67      0     Jamiyat

Yollanib ishlayotganlar pensiya olishadimi?

Bu ko‘pchilikni o‘ylantirgan savol, desak mubolag‘a bo‘lmas. Zero, yurtimizning turli hududlarida, ayniqsa, qishloqlarda ishsiz aholi orasida yollanib ishlaydiganlar oz emas. Yollanib ishlovchilar ham pensiya yoshiga yetgach, tabiiyki, pensiya olish uchun Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilishadi. Binobarin, bu haqda hozirdanoq tegishli choralarni ko‘rish ertaga yuzaga keladigan muammolarning oldini oladi. Xo‘sh, yollanib ishlovchilar bugun nimlarga e’tibor berishlari kerak?

Bu masalada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Axtam Narziqulov qu­yidagilarni ta’kidlaydi:

Ayrim shaxslar yollanib, kunlik tushum uchun yoki yil oxirida va’da qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — g‘alla yoki meva-sabzavot yetishtirish maqsadida ishlab, pensiyaga chiqish davrida zarur ish stajiga ega bo‘lmay qoladilar. Bunday holatda fuqaro ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzishi kerak. Shunda ishchini ijtimoiy himoya qilish, keyinchalik pensiyaga chiqishini ta’minlash imkoniga ega bo‘lamiz. Staj yetarli bo‘lmaganda to‘liqsiz pensiya tayinlanadi. Buning uchun ham ish staji kamida 7 yil bo‘lishi shart. Ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar davlat pensiyasi olish huquqiga ega emas. Hozirgi tartib bo‘yicha to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan tomorqasida mehnat qilayotganlar bir yilda 223 ming so‘m to‘lasa, pensiya uchun bir yil staj hisoblanadi. Afsuski, bu o‘rinda yollanma ishchilar masalasi e’tibordan chetda qolgan. Ayni vaqtda biz yollanma ishchilarni pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy badal to‘lash sharti bilan pensiya­ga chiqarish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish masalasini o‘rganyapmiz.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilib aytish kerakki, buning uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan shaxsiy yordamchi xo‘jaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik bilan shug‘ullanish) bilan bandligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olinishi kerak.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ishlab chiqqan “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh etish kontseptsiyasi” loyihasi aholi e’tiboriga havola etilgach, ko‘pchilik yollanib ishlayotgan fuqarolarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq majburiy tartibda Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali o‘tkazib borish mexanizmi takomillashtirilsa, bu — birinchidan, fuqarolarni pensiya ta’minoti bilan qamrab olish ko‘lami, ikkinchidan, Pensiya jamg‘armasining daromadlar bazasi kengayishiga olib keladi.

Sayyora QODIROVA
tayyorladi.

Facebook
Facebook
Twitter
YouTube
Instagram
Telegram
Vk

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.