Alisher Qodirov: Bugun bog‘chalarda ishlayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy ma’lumotli, xolos. Ular ham 1 mln.so‘m atrofida maosh olishmoqda…

2021 yilning byudjeti juda optimistik ruhda ko‘rib chiqildi. Hukumat tomonidan imkoniyatlar va xohishlar muvozanatiga erishish uchun jiddiy ishlangan. Doimgidek, masala ustuvorliklarda.

«Milliy tiklanish» partiyasi o‘zining «Inson o‘zgarmasa jamiyat o‘zgarmaydi» degan g‘oyasidan kelib chiqib 2021 yilda ayrim masalalarga e’tiborni kuchaytirish zarur deb hisoblaydi.

Jumladan:

1) Uyg‘onish davrining ostonasi maktab ekanligi ta’kidlandi. 10 mingta maktabning 3 mingtasida oshxona yo‘q. Borlarida ham, sharoit kutilganidan juda uzoqda. Frantsuz pedagogi Guy Jakuin 18 yoshgacha bo‘lgan bola organizmini porox bochkasiga o‘xshatadi: «…uning har bir a’zosida soatbay og‘riqli o‘zgarishlar yuz beradi. Bu juda og‘ir psixo-fiziologik stressni yuzaga keltiradi. Bu jarayonning katta qismi maktabda o‘tadi. Bola bu davrda hayotini izdan chiqarib yuboradigan mantiqsiz qarorlar qabul qilishi shu stressning ta’siridir. Bu stressni samarali oziqlantirish orqali o‘sishga xizmat qildirish kerak», degan xulosani beradi. Demak, maktablarimizda mayda huquqbuzarliklardan boshlab, jinoyatgacha yuz berayotganligi oshxonalar bilan bog‘liq. Taklif, davlat-xususiy sherikchilik asosida, barcha maktablarda oshxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yish kerak. Kam daromadli ish ekanligidan kelib chiqib maktab oshxonalarini yuritadigan tadbirkorlarga imtiyozlar ko‘zda tutilishi muhim.

2) Maktabgacha ta’lim sohasida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu juda yaxshi, lekin zamonaviy muassasa bo‘lsayu, mazmuni bo‘lmasa maqsadga erishib bo‘lmaydi. Bugun bog‘chalarda ishlayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy ma’lumotli, xolos. Ular ham 1 mln.so‘m atrofida maosh olishmoqda. Muammolarga to‘la tarbiyachini bolaga mehr ko‘rsatishiga ishonish qiyin. Bog‘chada bola agressiv munosabat ko‘rdi degani 10-15 yildan keyin jamiyatda agressiv kayfiyat kafolatlanadi degani. Prezidentimiz tomonidan bekorga maktabgacha ta’limga jiddiy e’tibor qaratilayotgani yo‘q. Chunki bu davr poydevor davr. Poydevor mustahkam bo‘lmasa uning ustiga qurilgan bino mustahkam bo‘lmaydi. Maktabgacha ta’lim tizimini professional pedagoglar bilan ta’minlash va ularning qadrini ko‘tarish masalasi jiddiy o‘ylanishi kerak.

3) Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan «El-yurt umidi» fondi mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni yetkazib berishi kerak. Bu fond yetarli moliyalashtirilmayapti. Misol sifatida Qozog‘istonning «Bo‘lajak» fondini keltirish mumkin. Bu fondning byudjeti 100 mln.dollarni tashkil etadi. Ular bugungacha 16 mingga yaqin sifatli davlat xizmatchisini tayyorladilar.

Mamlakatimizni qudratli bo‘lishi iqtisodiy quvvatimizni oshirish bilan bir qatorda inson kapitaliga tikiladigan sarmoyaning miqdori va sifatiga ham bog‘liq.

Prezident tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda bir gap aytilgan edi:

“Pulni topamiz. Investitsiyalar jalb qilamiz. Iqtisodimiz albatta rivojlanadi. Lekin mehnatlarni qadrlaydigan avlodni tarbiyalay olmasak qilgan ishlarimiz behudaga ketadi».

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: