1 dekabrdan nimalar o‘zgardi?

Ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tayotgani, umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi, kommunal sohadagi qoidabuzarliklar nazoratining Departamentga topshirilayotgani va boshqalar…

Adliya vazirligi tomonidan 1 dekabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxati taqdim etildi.

  1. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi

Prezident farmoniga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJTKning tegishli moddasi sanktsiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.

  1. Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi

Prezident qaroriga binoan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida davlat tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Ushbu tizim doirasida Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
  • tajriba-sinov loyihasi doirasida Davlat byudjetidan kafolatlangan paketni moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
  • tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
  1. O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchixonasida savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi

«Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq to‘lash fondiga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.

  1. Jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

  1. O‘simliklar karantini davlat inspektsiyasi xizmat itlari bilan ta’minlanadi

«O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Inspektsiya ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan o‘simliklar karantini sohasidagi o‘ziga xos «detektor»lar — xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini ta’minlaydi.

  1. Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi

Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish va sertifikatlash quyidagi muddatlarda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha;
  • 2022 — 2024 yillarda fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha Ma’lumot uchun, hukumat qarorida 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proportsional) ball berish tartibi joriy etilishi belgilangan.
  1. Atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan ayrim faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan I va II toifalarga mansub bo‘lgan mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi.

  1. Undiruvlar hisobiga kelib tushgan mablag‘lar «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga ajratiladi

Prezident farmoniga ko‘ra, jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha kelib tushgan mablag‘lar alohida g‘aznachilik hisobraqamida jamlanadi va belgilangan miqdorda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ochilgan hisob raqamlariga proportsional tartibda yo‘naltiriladi.

Ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlang‘ich narxdan 30 foizlik chegirma bilan, Davlat byudjetiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilayotgan mol-mulk esa — hududiy kengashlar qaroriga muvofiq 50 foizgacha chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auktsionga qo‘yiladi (bundan garovga qo‘yilgan mol-mulk bilan ta’minlangan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mustasno).

  1. Komunal sohasidagi qoidabuzarliklarni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti nazorat qiladi

Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi — Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur holat prezident «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida aks etgan.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi — ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan yordam beriladi

2020 yil 1 dekabrdan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 8 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda kafillik beriladi. Bu prezident «Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Kredit summasi 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagi miqdorlarda kompensatsiya beriladi:

milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan ortiq, biroq 5 foizli punktdan oshmagan miqdorda;
xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 30 foizi, biroq 4 foizli punktdan oshmagan miqdorda.

  1. «Toshshaxartransxizmat» AJ Axborot xizmati xabar berishicha joriy yilning 1 dekabridan boshlab «AVTOMATLASHTIRILGAN TRANSPORT TO’LOV TIZIMI OPERATORI» (ATTTO) Kompaniyasi tomonidan, yagona transport kartaning 5000 so‘mlik sotish aktsiyasi tugatilganini ma’lum qildi.

2020 yilning 1 dekabrdan boshlab shahardagi oylik yo‘l chiptalari sotish shahobchalarida, «ATTTO» transport kartasining bahosi 15 000 so‘m deb Operator tomonidan belgilandi.

Ushbu miqdorga quyidagilar kirishi nazarda tutilgan:
karta narxi – 10 000 so‘m
karta balansida – 5000 so‘m

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: