
Birinchi jahon urushi haqida 5 fakt
#5_fakt. 1914 yil 28 iyul` Birinchi jahon urushi boshlangan kun.
1. XX asr boshida nufuzli davlatlar o’rtasida dunyoni qaytadan taqsimlab, egalik qilish maqsadida boshlangan o’zaro kurash oxir-oqibatda 1914-17 yillarda keng quloch yoygan birinchi jahon urushiga olib kelgan. 1914 yil 28 iyun kuni Avstro-Mojar taxti vorisi ertsgertsog Frants Ferdinandga Saraevo shahrida suiqasd qilinishi esa urushga bahona bo’lgan.

2. Birinchi jahon urushida 1,5 milliard aholini qamrab olgan 38 davlat qatnashgan. Urushda 65 millionga yaqin odam jang qilgan. Ulardan 10 million askar vafot etgan. Bundan tashqari, urush 12 million tinch aholining hayotiga zomin bo’lgan. Imperator Nikolay II ning farmoni bilan Turkiston general-gubernatorligidan umumiy hisobda 200 470 kishi urushga safarbar etilgan.

3. Mazkur urushda birinchi marta tanklar, kimyoviy qurollar, gaz niqoblar ishlatilgan. 1916 yil 15 sentyabrda Somme daryosi bo’yidagi urush maydonida ilk bora zirxli texnika –tankdan foydalanilgan.

4. Birinchi jahon urushining umumiy qiymati (barcha ishtirokchilar uchun dollarning o’sha paytdagi qiymatida) 200 milliard dollarni tashkil etgan (hozirgi davr uchun 11 trillion). Urush natijasida avstro-venger, usmonli va nemis imperiyalari tugatilgan, Rossiyada monarxiya ag’darilgan.

5. Birinchi jahon urushi avval SSSRda «German urushi», Yevropada esa «Buyuk urush» deb atalgan. Rossiya urushda bor kuchi bilan jang qilgan bo’lsa-da, urush yakunlanishiga 8 oy qolganida urushdan mag’lub bo’lib chiqadi. Gonduras esa «nomiga» qatnashgan bo’lsa-da, urushda g’oliblardan deb topiladi.

Qo’shimcha fakt: Birinchi jahon urushi vaqtida Gitler gaz niqobini to’g’ri kiyish uchun mashhur mo’ylovining uzun uchlarini qirqib tashlashga majbur bo’lgan.
