BARAK OBAMA: Putin menga bir vaqtlar pora, shantaj, aldov va zo‘ravonlik bilan boshqargan shaxslarni eslatdi

AQShning 44-prezidenti Barak Obama «Orzudagi zamin» deb nomlangan xotira kitobini nashrdan chiqardi. Kitob sotuvga chiqarilgan birinchi kunning o‘zida AQSh va Kanadada 890 ming nusxada sotildi. Bu Penguin Random House nashriyoti uchun rekord natija hisoblanadi.

Kitobda uning chet elga safarlarida dunyo rahbarlari bilan uchrashuvlari ham keng yoritilgan. Quyida Obamaning Vladimir Putin haqidagi fikrlarini keltirib o‘tamiz.

Barak Obama prezident sifatida Rossiyaga birinchi marta 2009 yil yozda tashrif buyurgan. Tashrif oldidan Oq uy rahbariga AQSh Milliy xavfsizlik kengashi xodimi Maykl Makfol maslahatchi bo‘lgan, keyinchalik u Moskvada elchi sifatida ish boshlagan.

O‘sha paytda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Obamani AQSh bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga qiziqqan «zamonaviy siyosatchi» sifatida hayratda qoldirgan. Xotira kitobidagi esdaliklarga ko‘ra, Makfol Obamani Medvedev haqiqatan ham «jahon sahnasidagi jiddiy roli»ni isbotlashga urinayotgani haqida oldindan ogohlantirgan.

«Qarorlar hali ham Putin tomonidan qabul qilinishini unutmang», degan Obamaga maslahatchisi. Bu Dmitriy Medvedevning Obama bilan birinchi uchrashuvidayoq tasdiqlangan. O‘sha paytda ikki tomonlama munosabatlarda asosiy muammolaridan biri Gruziya bilan bo‘lib o‘tgan «uch kunlik urush» edi. Obamaning eslashicha, bu mavzuda suhbat boshlanishi bilanoq, Medvedev Rossiya hukumatining rasmiy munosabatini takrorlagan. Ammo gap uncha «nozik» bo‘lmagan boshqa mavzularga o‘tganda, Medvedev o‘zini erkin tutib, ochiqchasiga zavqlanib suhbatlashgan. «U menga o‘zi aytgan biror-bir so‘zga ishonmasligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan edi», deb yozadi Barak Obama.

Shundan so‘ng, Obama Novo-Ogarevoda o‘sha paytda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Vladimir Putin bilan uchrashadi. Uni qarorgohdagi shohona dasturxon tuzalgan zalda kutib olishadi. Obamaning yozishicha, Putin unga, siyosatga ilk bor kirib kelganida Chikagoda duch kelgan odamlarni eslatgan. «Qandaydir okrug xo‘jayini kabi kimsa, lekin qo‘lida yadro qurollari va BMT Xavfsizlik Kengashida veto qo‘yish huquqi bor odam», degan Obama Putin haqida.

«Putin menga bir vaqtlar «Chikago siyosati»ni yoki Timmani-hollni (XIX asr o‘rtalaridan XX asr boshlarigacha Nyu-Yorkda demokratik partiyadan nomzodlar ko‘rsatadigan jamiyat) pora, shantaj, aldov va zo‘ravonlik bilan boshqargan shaxslarni eslatdi», degan u.

Qo‘shma Shtatlardagi Chikago siyosiy «mashina»si azaldan korruptsiya ramzi bo‘lib kelgan. Oq uyning sobiq rahbari eslaganidek, Rossiya rahbari suhbat boshida AQShga qarshi barcha da’volarini batafsil bayon qilishni afzal ko‘rgan.

«Putin oxiri tugamaydigan gapini boshlaganida, men o‘z savolimni tugatishga arang ulgurardim. U AQSh tomonidan qilingan adolatsizliklar va amerikaliklarning ruslarga nisbatan hurmatsizlik holatlarini batafsil sanab o‘tdi. Hatto 11 sentyabr kuni prezident Bushga qo‘ng‘iroq qilib, razvedka ma’lumotlarini taqdim etganini ham gapirdi», deydi Obama o‘z xotiralarida.

Shuningdek, Rossiya rahbari AQSh O‘zbekiston va Qirg‘izistonda harbiy bazalar ochganda ushbu mamlakatlar rasmiylari bilan gaplashib, ularda Amerika harbiy bazalarini joylashtirishda yordam berganini gapirib o‘tgan. Obamaning eslashicha, Putin «Bush uning ogohlantirishlariga quloq solmagani» va uning Iroqqa bostirib kirishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqargani haqida gapirgan.

Putin gapirayotib NATOning kengayishi va AQShda «Rossiya ta’sir doirasidagi mamlakatlar»ga uyushtirilgan «rangli inqiloblar» va AQShning «dunyoga hukmronlik qilish» yo‘lidagi urinishlariga ham to‘xtalgan.

Bundan tashqari, Putin AQSh Rossiyani «teng huquqli sherik» sifatida ko‘rmasligini, shuning uchun bunday sharoitda ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanishiga umid qilish qiyinligi haqida ham gapirgan.

Obamaning ta’kidlashicha, Putin 45 daqiqa tinmasdan gapirgan. Shundan so‘ng, AQSh rahbari Putin tomonidan qilingan e’tirozlarga, savollarga batafsil javob berishga urinadi. Ammo Putinni uning javoblari qiziqtirmaydi, Putin uni diqqat bilan tinglamagan.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: