Afsonaviy Zebo G‘aniyeva

Nima uchun mashhur?

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, radio operatori, mohir mergan, razvedkachi. Butun urush davomida 129 fashistni yo‘q qilgan. 1945 yilda rejessyor Nabi G‘aniyevning «Tohir va Zuhra» filmida Xorazm malikasi rolini ijro etgan. San’atga mehri baland qiz Tamaraxonimning shogirlaridan biri bo‘lgan. Yozuvchi Adham Rahmatning «Shinelli qizlar» kitobida Zebo qizning qahramonliklari haqida yozilgan. Shuningdek, fan doktori, professor unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Zebo G‘aniyeva 1923 yil 20 avgustda Ozarbayjonning Shemaxa shahrida tug‘ilgan. Ba’zi manbalarda u Qozog‘istonning Chimkent shahrida, Ozarbayjon Sovet entsiklopediyasiga ko‘ra esa O‘zbekistonning Guliston shahrida tavallud topgan, deyilgan. Zeboning otasi ozarbayjon, onasi o‘zbek bo‘lgan. 1937 yili 14 yoshlik qiz ota-onasidan tirik yetim bo‘lib qoldi. Uning onasi qatag‘on qilingan bo‘lsa, otasi Pasha G‘aniyev hayotini saqlab qolishi uchun qizidan kechishga majbur bo‘ladi. O‘sha yili Zebo Toshkentga jo‘naydi va o‘zbek filarmoniyasining xoreografiya bo‘limiga o‘qishga kiradi. 1940 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tib, Moskva davlat teatr san’ati institutining aktyorlik fakultetida tahsil oladi. Talaba qiz yuz minglab sovet talabalari singari frontga ko‘ngilli ravishda qatnashadi. Zebo qisqa muddatli o‘q otish kurslariga yuboriladi. U yerda u mergan miltig‘idan o‘q otishni o‘rganib, razvedka san’ati bilan tanishadi. 1941 yil 7 noyabrda vatanni himoya qilish uchun jo‘nab ketadi. O‘shanda u endigina 19 yoshda edi. Urush yillari 16 marta razvedkaga borib, dushman to‘g‘risida ma’lumotlar olib keladi. 1942 yil 23 may kuni uzoqdan turib otadigan optika durbini o‘rnatilgan miltig‘ini Leningrad viloyatining Katta Vragovo qishlog‘ida joylashgan nemis garnizoni tomonga qaratishga buyruq oladi. Birin-ketin olti fashistni yer tishlatgan bir vaqtda kichik leytenant Marshenkoga yordamga berishga to‘g‘ri keladi. Tinmay portlayotgan snaryad parchasi Zeboni yonboshidan jarohatlaydi. Shundan so‘ng davolanishi uchun samolyotda Moskvaga jo‘natishadi. 33 marotaba jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazib, uzoq vaqt o‘lim bilan kurashadi. O‘sha kunlari harbiy gospitalda o‘zbek san’atkorlarining kontserti bo‘lishi kerak edi. O‘shanda ustozi Tamaraxonim bilan uchrashadi. Uni ruhlantirish uchun Halimaxonim Nosirova, Komil Yashinlar maslahatlashib, Zeboning so‘zlari keltirilgan «Olg‘a bos, olg‘a bos, Doim olg‘a bos» degan qo‘shiqni yaratishgan. Oyoqqa turganidan so‘ng u 1942 yilning 12 aprelidan 23 mayigacha 151-o‘qchilar razvedka bataloni razvedkachi-mergani Zebo G‘aniyeva Chyornoye, Lunevo, Ojessi va Dyagilevo qishloqlari atrofida 20 nafar dushman ofitseri va snayperlarini o‘ldiradi. G‘aniyeva urushdan keyingi mehnat frontida ham tinmay xizmat qildi. O‘qishini davom ettirib, ilmiy daraja ham oladi. Sobiq ittifoqning Turkiya elchixonasi vakili Tofik Qodirovga turmushga chiqib, o‘g‘li Maratni dunyoga keltiradi. U 2010 yilda Moskva shahrida vafot etgan.

Mashhur nima deydi?

«Dushmanlar bizning ajoyib, ulug‘vor Kavkazimizga hujum qilishmoqda. Tog‘ ayollari: qozoqlar, chechenlar, kabardino-balkarkalari, ozarbayjonlar, gruzinlar, armanlar — hamma Kavkaz va Kavkaz ortida yashaydiganlar, siz dushman bandalariga qarshi ko‘tarilgan erlaringiz va aka-ukalaringizga yordam bering! Inson qo‘li bilan yaratiladigan — neft, paxta barchasi mehnatkashlar tomonidan yetishtirilayotgan ekan, dushmanni ham mag‘lub eta olasiz! Dushmanga uyimiz, bolalarimizni bermaymiz! Dushmanga o‘lim!».

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: