150      0     Siyosat

Yaponiya Yaponiya bo’lguncha…

Taksida yonma-yon ketayotgan yigit suhbat asnosida yapon tilini o’rganayotgani, hademay Yaponiyaga ishlash uchun jo’nashi haqida gapirib qoldi. Aytishicha, o’zimizda maktabni tugatgan akalari, ota-onalari AQShda, Rossiyada mehnat qilayotgan ekan. Ish haqi Yaponiyada ko’pligi, u yerda yashash sharoiti yaxshiligini maqtadi. Voyaga yetib, mehnatga yaraydigan vaqtda ta’lim bergan, tinch-omon yashashiga imkon bergan mamlakatini yuqori maosh uchun tark etishga otlangan yigit bilan bo’lgan suhbat ushbu maqolaga mavzu yasadi.

Mamlakatimizda 11 yillik majburiy ta’lim joriy qilingan. Farzandlarni kamol toptirishdek eng serxarajat yumush soliq to’lovchilar zimmasida. Davlatimiz bir nafar bolani xat-savodli qilib voyaga yetkazishi uchun biz tasavvur qilganimizdan ham katta mablag’ xarajat qiladi. O’sha, voyaga yetib, Yaponiyaga ishlashga otlanayotgan yigit ham mamlakatimizda bepul ta’lim olgani, shifoxonalarda salomatligi saqlangani, xavfsizligi ta’minlangani oyday ravshan. Shu yigitning kamol topishiga xalqimizning ozmuncha puli sarflanmagandir? Xuddi shunday, yana qanchadan-qancha farzandlarimiz til o’rganib, boshqa mamlakatlarda yuribdi, qanchasi yo’l taraddudida ekan?

Sifatli ta’lim olib, yaxshi o’qigan farzandlarimiz yaxshi maosh izlab, vatanimizni tark etishini qanday izohlash mumkin?

Kamol topib, aqli-zakovati, mehnati bilan davlat byudjetiga ulush qo’shishi lozim bo’lgan chog’da ko’p maosh izlab, boshqa yurtlarga yo’l olish qanchalik to’g’ri?

Xalqimizda “To’nkani yorganga bir tanga, ko’rsatganga uch tanga” degan maqol bor. O’sha “to’nkani yorishni ko’rsatadigan” savodli farzandlarimiz mamlakatimizni tark etaversa, bu Vatanni kim obod qiladi? O’sha yigit norozi bo’lib gapirgan muammolarni kim bartaraf qiladi?!

Kim yangi texnologiyalarni hayotga joriy qiladi? Kim yangi ish o’rinlarini yaratadi, kim yangidan yangi raqobatbardosh xalq iste’moli buyumlarini ishlab chiqaradi? Ilm bilan kim shug’ullanadi? O’sha uzoq safarga otlangan yigit yadro qurolidan zarba yeb, qirg’inbarot urushda mag’lub bo’lgan iqtisodi nochor, hududida qazilma boyliga mutlaqo bo’lmagan Yaponiya Yaponiya bo’lguncha yaponlar qancha mehnat qilganini bilarmikan?

Bilamiz, yaponlar vatanparvar millat. Ular davlatiga bo’lgan muhabbatini har jabhada ko’rsatishga harakat qiladi. Hatto byudjetga nafim tegsin, deb Yaponiyada ishlab chiqilgan mahsulotlarni xarid qilishadi. Iqtisodiyotda, fan-texnika rivojida, mehnatda, madaniyatda, sportda erishgan g’alabalari so’zsiz yapon millatining vataniga bo’lgan muhabbati mahsulidir.

E’tiborlisi, xalqi vatanparvar bo’lgan barcha mamlakatlar eng rivojlanganlar sirasiga kiradi. Vatanim rivoji uchun men nima qildim, degan savolga har birimiz har kuni javob izlab, yechimini topsak, so’zsiz Vatanimiz gurkirab rivojlanadi.

Siz nima deysiz, aziz fikrdosh? Keling, bu kabi savollarga birgalikda javob izlaylik, yosh vatandoshlarimizga jo’yali maslahatlar beraylik.

Alimboy NISHONOV,
Jurnalist

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.