Barnum effekti munajjimlar bashorati

nimaga asoslanganini anglatadi

Boshqa odamlar e’tibor qaratishiga va hurmat qilishiga muhtojsiz, ayni vaqtda o‘zingizga tanqidiy yondashayapsiz. Ba’zi kamchiliklaringiz bo‘lishiga qaramay, odamlarni yaxshi jihatlaringiz borligiga ishontira olasiz. Biroz sabrli bo‘lsangiz, maqsadingizga erishasiz.

Tashqaridan o‘ziga ishongan odamday ko‘rinasiz, lekin ichingizda juda hayajonlanasiz. Ba’zida biror ishni qilib, to‘g‘ri qildimmi-yo‘qmi deya ikkilanasiz. Sizni qoidalar bilan cheklab qo‘yishlaridan o‘zingizni yomon his qilasiz…

Shu kabi munajjimlar bashoratini o‘qigach, har bir inson uning naqadar o‘ziga mosligidan hayratlanishi ehtimoldan xoli emas. Aslini olganda esa hayron qoladigan joyi yo‘q. Yuqoridagilarni bayon etish uchun har bir burj bo‘yicha osmondagi yulduzlarni kuzatish ham talab etilmaydi. Bu odamlarning umumlashgan shaxs tavsifi bo‘lib, ko‘pchilik aynan menga tegishli deb hisoblaydi. Psixologiya fanida Barnum yoki Forer effekti deb ataladi.

Psixolog Bertram Forer 1948 yilda tadqiqot o‘tkazib, ushbu holatni tushuntirib beradi. Tadqiqotda talabalarga shaxsning psixologik analizlari natijalaridan iborat test beriladi. Biroq haqiqiy natijalar o‘rniga munajjimlar bashorati tarqatilgan edi. Keyin esa Forer har bir talabadan o‘zi haqidagi ta’rifning moslik darajasini baholashni so‘raydi. Natija Forerni hayratga soladi. Javoblarning aksariyati barcha talabaga to‘g‘ri keladi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, Barnum effektida ta’riflar mavhum, noaniq gaplardan iborat, ko‘rsatilgan xususiyatlar ko‘pchilikka xos bo‘lishi kerak. Masalan: siz baxtli bo‘lishga haqlisiz, go‘zal fe’l-atvoringiz bilan ajralib turasiz, aqlli va intiluvchansiz kabi. Eng muhimi, ta’rif odamni ijobiy jihatdan xarakterlashi kerak.

Bir frantsuz psixologi gazetaga astrolog xizmati haqidagi reklamani joylashtiradi. Yuzlab buyurtmaga ega bo‘lgach, u hamma mijozlariga bir xil mazmundagi, mavhum gaplarni yozib yuboradi. Buni qarang-ki, unga 200 dan ortik kishi aniq bashorat uchun minnatdorlik bildiradi.

Ikkita ko‘z mavjudligi hamma umurtqali hayvonlarga xos, demak, bu ularni farqlovchi omil emas. Mohiyatan har bir psixologik xususiyat ma’lum darajada hammaga tegishlidir, – deb yozadi Forer maqolalaridan birida. Ya’ni bashoratda qanday xususiyatlar sanalgan bo‘lsa, ular ko‘p hollarda hammaga tegishli bo‘ladi.

Ma’lumki, tanqidni hamma ham qabul qila olmaydi, aksariyatimizga maqtov, olqish yoqadi. Shuning uchun Barnum effekti ijobiy gaplardan iborat bo‘ladi.

Ekstraseanslar, folbinlar, soxta psixologlar bu texnikadan ustalik bilan foydalanishadi. Ularning qabuliga kelganlar esa, o‘zi haqidagi aniq ma’lumotlarni eshitayotgandan hayron bo‘lishadi.

Muxtasar aytganda, munajjimlar bashoratidan ko‘zlangan maqsad birovning mushkulini oson qilish yoki unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish emas, odamlar e’tiborini jalb etish va shu orqali daromad topish ekanini unutmaslik kerak.

Iroda NORBOYEVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: