Betaraf deputatlar yana pand berdi

yoxud “Milliy tiklanish” DP va “Adolat” SDP fraktsiyalari qonun loyihasini nega muhokamadan chiqarishga harakat qildi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 5 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisi kun tartibi tasdiqlanishidan avval “Adolat” SDP fraktsiyasi rahbari Narimon Umarov birinchi o‘qishda kiritilayotgan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasini kun tartibidan chiqarish taklifini bildirdi. Fraktsiya rahbari o‘z taklifini qonun loyihasi kontseptsiyasi bir qator kamchiliklarga ega ekanligi, ayniqsa loyihaga ilova sifatida kiritilgan tushuntirish xati bilan qonun loyihasi o‘rtasida nomuvofiqliklar mavjudligi, qonun tashabbusi sub’yekti tomonidan ushbu masalalarga e’tibor qaratilmagani bilan izohladi. Ayrim deputatlar esa qonun loyihasini kontseptual jihatdan ma’qullash va jiddiy muhokama qilish uchun hech qanday to‘siqlar yo‘qligini aytib o‘tdilar.

Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ham tushuntirish xati asosiy hujjat emas, biz qonun loyihasini muhokama qilaverishimiz mumkin degan qat’iy munosabatni bildirdi. Biroq, “Adolat” SDP fraktsiyasining taklifini “Milliy tiklanish” DP fraktsiyasi rahbari Alisher Qodirov qo‘llab-quvvatladi va kuni kecha bo‘lib o‘tgan fraktsiya yig‘ilishida ham ushbu partiya a’zolari loyihaga qarshi ovoz berganliklarini ta’kidladi. Shundan so‘ng loyiha kun tartibida qolish yoki qolmasligi masalasi ovozga qo‘yildi va uning natijalariga ko‘ra loyiha ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Mazkur qonun loyihasining muhokamasi keskin bahs-munozaraga aylanib ketdi.
… Muhokamalarda masofadan videoselektor tarzida ishtirok etgan Adliya va Moliya vazirlari o‘rinbosarlari, boshqa mutaxassislar ham qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish va uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlarning takliflarini inobatga olib takomillashtirish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Ammo, “Adolat” SDP va “Milliy tiklanish” DP fraktsiyalari a’zolari qonun loyihasini bu shaklda qabul qilinaverishi, uni hayotda ishlamasligiga olib keladi degan pozitsiyani qat’iy himoya qildilar. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ovozga qo‘yilganda deputatlarning 73 nafari yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 26 nafari qarshi chiqdi, 9 nafar deputat betarafligini bildirdi va qonun loyihasi birinchi o‘qishda o‘tishi uchun bor yo‘g‘i 3 nafar ovoz yetmadi…

P.S. Betaraf deputatni hech tushunmayman, Ko‘pchilik «uning o‘z pozitsiyasi yo‘q, bolaligidan dadasining ko‘rsatmalarini qilib o‘rgangan» deb hisoblaydi. Men bu fikrga ko‘pam qo‘shilmayman: betaraflar, ya’ni o‘z nutqai nazari, pozitsiyasi yo‘qlar, juda ehtiyotkor odamlar, ular xato qilishdan emas, kimgadir yoqmay qolishdan qo‘rqishadi.
Janob betaraf deputatlar, qaysi tarafda ekanligingizni aniqlab olish fursati yetmadimi?

Suqrot Toshkandiy

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: