Yesimxan QANOATOV, jurnalist: “Dinozavr tuxumlari”ni ko’rganmisiz?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani “Nazarxan” ovul fuqarolar yig‘ini hududida, G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtotrassasining bo‘yidagi tepalikda sochilib yotgan yuzlab sharsimon toshlarni ko‘p ko‘rsak ham uncha e’tibor bermaymiz. Dunyoning ba’zi davlatlarida shu kabi toshlarni “dinozavr tuxumlari” deyishadi.

Bu kabi toshlar bejizga dinozavr tuxumiga qiyoslanmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning yoshi 50-60 million yilni tashkil etadi.

Fanda “Moyeraki toshlari” deb nom berilgan sharsimon toshlar geologik nuqtai nazardan olib qaraganda, kaltsiy bilan okeanning minerallashgan tuzlar hamda sozli tuproq birikishidan hosil bo‘ladi.

Nukusdan 30 kilometr olisda joylashgan Amudaryo tumanidagi ushbu toshlar Tetis ummoni esdaliklaridir. Million yillar avval ularning diametri 2-2,5 metr kattalikda bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan yemirilib, qobiqlarini yechib tashlagan. Hozirda bularning diametri 0,3-0,5 metr atrofida. Bu kabi sharsimon toshlar hozirda Yangi Zelandiya orollarida, Avstraliyada va Qozog‘istonning Manqishloq viloyatlarida ham uchraydi va turistlarning sevimli maskaniga aylangan.

“Nazarxan” ovulida yashovchi Ongarbay og‘aning ta’kidlashicha, shunday sharsimon toshlar hududdagi boshqa joylarda ham uchraydi. Agar ushbu toshlarning tagi kavlansa, qozondek keladigan qobiqlari chiqadi. Mahalliy aholi esa qobiqlarni uylarning fundamentini qurishda foydalanish uchun qazib olmoqda.

Bahor kelishi bilan ushbu hududlar o‘ziga xos ajoyib manzara hosil qiladi. Sayyohatchilar toshlar qoshida selfiga tushadi. Nukuslik olim Yusuf Kamolov esa kun ilishi bilan “dinozavr tuxumlari” sochilgan tepaliklarda deltaplanda uchishni xo‘sh ko‘radi. Yoz oylarida esa yaqin joylardagi tuzli ko‘llarga odamlar davolanish uchun tashrif buyuradi.

Agar mana shunday ajoyib maskanlarga chet ellik sayyohlar tashrifini oshirishga e’tibor qaratilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: