422      1     Siyosat

Vazir o‘rinbosari: O‘zbekistonda nega oylik maoshlar kam? Bizda aholining ko‘pchiligi malakasi bo‘lmagan odamlar

3 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Muhokama davomida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov yangi qonun va O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida gapirdi.

«Ko‘p odamlar savol beradi: O‘zbekistonda nega oylik maoshlar kam? Chunki bizda mehnat qilaman degan aholining ko‘pchiligi (60-70 foizi) malakasi bo‘lmagan odamlar.

Butun dunyoda shunday, malakasiz mehnat juda past baholanadi. Bu qonunda birinchi bor nafaqat mehnat, balki mehnatga tayyorgarlik va professional darajadagi malakani olishga e’tibor qaratyapmiz. Buning uchun xalqaro darajada qabul qilinadigan sertifikatlar berish tizimi yaratiladi», – dedi u.

Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amal qilayotgan «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunda ishsizlarni moddiy qo‘llab quvvatlash uchun ishsizlik nafaqasini berish belgilangan. Ammo undan foydalanuvchilar soni juda kam.

«Ming afsuski, bu paradoks, deylik bir yarim million ishsiz bo‘lsa-da, bor yo‘g‘i 30-35 ming odam ishsizlik nafaqasini oladi. Nega? Sababi, bizning milliy urf-odatlarimizga ko‘ra, odamlarimiz kimgadir borib, yalinib meni hisobga oling, deyishni qabul qilolmaydi. Mag‘rurlik bor.

Biz yangi qonunda buni hisobga oldik. Ya’ni nafaqalar miqdorini bir necha barobar oshirdik», – dedi u.

Vazir o‘rinbosari qonun muhokamasi davomida O‘zbekistondagi mehnatga layoqatli aholi va ishsizlik ko‘rsatkichi haqida ham gapirdi.

«O‘zbekistonning 34 mln (balki, yil oxirigacha 35 mln bo‘larmiz) aholisidan 19 mln, ya’ni 57,3 foizi mehnatga layoqatli insonlar. Bu ko‘rsatkich, parametr bo‘yicha dunyoda bizga yetadigan davlat yo‘q. Bizdan keyingi davlatlarda 51-52 foiz.

Biz bu insonlarni mehnatga to‘g‘ri taqsimot qilsak, to‘g‘ri rag‘batlantira olsak, bizdan ko‘ra daromadli davlat bo‘lmasligi kerak.

Men ishsizlik darajasi bo‘yicha yana bir raqamni aytishim kerak. Xalqaro normalarda bir mamlakatdagi ishsizlik ko‘rsatkichi 5 foizgacha bo‘lishi kerak. Ayrim hokimlardan “bizni viloyatda birorta ishsiz odam qolmaydi”, degan gaplarni eshitib qolaman, lekin bu yanglish fikr. Ishsizlik albatta bo‘ladi. Biz bozor iqtisodiyoti qoidalariga o‘tyapmiz. Lekin ishsizlik darajasi 5 foizdan ortib ketsa, bu endi normal hisoblanmaydi. Bugun O‘zbekistonda bundan balandroq. Ayniqsa, pandemiya sharoitida bu ko‘rsatkich yanada oshdi. Hozir bizda ishsizlik ko‘rsatkichi 9,8 foizga chiqyapti. Bunda xotin-qizlar ishsizligi 15 foiz, yoshlarniki esa 12 foizga chiqyapti. Bu barometrlarni nega hisobga olyapmiz? Chunki bu borada qilayotgan ishlarimizda hali kamchiliklar juda ko‘p. Tizim qonuniy, tashkiliy va moliyaviy jihatdan ta’minlanmagan.

Yana bir narsani belgilashimiz kerak – yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha rag‘batlantirishni oshirish asosiy qip-qizil chiziq, mezonimiz bo‘lishi kerak», – deya Bahodir Umurzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

❓ P.S. Siz ushbu fikrlarga qo‘shilasizmi?

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

1 ta fikr bildirilgan

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.