332      0     Jamiyat

Yashnobodda bolalar maydonchasi obodmi?

Shu desangiz, mahalla ishlariga hech befarq qaray olmayman-da! Mahalla faoli sifatida turli tadbiru tashabbuslar, yarashtiruv deysizmi, obodonchilikmi, bariga bosh-qoshman. Yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va “Nuroniy” jamg‘armasi mahallalarda xonadonlar va ko‘chalarni obod, ko‘rkam qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha murojaat qilishdi. Bu meni ham yanada faollikka chorladi. Xayrli ishlarga “Jonajon yurtim obodligiga o‘z hissamni qo‘shaman!” degan juda menbop shior tanlanibdi-da, o‘ziyam. Ishni nimadan boshlashni o‘ylab turganimda, uyimizga nabiramning dugonasi kelib qoldi. Yashash joyidagi muammolar haqida gapirib, bizning mahallada ham sizdek jonkuyar otaxonlar bo‘lganda edi, deb qoldi. Shu kichik rag‘bat g‘ayratimni oshirdi. Xullas, tibbiy niqobni taqib, ezgu maqsadda yo‘lga chiqdim.

Poytaxtimizning Yashnobod tumani Aviasozlar-2 mavzesidagi “Beshariq” mahallasida yashaydigan o‘sha qizning rahmatli buvasi bilan do‘st edik, uylarida mehmon ham bo‘lganman. Buni qarang, shahrimizdagi ko‘pgina tuman, mavze va mahallalar nomiga yaxshi niyat bilan “obod” so‘zi qo‘shilgan. Yunus­obod, Yashnobod tumani yoki “Xonobod” mahallasi deysizmi, qisqasi, bunga misol ko‘p. Afsuski, nomga munosib bo‘lish har doim ham oson emas.

Mana, talay ko‘p qavatli uylardan tashkil topgan “Beshariq” mahallasiga ham yetib keldim. Bu yerdagi “dom”lar juda gavjum. Atrofida dorixona, do‘kon, maktab va bog‘chalar juda ko‘p. Ha, aholi uchun anchagina qulayliklar yaratilibdi, deya asta ko‘p qavatli uylarning old tomoniga o‘taman. Yo‘l-yo‘lakay har qadamda yengil avtomobilga duch kelaverib, hayron qoldim: mashina degani odamdan ko‘p-a?! Avtomobillar uchun maxsus turargoh tashkil qilinmagan ekan-da! Bu yerlarda bolalar qanday o‘ynaydi yoki kechki sayrga chiqishadi? Ahvol chatoq-ku!

Ha, aytgancha, ko‘p qavatli uylar oldida bolalar uchun alohida maydoncha bo‘lardi-ku, esim qursin! Iye, maydoncha deganiyam ko‘rinmayapti-ku! Yo, huv anavi, bir-ikki bo‘lak temir-tersakdan boshqa narsasi yo‘q joy bolalar maydonchasimikan? Peshonamdagi terni dast­ro‘molimga artdim-da, nariroq yurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, atrofi to‘siq bilan chegaralangan maydonchada turli yoshdagi bolalar tuproqqa belanib, o‘ynab yurishibdi. Arg‘imchoqning ikki yonidagi temiri qolgan, xolos. Sirpanchiq moslama esa bahaybat ajdar ko‘rinishida ekan, past qismi chang-to‘zon bilan qoplanib yotibdi.

Bu yerda bolalar nima o‘yin o‘ynayapti, hayronman. Axir, bolalar maydonchasi, menimcha, yo‘lning qatnov qismidan, xo‘jalik maydonidan yoki mashinalar turar joyidan uzoqroqda joylashtirilishi kerak-ku! Qolaversa, bunday maydonchalarda alohida qum uyumi, ota-­onalar uchun o‘rindiqlar, arg‘imchoq va tepaliklar, “karusel”lar bo‘lishi kerak. Maydonni o‘rab turgan to‘siq balandligi bolalar chiqa oladigan darajada past yoki aksincha, ota-­onalar uy yaqinida o‘ynayotgan farzandini ko‘rib turishi uchun juda baland ham bo‘lmasligi lozim. Siz bularni qayerdan bilasiz, deysizmi? Ha, endi har ishga bosh-qosh bo‘lgan odammiz… Mana, sizga yana bir ma’lumot: bolalar va sport maydonchalari uy-joy fondi yer uchastkasi maydonining kamida 10 foizini egallashi kerak. Atrof­ga qarasam, 41, 47, 48, 49 raqamli bir nechta “dom” joylashgan. Demak, bu maydoncha yuqorida men aytgan talablarga javob bermaydigan ko‘rinadi. Qani, surishtiray-chi, bu haqda aholi qanday fikrda ekan?..

Boyadan beri qizchasiga “hoy-­hoy”layotgan kelinlardan biri — Muhabbat Dehqonova 8 yildirki, shu mahalladagi 41-uyda yasharkan. U yillar davomida maydonchaga ­e’tibor berilmay kelinayotgani haqida gapira boshladi. Singan, buzilgan arg‘imchoqlar qirrasi-yu, o‘nqir-cho‘nqir joylar tufayli farzandiga mudom ko‘z-quloq bo‘lib turgan ayol yana bir masala xususida so‘z ochdi. Juvonning gapiga qaraganda, to‘qqiz qavatli uyning lifti ham nosoz, tez-tez ishdan chiqarkan. Ha, tushunarli. Bu yerda yechimini kutayotgan muammo anchagina ekan. Tuman hokimiyatiga boray, desam, kech kira boshladi. Qolaversa, hamma yerda karantin bo‘lsa…

Uyga qaytib, ertasi kuni tuman hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildim. Biri bu masalada qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosar bilan bog‘laning, desa, ikkinchisi Mahalla va oila bo‘limiga qo‘ng‘iroq qiling, deydi. Xullas, e-e, o‘zim bilaman qayerga murojaat qilishni, dedim-u, har hafta o‘qib boradiganim — “Nuroniy” gazetasiga sim qoqdim. Endi nabiram tengi fotomuxbir yigit men ko‘rgan manzaralarni suratga olib keladi. Shunda bariga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Muammolarni hal qilishni tahririyatga ishonamiz. Avvallari ham bir necha byurokratlarning “esini kiritib” qo‘yishgan.

Nima dedingiz, tengdosh nuroniylar? Siz ham shahar yoki qish­loqlarni kezar bo‘lsangiz, nevaralarimga qo‘ng‘iroq qilavering!

Nuroniy so‘zini Sayyora QODIROVA oqqa ko‘chirdi.

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.