1790      1     Dolzarb, Minbar

Suxandon emish

Radio yo televidenie diktorini
“suxandon” ham deyishimiz to’g’rimi?

Radio, keyinroq televidenie paydo bo’lgach, “diktor” tushunchasi so’z boyligimizda mustahkam o’rnashib qoldi. Efirda chiqadigan — radio va televidenie materiallari matnini mikrofon oldida o’qiydigan shaxsni diktor deymiz. Talaffuzi yohud bayon tarzi “diktsiya” (xush ohang), ayni damda, nutqi ravon boshlovchi “diktsiyasi yaxshi diktor” sifatida ta’riflanadi.

To’qsoninchi yillar ibtidosidan “suxandon” atamasi “diktor” o’rnini egalladi. Bu kalimaning lug’aviy ma’nosi esa e’tibordan chetda qoldi — bu so’z zamirida “diktor”likka mutlaqo aloqasi bo’lmagan mazmun mujassamligi hisobga olinmadi. (“Suxan” – bu “so’z”, “don” esa “bil” yohud “bilmoq”). Ya’ni, suxandon — bu so’zni yaxshi biladigan yo tushunadigan shaxs! Boshlovchilikda esa so’zni bilish va tushunish barobarida me’yoriga yetkazib talaffuz etmoq alohida ahamiyat kasb etadi.

So’nggi yillarda jarangdor, jozibali, ta’sirchan ovoz egalarini — sahnada chiqadigan badiiy so’z ustalarini ham “konferan`se” barobarida “suxandon” deb atash urfga kirdi. Shuningdek, badiiy til yo ifodada to’y (bazm) olib boruvchi shaxs ham “suxandon”ga aylandi: “Allamahalda
mikrofon orqali butun mahallada eshitilayotgan kuy-qo’shiq, tantanali so’zlarga ulanib ketgan suxandon o’g’lining va’zgo’yligi nihoyasiga yetdi-yu, mo’ysafid yengil nafas tortganday “xayriyat- e!” dedi ichida”. (Hikoyadan).

So’zning haqiqiy zargarlari ko’p, biroq ularning aksariyatida bilim va tafakkur kuchli bo’lsa- da, o’ziga jalb etuvchi, qalbning nozik pardalarini titratuvchi ovoz yo’q. Sayl va tomoshalarda, jamoat joylarida mutafakkir, allomalardan-da voizlar sehrli ovoz bilan tinglovchilarni o’zlariga asir etishgan. Konferan`se yohud voiz (notiq)ni ham “suxandon” atash
noto’g’ri.

Mikrofon oldida matn o’qiydiganni “boshlovchi” deymiz. Haqiqatan ham, bu so’z “diktor” ma’nosini ifodalaydi. (Mantiqiy nuqtai nazardan “boshlovchi faqat boshlab beruvchi, butun jarayonda ishtirok etuvchi shaxs emas”, degan e’tirozga o’rin bo’lmasligi kerak).­ “Olib boruvchi” (ruschasi “vedushiy”) ifodasi ham mavjud. “Olib boruvchi” ixchamgina bir so’zdan tarkib topmaganligidan qo’llanilmaydi.

“Diktor”ning yana bir sinonimi bor — “notiq”, biroq lug’at boyligimizda o’rni bor, arab tilidan qabul qilingan “diktor”ga to’liq hamma’no bu so’z o’rniga butunlay boshqa ma’noni ifodaluvchi forscha “suxandon”ni ishlatamiz. Nima uchun?

Mumtoz adabiyotimiz namunalarida suxandon (suxanvar, suxangustar) shoir ma’nosida qo’llangan. Masalan, adabiyot darsliklaridan birida shunday qayd qilingan: “Ulug’ ozarboyjon shoiri Fuzuliy Navoiyni Nizomiy bilan bir qatorga qo’yadi, uning ijodiy taj­ribasidan ta’lim oladi va “Navoiy — suxandon” deya, uni chuqur hurmat bilan xotirlaydi”. Ta’kiddan ma’lumki, oddiy shoir emas, betakror shoirlargina “suxandon”likka loyiq ko’rilgan.

Muhammad SHODIY

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

1 ta fikr bildirilgan

  1. Kuni kecha 12.09.20. Zo’r tvning «Bu kun»ning kechki dasturida davlat tilida imloviy xato yozish, shevada gapirish tanqid qilindi. Lekin boshlovchi mavzuni boshlashi oldida «Millat-til ko’zgusi» deb gapirdi va keyin xatosini to’g’riladi. Qiziq, telekanal avval o’ziga boqsin, ya’ni imloviy xatolar uchraydi, «ning» va «ni» qo’shimchalarini farqlamaydi, ko’rsatuvlarida Toshkent shevasida ish olib borishadi va boshqalar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.