761      0     San'at

SEN BARIBIR AVAZSAN

Avaz bo’lib qolibsan

Xonandalar va aktyorlar bilan bog’liq biror bir jarayon, yangilik, shov-shuvlar yoki premeralarni kuzatib yoki qiziqib yurmayman. Ammo ijtimoiy tarmoqlar orqali videosi tarqalgan Avaz Olimovning muomalasi, o’zini tutishi ko’pchilik qatori menda ham e’tiroz uyg’otdi. Qisqagina videolavhada u shunday deydi: “Mani otim Avazbe j…, bog’chaga borganimda Avaz edim j…”.

Xohlagan odam o’zidan avliyo yasab oladigan zamonda yashayotgan ekanmiz-u bexabar qolibman yoki buni kimdir tushuntirib bera oladimi? Xo’sh, Avaz degan bo’lsa nima bo’libdi, osmon uzilib yerga tushib qolibdimi? Bunchalar osmono’par kibr qaerdan? Qolaversa, pasportingda Avaz ekansan-ku, namuncha kerilasan?

O’zining ismiga hujjatida ham, ma’naviyatida ham beklik bo’lmagan bu “bek”ka O’zbekiston fuqarosini haqorat qilish mumkin ekanmi? Qonunlarimizda bunga javobgarlik belgilanganini bilmasmikan bu “bek”.

Endi tug’ilganlik haqidagi guvohnoma va pasportida Avazbek deb yozilgan bo’lsa, juda qattiq o’rganib qolgandir-da bek qo’shimchasiga degan fikrda uni sal-pal oqlamoqchiday bo’lib Lex.uzdan izlab ko’rdim. Buni qarangki, 2001 yilda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist unvoni bilan taqdirlanganlar ro’yxatida Avaz Olimov bo’lib turibdi. 19 yil o’tib o’zgarib qolganmikan ismi desangiz, bog’chadaydi Avazligim deyotgan bo’lsa… Shu joyida “kallam ishlamay” qoldi.

Bolaligimda kattalardan eshitgandim, O’zbekiston va Qoraqalpog’iston xalq artisti rahmatli Otajon Xudoyshukurov biror joydan samolyotda uchib kelganda, uni opketishga kelgan mashinaga hamroh olish uchun aeroportda “To’rtko’lga ketadigan bormi”, deb so’rab yurar ekan. Harna 2-3 nafar insonga uzog’ini yaqin qilib, nafim tegsin, der ekan. Nazdimda, kamtarlik, odamgarchilik, bag’rikenglik, qolaversa, keyingi paytda ko’p ishlatganimiz – ma’naviyatlilik bu.

Demak, inson haqoratlash bilan emas, avvalo qilgan amallari, muomalasi, o’zini tutishi bilangina odamlar qalbida ardoqqa, ehtirom va hurmatga sazovor bo’la oladi. Shunday emasmi?

Feruza Egamova

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.