423      0     Siyosat

Vazirlik: Keyingisini kuting! Keyingisini kutganlarning attangi haqida

Ma’lumki, pandemiya sharoitida mamlakatimizda joriy yil 8 iyundan “sariq” va “yashil” hududlarda karantin talablarini saqlagan holda jamoat transportlarining harakatlanishiga ruxsat berildi. Shuningdek, chiqimdorlikni kamaytirish uchun Toshkentda avtobus haydovchilariga qo‘yilgan “kunlik plan” bekor qilindi. Bu choralar yo‘lovchilar avtobusga chiqqanda oraliq masofani saqlashi uchun qilingan edi.

Afsuski, jamoat transporti salonida tirbandlik oshsa oshyaptiki, kamaygan emas.

Odamlar ijtimoiy tarmoqda “transport yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan oraliq vaqtni, hech bo‘lmasa, ertalab va ishdan qaytish paytida qisqartirsa bo‘lmaydimi?”, “Toshkent shahrida yo‘lovchi tiqilinch bo‘ladigan kichik avtobuslarni yo‘nalishga chiqmagan katta “Mercedes-Benz” rusumli avtobuslar bilan almashtirish kerak” degan fikrlarni ilgari surishmoqda. Bunday e’tirozlarga Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov yaqinda o‘tkazilgan brifingda quyidagicha izoh berdi:

— “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi avtokorxonalar tomonidan 131 yo‘nalishda 1067 avtobus ishga chiqarilgan. Mashina salonida odam yetarlicha bo‘lsa, yo‘lovchi o‘z salomatligini o‘ylagan holda avtobusga chiqmagani har jihatdan ma’qul. Ozroq kutilsa, keyingisida bemalol ketish mumkin, — dedi u.

Afsuski, vazirlik vakili o‘ta jo‘n, umumiy, lekin samarasiz taklifni o‘rtaga tashlagani ko‘pchilikning g‘ashiga tegdi. Uchrashuv ishtirokchilari, hatto, “Oxirgi marta qachon jamoat transportida yurgansiz?” deya kinoya ham qilishdi. Zero, ko‘pchilik bu usulni qo‘llab ko‘rgani, oqibat, navbatdagi transport avvalgisidan ham tiqilinch kelgani, vaqt boy berilgach, “tiqilinch bo‘lsa ham avvalgisida ketmabman” deb attang qilgani ham bor gap.

O‘zimdan misol keltiray

Ertalab ishga borish uchun 98-avtobusni yarim soat kutdim. Jadval bo‘yicha oraliq vaqt ko‘pi bilan 15-20 daqiqa! Demak, bu yo‘nalishda yuradigan transport vositasi haydovchilari uchun vaqtning ahamiyati yo‘q.

To‘g‘ri, belgilangan tartiblar yo‘lovchilari kam ba’zi yo‘nalishlar uchun qo‘laydir, ammo aholi serqatnov joylarda bu usul o‘zini oqlamayapti. Oqibatda yo‘lovchilar virusni yuqtirib olish xavfi ikki hissa oshmoqda.

Xo‘sh, bu masalada soha mas’ullarida tayinli javob bormi?

Islom Omon

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.