Afsonaviy Bryus Li

Nima uchun mashhur?


Kinoyulduz, jang san’ati ustasi, jit kundo sport turi asoschisi. Bugun uning tug‘ilgan kuni.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Bryus Li 1940 yil 27 noyabrda San-Frantsiskoda tavallud topgan. Otasi xitoy operasi aktyori bo‘lgani sabab Gonkongdan Amerikaga gastrolga otlangan vaqtda oy kuni yaqin bo‘lgan turmush o‘rtog‘ini San-Frantsiskoda qoldirishga majbur bo‘lgan. Tug‘uruqdan so‘ng hamshiralardan biri onaga chaqaloqqa amerikacha Bryus ismini qo‘yishni maslahat qilgan. Ammo bu ism haqida Bryus Li Amerikaga ko‘chib kelguniga qadar hech kim eslamagan. Chunki ota-onasi ajdarho burji ostida tug‘ilgani bois unga Li Syaolun (kichkina ajdarho) deb ism qo‘yishgan.

U Gonkongda katta bo‘lgan. Bolaligida ancha nimjon ko‘ringan, maktabdagi darslarga qiziqishi bo‘lmagan. 12 yoshida “Lya Sal” nomli kompleks rivojlanish kollejida o‘qigan. 13 yoshida esa raqs mashg‘ulotlariga qatnab, to‘rt yildan so‘ng Gonkongda o‘tkazilgan cha-cha-cha chempionatida g‘olib bo‘lgan. Sport ustasi Ip Mandan vin-chun, kung-fu san’atini o‘rgangan. Raqs sirlarini bilgani bois o‘z harakatlarini mukammal muvofiqlashtirgan.

Bryus Li 19 yoshga to‘lganida AQShga ko‘chib o‘tishga va tug‘ilganida olgan Amerika fuqaroligini tasdiqlatishga qaror qilgan. Avval San-Frantsiskoga keyin Sietl borib, shu yerdagi restoranlardan birida ofitsant bo‘lib ishlagan. Shu yillarda Edison texnika maktabini tugatib, Vashington Universitetining falsafa bo‘limiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik Bryus Li dzyudo, boks sirlarini ham o‘rganib, jit kundo nomli yangi kun-fu uslubini yaratgan.

1961 yilda AQShda jang san’ati maktabini ochib, o‘zi asos solgan uslubni o‘rgatgan, o‘z ovqatlanish qoidalarini ishlab chiqqan. Keyinchalik uning uslublari nashr qilinib, butun dunyoga mashhur bo‘lgan. 1964 yil u uning darslariga qatnagan 17 yoshlik talaba qiz Linda Emerga uylangan. Oradan ko‘p o‘tmay ular o‘g‘il, keyinchalik qiz farzandli bo‘lishgan. Kino olamiga esa u otasi sabab kirib kelgan.

1966-1967 yillarda aktyor ishtirokidagi “Yashil shershen” seriali namoyish qilingan. Ammo, unga bosh rollar nasib qilmagach, u Gonkongga qaytib, Golden Harvest kinostudiyasi bilan shartnoma tuzgan. 1971 yil uning ishtirokidagi “Katta Bos” filmi ekranga chiqqan. “Ajdarning tug‘ilishi”, “G‘azab mushti” filmlari esa Bryus Liga mashhurlik olib kelgan. 1972 yilda uning vafotidan olti kun avval taqdim etilgan “Ajdarxoning chiqishi” filmi esa aktyorning so‘nggi ishi bo‘lgan.

1978 yili taqdim etilgan “O‘lim o‘yini” filmida esa lentaning 28 daqiqasidagina rol o‘ynagan. Filmning qolgan qismi aktyorga o‘xshash odam ishtirokida suratga olingan. 1973 yil 20 iyul kuni 33 yoshida Bryus Li to‘satdan vafot etgan. Bunga bosh miya shishi sabab bo‘lgan. Ammo ba’zi taxminlarga ko‘ra uning o‘limi ba’zi hamkasblarining foydasi uchun xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. 1993 yili esa otasining izidan borgan Bryus Lining o‘g‘li, Brendon Li suratga olish maydonida o‘qdan yaralanib vafot etgan.

Mashhur nima deydi?

10 000 turli xil zarbalarni o‘rganayotgan odamdan qo‘rqmayman, bir zarbani 10 000 marta o‘rganayotgan odamdan qo‘rqaman.

Xatolarni kechirish mumkin, faqat ularni tan ola bilish kerak.

Yumshoq tabiat bo‘ling, ammo itoatgo‘y bo‘lmang. Qattiqqo‘l, lekin shavqatsiz bo‘lmang!

Dono kishi nodonning savolidan nodon dononing javobidan ololmagan hikmatni topishi mumkin.

Men hukm qilish o‘rniga tushunishni o‘rgandim.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: