Bobur Karimov: Gapiradigan mavzusini tushunsa, barcha uchun manfaatli bo‘lardi

Bobur Karimov deputat Alisher Qodirov gaplariga munosabatini bildirdi.

Esingizda bo‘lsa, «Milliy Tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov avtosanoatni to‘xtatib, xorijdan avtomobil olib kelishni taklif qilganlarni soxta xalqparvarga chiqargandi.

Alisher Qodirovning ushbu gaplariga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov quyidagicha munosabat bildirdi:

Matbuot anjumanida mening avtomobillar importi uchun bojni isloh qilish haqida aytgan gapimga ilova qilib, Alisher Qodirovning ijtimoiy tarmoqda bildirgan fikri meni taajjubga soldi. Butun boshli bir partiyaning rahbari, ozgina bo‘lsa-da, gapiradigan mavzusini tushunsa, barcha uchun manfaatli bo‘lardi.

Bilamizki, har bir tadbirkorning asosiy maqsadi foyda olishdir. Qancha ko‘p foyda olsa, shuncha yaxshi. Bu maqsadga erishish uchun halol tadbirkorlar turli rivojlanish strategiyalarini o‘ylab chiqadi, faoliyatiga innovatsiyalarni olib kiradi, mahsulot sifatini qat’iy nazorat qiladi va narx siyosatini to‘g‘ri olib boradi. Bundan hamma yutadi: tadbirkor mahsulotini sotadi, iste’molchilar esa bozor narxida mahsulotini xarid qiladi. Bunday bozorda faqat sifatli va arzon mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yutadi.

Lekin ayrim monopolistlar unday emas. Monopolist biladiki, nima bo‘lsa ham xaridorlarning boshqa tanlovi yo‘q. Tovar qimmatmi, sifatsizmi, baribir xarid qilinsa, bas. Chunki talab bor, lekin taklif chegaralangan. Ammo bu holat har doim davom eta olmaydi. O‘zbekiston kelajakda ko‘plab iqtisodiy integratsion tashkilotlarga a’zo bo‘lishiga ishonaman. Ana ularga qo‘shilganda, asosiy talablardan biri — tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish va shu shart bilan bizning bozorimizga turli ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti kirib keladi, — dedi Bobur Karimov.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: