jumla Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Ikkinchi jahon urushida dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha halok bo‘lgan yurtdoshlarimizni sharaflash va mudom yod etish maqsadida barpo qilingan “Shuhrat qo‘rg‘oni” yodgorligi old qismiga bitilgan. Balandligi 30 metrdan yuqori bo‘lgan yodgorlik lavhasi viloyat markazining aksar joyidan yaqqol ko‘zga tashlanadi.

O‘tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida qurilgan majmua haqida yoshlar ko‘p narsa bilishmaydi. Ilgari bu yerdan tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmagan. Kelin-kuyovlar tez-tez gul qo‘ygani, bayramda ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga hurmat bajo aylagani kelishardi, yodgorlik bu shaharning ramziga aylangan edi. Endi esa…

“Sevishgan”larni aynan shu joydan topasiz. Go‘yoki yodgorlikning borligi hammaning esidan chiqayozgan. Yodgorlikning avvalgi fusunkorligidan esa asar ham yo‘q. Asosiy yo‘lakning ikki tarafidagi ekin-tikinga mo‘ljallangan jo‘yaklar qaqrab yotibdi. Qator tizilgan yoritgichlarda chiroq yo‘q. So‘lg‘in, qurib-qovjirab qolgan ayrim daraxtlar monumentga “mos”, qarasangiz, ko‘ngil xira.

Qalbga taskin beradigan yagona holat — Qarshi shahri obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari tez-tez bu yerni supurib-sidirib ketishadi. Yodgorlik ko‘pdan beri ana shu idora balansida bo‘lib, saranjom-sarishtaligi, obodligini ta’minlashga mas’ul. Ammo katta maydonni talab darajasida saqlashga ishchilarning qurbi yetmagani bois, yerning ma’lum qismi aholiga ekin-tikin qilish uchun bo‘lib berilgan.

Maydon chorva uchun ozuqa o‘stiriladigan joy bo‘ldi-qoldi. Chetlarida qurilish bo‘lavergach, monument hududi ham ancha kichrayib qolgandek. Uning tarkibidagi binolar esa to‘kilib bormoqda. 
Xullas, yuqorida kuzatganimizdek, ziyo­ratgohning abgor holga kelib qolgani achinarlidir. Shu vaqtgacha yodgorlik biror marta ham ta’mirlanmagani ko‘rinib turibdi.

— To‘g‘ri, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi, — deydi Qarshi shahri obodonlashtirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Shoira Yusupova. — Qo‘rg‘on ichidagi muzey avariya holatiga kelib qolgani tufayli yopilgan. Kuchli yomg‘ir yog‘sa, suvga to‘ladi. Bir tomoni cho‘kib ham ketdi. Ikki mashina tuproq tashlab, imkon qadar o‘z kuchimiz bilan epaqaga keltirdik. Oqlaymiz, bo‘yaymiz. Bunga hech kim mablag‘ ajratmaydi. Bir necha yil ilgari Toshkentdan mutasaddilar kelib, ta’mirlaymiz, pul ajratamiz, deb va’da berishgandi. Biroq hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. O‘tgan yili ikkita ob’yekt — Xotira xiyoboni va “Shuhrat qo‘rg‘oni”ni obodonlashtirishga mahalliy byudjetdan 5 million so‘m ajratildi. Bu mablag‘ qayoqqa ketdi?!

Darhaqiqat, viloyat markazida joylashgan mazkur majmuani qayta ta’mirlash, sayyohlar tashrifini ko‘paytirish taklifi ilgari surilmoqda. 2013 yil 1 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “2013-2015 yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, bunga ko‘ra, tegishli davrda hududdagi tarixiy-madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya qilish va ularning holatini yaxshilash bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan edi.

“Shuhrat qo‘rg‘oni” ham ana shu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, uni restavratsiya qilish va obodonlashtirish ko‘zda tutilgan edi. Ushbu majmuaga davlat byudjeti hisobidan 500 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Loyiha ijrosini nazorat qilish o‘sha paytdagi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha bosh boshqarma zimmasiga yuklatilgan.

Oradan qancha yillar o‘tdi. Qarorda ko‘rsatilganidek, yodgorlik viloyatdagi muhim turistik ob’yektga aylanishi zarur edi. Xo‘sh, ajratilgan o‘sha mablag‘ (hozirgi narxda 4,5 milliard so‘m) qanday maqsad uchun ishlatildi? Agar mablag‘ aynan “Shuhrat qo‘rg‘oni”ni obodonlashtirishga sarflanganida edi, u tashlandiq va ko‘rimsiz holatga tushmas edi. 
“Shuhrat qo‘rg‘oni” o‘zining avvalgi shuhratini qachon tiklab, shaharning muhim qadamjosiga aylanadi? Bu ish tez kunlarda boshlansa, kelgusi yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga munosib sovg‘a bo‘lar edi.

Ushbu masalaga Qashqadaryo viloyati hokimligi mutasaddilari qanday munosabat bildirishadi?

Shohida KARIMOVA,
Qashqadaryo viloyati

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: