To‘rt polosali ko‘prik ostidagi uy

Ijtimoiy tarmoqda g‘aroyib bir yangilikni o‘qib qoldim. Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyning Guanjou shahrida bitta uyni aylanib o‘tgan shosse qurilgan. Sababi, yo‘l barpo etilishi munosabati bilan bu imorat ham buzilishi rejalatirilgan. Lekin shahar rasmiylari 10 yil davomida, harchand urinmasinlar, xonadon sohibini yerni va xususiy mulkini sotishga ko‘ndira olishmagan. Alqissa, loyihaga o‘zgartirish kiritilgan. Unga muvofiq, uy to‘rt qavatli ko‘prik o‘rtasidagi chuqurlikda qolgan.

Bu boshqalarga qiziq tuyulsa-da, xitoyliklar uchun oddiy hol hisoblanadi. Bizda esa ba’zan teskarisi bo‘ladi. Hamyurtlarimiz biror joyda, ayniqsa, shahar yoki uning yon-atrofida uy qurishdan yoki xarid qilishdan oldin yetti o‘lchab, bir kesadi. Negaki, bir necha yildan keyin ular buzilishga tushishi ehtimoldan xoli emas. Vaqti-soati yetib, bu gumon haqiqatga aylanganida esa, turarjoylar egalarining xohish-istaklari yoki e’tirozlari inobatga olinmasligi, buyam yetmaganday, ularga sarflagan xarajatlari to‘liq qoplab berilmasligi mumkin. Hatto, uy-joyini o‘zi buzib olishi uchun juda oz vaqt berish ham odat tusiga kirib qolgan. Aslida joriy qonunlar va tartib-qoidalarga zid bunday voqealar so‘nggi paytlarda yurtimizda bot-bot kuzatilayapti. Arz-dodlari behudaligini anglab yetgan odamlar noilojlikdan o‘z haq-huquqlari poymol etilgan taklif va kelishuvlarga ham rozi bo‘lishayapti.

Yana bir gap. Xitoyda quruvchilarni smetaga o‘zgartirish kiritishga majbur qiladigan uy egalarini “mixlar” deb atashadi. Ularning o‘jarligi tufayli buzilmay qolgan uylar esa, rasmiylarning e’tirof etishlaricha, zarar keltirmaydi. Aksincha, sayyohlarda qiziqish uyg‘otib, mamlakatda turizm yanada rivojlanishiga ozmi-ko‘pmi turtki beradi. Mahalliy OAV voqealar rivojini muntazam ravishda kuzatib boradi.

Afsus, bizda bunday “mixlar” yo‘q. Bo‘lganida edi, ishonchimiz komilki, yurtimizga turistlar daryodek oqib kelardi.

Islomjon OMONJONOV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: