Bir martalik “umri boqiy” yelim idishlar

Har gal bir xil vaqtda ko‘p qavatli uylar oralab, sut-qatiqqa to‘la ikki sumkasini yelkalagan ayol uch-to‘rt soat ichida “yuki”dan qutulib, uyiga yo‘l oladi. Uning qo‘lidagi rangi uniqib ketgan “baklashka”larga ko‘zim tushganda bu idishlarning har biri necha-necha xonadonga “mehmon” bo‘lib chiqdi ekan, deya o‘ylab qolaman. Negaki, ba’zilarining usti qirilgan, bujur, hatto, o‘ziga mos bo‘lmagan qopqoq bilan berkitilgan bo‘ladi. Eng yomoni, yo‘lida uchragan shunday idishlarni terib, sumkasiga solayotganiga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Axir, ko‘cha-ko‘yda yotgan, to‘g‘ri kelgan yelim idishni yig‘ib, sut solib sotish insofdanmi? Nari beri yuvgan, chaygan bo‘lsa bordir. Balki, ko‘ngilchanlik qilib, qo‘yavering, shu savdo ortidan bechora ayol ro‘zg‘or tebratayotgandir, kam-ko‘stini to‘ldirayotgandir, dersiz. Shunday bo‘lishi ham mumkin, biroq bu harakati bilan boshqalar salomatligiga putur yetkazib qo‘ymayaptimi? Qayta-qayta ishlatila-yotgan baklashkaning inson salomatligi uchun qanchalik xavfi borligini o‘sha ayol biladimi? Boshqalar-chi?

Mutaxassislar plastmassa va yelim idishlar biz o‘ylagandan ham xavfli ekanini ta’kidlashmoqda. Negaki, bunday idishdan ma’lum vaqtdan so‘ng chiqadigan zaharli moddalar oziq-ovqat, ichimlik bilan birga inson organizmiga ziyon yetkazishi mumkin ekan. Yelim tarkibidagi xavfli kimyoviy “Bisfenol-A” moddasi inson tanasiga o‘rnashib, to‘plangach, turli xil kasalliklarni keltirib chiqarishi, shu jumladan gormonal o‘zgarishlarga olib kelishi tajribada isbotlangan. Bundan tashqari, ovqat hazm qilish tizimi faoliyatini, modda almashinuvini buzadi, allergik reaktsiya keltirib chiqaradi.

Endi o‘ylab ko‘ring, siz avvalgi “taqdiri”dan bexabar bo‘lgan baklashkadagi sut salomatlikka ziyon yetkazmasligiga kim kafolat beradi?

Do‘kondan sotib olinadigan suyuqlik to‘ldirilgan yelim idishning yorlig‘iga qarang. Aylanaga olingan “PET” yoki “PETE” yozuvi idishni faqat bir marta ishlatish kerakligi belgisi hisoblanadi. Bir marta foydalanilgan idishni qayta ishlash korxonasiga topshirish kerak, sutchi xotinlarga emas! Biroq biz “rahmdillar” baklashkaning “umri”ga umr qo‘shib, kerak bo‘lsa, yillar davomida “dastyor”imizga aylantirib olamiz. Xohlasak, suv, xohlasak sut solinadigan yoki yog‘ saqlanadigan idishga aylantiramiz. Beixtiyor, o‘ylab qolasan kishi, biz, OAV vakillari xalqimizga yelim idishlarning zarari haqida yetarlicha axborot berolmayapmizmi ekan? Ehtimol, bunday idishlarni takror ishlatish zararligini ko‘pchilik bilmas yoki bilsa-da o‘z sog‘ligiga o‘zi jabr qilib charchamas?

Esimni taniganimdan beri erta saharda – xo‘roz qichqirig‘idan avval “sut, malako” degan qichqiriqni eshitib kelaman. Mana, hozir ham shu ovoz… sut sotish uslubi ham hali-hamon o‘sha-o‘sha… Undan ko‘ra biroz qimmat bo‘lsa-da, do‘kondan qadoqlangan sut va sut mahsulotlari sotib olganimiz afzal emasmi?! Albatta, bu borada hammaning fikri har xil. Shunisi aniqki, inson salomatligi baridan ustun.

Siz nima deysiz, hurmatli fikrdosh?

Mahfuza Po‘lotova,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: