Amir Temur davrida tibbiyot

Bu mavzu deyarli o‘rganilmagan, ammo o‘rgansa arziydi, chunki Amir Temur tibbiyotga juda katta e’tibor qaratgan edi, ya’ni nafaqat ulkan lashkarning sog‘lig‘i, balki o‘z hukmronligi ostidagi butun Turon davlatining tibbiyoti uchun o‘zini javobgar shaxs sifatida ko‘rgan. Bu haqda uzoq gapirib o‘tishimiz mumkin. Biroq sizning vaqtingiznihisobga olib, mavzuga aloqador ba’zi ma’lumotlar bilangina cheklanib qolamiz.

Ta’kidlab o‘tganimizdek, Amir Temur xalq sog‘lig‘i yo‘lida ham juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Masalan, XIV asrda yashagan tarixchi olim Tojiddin Ahmadiyni huzuriga chaqirib,Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobni: eski o‘zbek tiliga tarjima qildirdi va uni aholining turli qatlamlariga, xususan, tabiblarga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Uning zamonidagi tibbiy qo‘lanmalar quydagillar edi.

Najibuddin Samarqandiy mashhur tabib bo‘lib, XIII asrda yashagan. “Al-asbob va-l-alomat”, ya’ni “Kasalliklarning sabablari va alomatlari” degan asar yozgan.

Uning zamondoshi – Qarshi shahridan chiqqan mashhur tabib – Ali ibn an-Nafis al-Qarshiyning “Al-Mu’jaz” asari ham hozirgacha ham qimmatli manba sanaladi.

Mashhur tabiblardan yana biri, o‘z davrining allomasi hisoblangan G’iyosiddin Muhammad Jaloliddinning “Muolajoti ilohiy” asari esa juda noyob qo‘llanma hisoblanardi.

Shuningdek, u o‘z sog’lig’ini xalq tinchligi va osoyishtaligining ramzi deb tushunar va yonida shaxsiy tabiblar saqlar edi.

Bu to‘g‘risida Sharafutdin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh va boshqa muarrixlarda ma’lumot uchratishimiz mumkin. Mavlono Fazlulloh tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lgan. Shuningdek, manbalarda tabiblar sardori Mavlono Jaloliddin, Mavlono Sulaymon, Mavlono Izzaddin, Mas’ud Sheroziy, Mavlono Farrux kabi tabiblarning Sohibqiron Temur saroyida xizmat qilganligi tilga olinadi. Ahmad Yusuf ibn Faqih Ilyos degan mashhur tabib “Tashrixi Mansuri” hamda “Risola dar tashrixi badani inson”, ya’ni “Inson tanasiga oid risola” kitoblarini yozgan.

 Amir Temur va Temuriylar hukmronligi yillarida tibbiyot ilmiy asosga ega edi. Madrasalarda tibbiyot fani olamining yirik namoyondalari – Gippokrat, Ibn Sino, ar-Roziy va boshqa o‘nlab tib olimlarining asarlari, davolash usullari qattiq o‘rgatilgan. U paytlarda soxta tabibchilik qilish eng katta gunoh hisoblangan.

Amir Temur, ayniqsa, pokizalikka juda e’tibor bergan. Amir Temur huzurida bo‘lgan Rui Gonsales de Klavixo go‘sht maydalovchilar to‘g‘risida yozar ekan, ularning “oldilariga peshband tutgan, qo‘llariga charm qo‘lqop kiyib olgan” larini yozadi.

Qo‘shinga yoki chorvaga o‘lat tekkanda muhofaza choralari ko‘rilgan, qirq kun chilla saqlangan, ya’ni hozirgi til bilan aytganda, umumiy karantin e’lon qilingan. Masalan, Og‘izdan-og‘izga yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, Amir Temur navkarlariga sariq kasali tekkanda, ular Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan Omonxona soyida chillada saqlangan va shu yerdan chiqadigan shifobaxsh buloq suv bilan davolanishgan. Bu yerda juda ko‘p tabiblar ertayu kech bemorlarga yordam ko‘rsatib turganlar. Qozonlarda parhez taomlar tayyorlangan, ulardan biri suyuqosh bo‘lib, Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlarida hozirda bu taom sariq kasalligi bilan og’rigan bemorlarga beriladi.

Xullas, mana sizga juda katta mavzu: ilmiy ish qilaman degan yosh shifokor  bo‘lsa, Amir Temur va Temuriylar davriga ham bir nazar solsin. Ulkan tibbiy xazina o’z tadqiqotchilarini kutib turibdi.

To‘lqin HAYIT  

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: