“Alifbe”ni yozgan olimning jangchi o‘g‘li

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari poytaxtimizning Shayxontohur tumani “Yangishahar” mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 94 yoshni qarshilayotgan Maqsud ota Oqilov xonadoniga tashrif buyurishdi.

Bu inson davlatimizning yuksak mukofoti “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohibi, ilk “Alifbe” kitobi muallifi Oqilxon Sharafiddinovning farzandi.

Oqilxon Sharafiddinov 1917 yilga qadar yangi usul maktablarida, 1918 yildan Toshkent uyezdining To‘ytepa qishlog‘ida maktab ochib, muallimlik qilgan. 1921 yildan Toshkentdagi ­19-umumta’lim maktabida, 1924 yildan 1970 yilgacha 14-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinflarga dars bergan. Oqilxon Sharafiddinov tomonidan 1938 yilda yaratilgan “Alifbe” kitobi o‘zbek maktablarining 1-sinfi uchun uzoq vaqt asosiy darslik bo‘lib kelgan.

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga o‘zbek xalqi beqiyos hissa qo‘shgan. Qonli frontda xalqimizning zabardast o‘g‘lonlari jonlarini Vatan himoyasi uchun baxshida etganlar. Maqsud ota ham yurtning ana shunday o‘g‘lonlaridan biridir.

Bobo bilan suhbatlasharkanmiz, u kishining so‘zlari, mardonavor qismati barchamizni birdek ta’sirlantirdi. Maqsud ota piyoda qo‘shinlarida oddiy askar bo‘lib xizmat qilgan. Fashistlarga qarshi janglarda ko‘plab do‘stlari, quroldoshlarini yo‘qotgan. Og‘ir vaziyatga qaramay, o‘zini qo‘lga olib, dushmanga ayovsiz zarba bergan.

Urush tugagach, Yevropa davlatlarida tiklanish davri murakkabliklarini bartaraf etish maqsadida xizmatini davom ettirib, 1948 yil bahorda Vatanga qaytgan.

Suhbat davomida faxriy otaxonimiz urush davrini shunday xotirlaydi:

Men 1926 yil 10 avgust kuni Toshkent shahri “Qoziko‘cha” mahallasida ziyoli oilada dunyoga kelganman. Urushning sovuq shamoli maktabni endigina bitirgan 17 yoshli navqiron yigitni ham chetlab o‘tmadi. Mahallamizdagi ­15-20 chog‘li yosh yigitlarni Samarqand shahridagi askarlar tayyorlov maktabi olib ketishdi. Ular safida men ham bor edim. Ma’lum tayyorgarliklardan so‘ng 1944 yil avgust oyida qo‘limizga qurol olib, urush tomon otlandik.

Bizni 2-Ukraina fronti piyoda qo‘shinlariga oddiy askar sifatida safarbar etdilar. Rezina qayiqda suv kechib, o‘rmonda okop qazib, yashirinardik, okopdan chiqib, o‘q otardik. Og‘ir vaziyatlarda ham ruhan tushkunlikka tushmay, o‘zimni qo‘lga olib, yov bilan olishardim.

Ukraina, Ruminiya, Vengriya, Moldaviya, Chexoslovakiya, Yugoslaviya davlatlarida xizmat qildim. Oxirgi manzilim Praga shahri bo‘ldi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba xabarini shu yerda eshitdik. O‘sha damdagi quvonch hissini tas­virlab bera olmayman (otaxonning ko‘zlariga yoshga to‘ldi). Ko‘kka qarata o‘q ota boshladik. Bu yovni o‘qqa tutish emas, “Biz g‘olibmiz!” degani edi.

Shundan so‘ng otaxonga: “Urush davrida ham qiziqarli voqealar bo‘larmidi?” deya savol berdim.

Chexoslovakiyada chegarada navbatchilikda turardim. Tun borliqqa o‘z pardasini yoygan, hammayoq qorong‘i. Faqat oyning xira yorug‘i nur sochib turibdi. Dushman sezib qolmasin, deya hatto sham ham yoqmasdik. Chegarada katta bir o‘ra bor edi. Chuqurning narigi tarafi jo‘xorizor. Men atrofni kuzatish maqsadida chegara tomon yura boshladim. Bir mahal shitirlagan ovozni eshitdim. “Kim bo‘lsang ham chiq!” dedim, jimib qoldi. Biroz vaqt o‘tgach, yana shitirlagan ovoz keldi. O‘ylab o‘tirmay, ovoz kelgan tomonga qarata o‘q uzdim. O‘q ovozini eshitgan safdosh do‘stlarim yugurib kelishdi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, “dushman”imiz oddiy olmaxon ekan, — deya otaxon xandon otib kulib yubordi.

Maqsud ota Oqilov urushdan so‘ng Toshkent shahrida veterinariya sohasida tahsil oladi va uzoq yillar shu kasbda faoliyat yuritadi. 1955 yili oila qurib, rafiqasi bilan 33 yil birga yashadi. Ikki o‘g‘il, ikki qizni o‘qimishli qilib voyaga yetkazdi. Mehnat faoliyati davomida “Jasorat” medaliga sazovor bo‘ldi.

Hozirgi kunda piru badavlat nuroniy otaxon 27 nafar nabira, evara hamda chevaraning sevimli bobosi bo‘lib umrguzaronlik qilmoqda.

Nozima MAMATOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: