Advokat 15 sutkaga qamalgan mijozini 3 kundan beri topa olmayapti

Ma’muriy qamoqni o’tash muassasasida uning himoyasidagi shaxs IIBBda saqlanayotganini aytishgan, IIBB esa hech qanday ma’lumot bermayapti.

“Madaminov Law Group” advokatlik byurosi advokati Muxsinjon Madaminov MJtKning 241-moddasi (“Diniy ta’limdan saboq berish qoidasini buzish”) bilan ma’muriy qamoq jazosini o’tayotgan
shaxsni uch kundan beri qidirib topa olmayotganini ma’lum qildi.Madaminovning aytishicha, jazo 2020 yil 1 may kuni tayinlangan bo’lib, 4 may kuni qamalgan shaxsning qarindoshlari uning huquqlarini himoya qilishi uchun advokat yollashgan (ularning iltimosiga ko’ra mahbusning ism-familiyasi, shuningdek sud nomi ko’rsatilmayapti — Tahr.).

Advokatga ko’ra, u darhol order rasmiylashtirib, himoyasidagi shaxsni izlashga kirishgan va avvalo Toshkent shahar IIBBga qarashli ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo’ljallangan maxsus muassasaga (qonun tilida — “maxsus qabulxona”) borgan.
Zero, «Ma’muriy qamoqni o’tash tartibi to’g’risida»gi qonunga binoan, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani uchun qamalgan shaxslar butun jazo muddatini shunday muassasalarda o’tashlari lozim.Biroq maxsus qabulxona xodimi advokatga uning himoyasidagi shaxs bu yerda emasligini, IIBB binosining o’zidagi hibsxonada saqlanayotganini aytadi.

“Ammo IIBBda menga umuman ma’lumot berishmadi. Hatto karantin davri bo’lgani uchun yuzma-yuz uchrashtirishmagan taqdirda ham, telefon orqali suhbatlashishga haqqim borligini ro’kach qildim — foydasi bo’lmadi”, — deydi Muxsinjon Madaminov.Advokatning aytishicha, u IIVning “102” va “1102” qisqa raqamlariga qo’ng’iroq qilib holatni tushuntirgan va xodimning noqonuniy xatti- harakatlaridan shikoyat qilgan. O’z navbatida ular o’zlari ham orada bir necha marta bog’lanib, M.Madaminovdan qo’shimcha tafsilotlarni so’rab-surishtirganlar. Biroq hanuzgacha himoyasi ostidagi shaxs topilgani yo’q.

“Bu yerda insonning tamal huquqlaridan biri bo’lmish himoyalanish va malakali yuridik yordam olish huquqidan tashqari, ikkita qonun talablari ham qo’pol buzilmoqda.Birinchidan, ma’muriy qamoq qo’llanilgan shaxs ma’muriy qamoqni o’tash muassasida mavjud emas. Bu esa «Ma’muriy qamoqni o’tash tartibi to’g’risida»gi qonun talablariga zid;Ikkinchidan, men o’zimning himoyam ostidagi shaxs bilan hali-hanuz uchrasha olmadim. Bu esa amaldagi «Advokatura to’g’risida»gi qonun talablari va konstitutsion normalar poymol bo’layotganini anglatadi”, — ta’kidlaydi advokat.

Muxsinjon Madaminov holat yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (Ombudsman)ga shikoyat qilgan, shuningdek professional faoliyatiga to’sqinlik qilinishi fakti bo’yicha Advokatlar palatasiga xabar bergan.PS: Muxsinjon Madaminovning aytishicha, himoyasidagi shaxs “dinshunoslik” mutaxassisligi bo’yicha o’rta-maxsus ma’lumotga ega shaxs bo’lib, o’z uyida 5 nafar voyaga yetmagan shaxsga “Qur’on” o’qishni o’rgatgani va “Muallimi soniy” qo’llanmasi asosida ta’lim bergani uchun jazoga tortilgan. Kecha, 5 may kuni ma’muriy ish kassatsiya bosqichida ko’rib chiqilib, birinchi instantsiya sudining qarori o’zgarishsiz qoldirilgan.

manba

Fikr bildirish