2018      0     Jamiyat

Yolg’on xabarlar (2-maqola)

Avvalroq «Oddiy hazil qanday qilib O’zbekistonda siyosatga aylanib ketdi?» sarlavhasi ostida 1-maqolamizni e’lon qilgandik. 2-maqolamiz esa rostdan ham ko’pchilikni xafa qilishi mumkin, shu bois oldindan uzr so’raymiz. Zero, maqsadimiz milliy mass-mediamiz umume’tirof etilgan printsiplar asosida ishlasa, taraqqiy etsa…

Oxirgi vaqtlarda ko’plab feyk xabarlarga duch kelib, o’ylab qoldim: yolg’on axborotlarni O’zbekistonda tarqatish osonmi? Buni bilish uchun Fikrat.uz bilan tajriba o’tkazdik.

23 may kuni Fikrat.uz ning telegram kanalida eng ko’p «o’g’irlanadigan» «Kun tarixi» ruknimizga atayin faktni buzib ko’rsatdik. Meni (Suqrot Toshkandiyni) hali mashhurlik ko’chasidan o’tmagan bo’lsam-da, mashhur yozuvchi, dedik. Nima bo’ldi, bilasizmi? Hattoki, Madaniyat vazirligi ham mening «mashhur yozuvchi» ekanligimni tan oldi!

Bir nechta telegram kanallar ham har doimgidek o’g’irlik qilishdi. Lekin ma’lumotlarni tekshirib ko’rishmadi.

Ko’chirishganiga yarasha, manbani ko’rsatsa ham rozi edik. Ammo ochiqchasiga…


Balki o’sha kuni shunday bo’lib qolgandir, degan iztihola bilan o’tgan kuni yana «Kun tarixi» ruknida yana atayin bir faktni buzib ko’rsatishga qaror qildik. Jorj Oruellning «1984» romani (1949 yil emas) 1948 yil nashrdan chiqqan deb yozdik. Eng qizig’i, “o’g’irlaganlar” soni o’tgan safarga nisbatan 2 barobar oshib ketdi. Biz esa bu gal hech kim bunday qo’pol xatoga yo’l qo’ymasa kerak, deb o’ylagandik.

«O’g’rilar» orasida viloyat va tuman hokimliklarining rasmiy kanallari ham mavjud!
Biz yana hayron qoldik. Uchinchisi halol deya, kechagi «Kun tarixi» ruknida 3-bor noto’g’ri fakt qo’shdik. Olmaota shahrini hozirgi Nur-Sulton shahri deb atadik (aslida Ostona shahri nomi Nur-Sultonga o’zgartirilgan). «O’g’ri kanallar»da yana noto’g’ri faktlar aylana boshladi.

Ularning soni oshib borayotgani sababli hammasini ham ko’rsata olmaymiz.

Demak, bizda bemalol yolg’on xabarlarni tarqatish mumkin, deya olamiz.

Yana bir narsaga e’tibor qarating.

Agar kimdir biror shaxsning, deylik, qo’l telefonini o’g’irlasa, u jinoyat sodir etganlikda, ya’ni o’g’irlikda ayblanadi. Tabiiyki, unga nisbatan huquqiy chora ko’riladi. Lekin ko’rib turganingizdek, milliy mass-media makonida manbani ko’rsatmasdan ko’chirish – “o’g’irlash” odatiy holatga aylanib bormoqda. Fact checking umuman yo’q, desak ham mubolag’a bo’lmas.

Yaxshisi 3-maqolamizni kuting…

Suqrot Toshkandiy

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.