Adolatparvar insonlardan yordam so‘rayman

Men ancha vaqtdan buyon “Fikrat.uz” kanalini kuzatib boraman. Ushbu kanal va saytda hayotimizdagi turli nohaqliklarning ochiq-oydin yoritilishi mening e’tiborimni tortadi. Ayniqsa, yaqinda taniqli shoirga ko‘rsatilgan yordam uchun tasannolar aytgim keldi. Shu sabab bo‘ldimi, men ham o‘z dardimni aytmoqchiman. Sayt o‘quvchilari, albatta, o‘z fikr-mulohazalarini bildirib menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishadi, degan umiddaman.

Men 2012 yil noyabrda Zangiota tumanidagi “Turkiston” QFY, “Ilg‘or” mahallasi, Ulug‘bek ko‘chasi, 5-uyga kelin bo‘lib tushganman. Hozirda uch nafar farzandim bor. Qaynonam xonadonimizning teng yarmi, 4 sotix yerni bizga bo‘lib bergan. Turmush o‘rtog‘im bilan shu yerga 5 xonali uy solganmiz, ro‘zg‘orimiz ham bo‘lak. Lekin, ovsinim arzimagan sabablardan janjal chiqaravergach, 2019 yil boshida uyni sotishga majbur bo‘ldik va yangi uy sotib oldik. Lekin, u yerda hech qanday sharoit yo‘qligi sababli vaqtincha kelin bo‘lib tushgan hovlimda yashab kelayotgandik.

Ovsinim bilan bo‘ladigan janjallar tufayli 2,5 yoshli o‘g‘lim jarohat olib, kasalxonada davolanib chiqdi. Sakkiz yildan beri sabr qilib yashab kelayotgandim, lekin o‘g‘limning sog‘lig‘idan xavotir olayotganim sababli bu ko‘rgiliklarga chek qo‘yish vaqti kelganini angladim. Yaxshi hamki bu hayotda suyanchig‘imga aylangan turmush o‘rtog‘im bor.

Ovsinim doim meni yetim deb, past nazar bilan ochiqchasiga tahqirlab, haqoratlab keldi. Axir, ota-onam bu hayotni erta tark etishgan bo‘lsa, menda nima ayb? Aksincha, musulmonchilikda ota-onasi yo‘qlarga rahm-shafqat qilish kerak, deyilmaganmi?

Bir yil avval turmush o‘rtog‘im akasi D.B.ga 1150 $ qarz bergandi. Bu pullar o‘z uy-joyimizni sotib, yangi hovli olganimizdan qolgan va gaz, isitish pechini sotib olish uchun ajratib qo‘ygan mablag‘ edi. Qarzni qaytarishmagani sabab biz yangi xonadonimizni isita olmay ko‘chib keta olmadik.

Janjallar esa davom etaverdi. Janjallarning birida ovsinimning onasi o‘g‘limni narigi xonaga uloqtirib yubordi. O‘g‘lim dodlab yig‘lay boshladi. Buning ustiga ovsinimning ukasi Sayidmurod qo‘lida tesha bilan kirib kelib, erimni urmoqchi bo‘ldi. Bu orada mahalla raisi va posbon keldi. Biz esa o‘g‘limni 2-bolalar xirurgiya kasalxonasiga olib bordik. U yerda bolamning boshini rengen qilib, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, qattik qo‘rqish, sudirgi tashxislari bilan kasalxonada olib qolishdi. Kasalxonada davolanib chiqqach, sharoiti yo‘q o‘z hovlimizga ko‘chib keldik. Hozirda shu yerda yashayapmiz. Lekin qish yaqinlashgani sari yosh bolalarim bilan poli, isitish pechlari, gaz yo‘q uyda bundan buyog‘iga qanday yashayman, degan savol meni qiynamoqda.

https://youtube.com/watch?v=HhT5tWTVpSE%3Ffeature%3Doembed
Gapirsam gap ko‘p, huquq posbonlarining bizga bo‘lgan munosabati va bundan keyingi voqealarning esa tarixi uzun.

Mening hamshiralik kasbim bor, turmush o‘rtog‘im kreditga avtomashina olib, taksichilik qiladilar. Hayotda yaxshi insonlar ko‘p, qolaversa, Yurtboshimiz va saxovatpesha xalqimiz bor. Bizning huquqlarimizni himoya qiluvchilar adolat qaror topishiga kamarbasta bo‘lishlarini, bizni oyoq osti qilganlar o‘z qilmishiga yarasha jazo olishini so‘rayman.

Ra’no BAXTIYOROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: