Bolalar va maktab

Margaret Tetcherni umri davomida ikki taxallus bilan atab kelishgan. Birinchisi SSSR sovg‘a qilgan o‘sha mashhur «Temir xonim» (jeleznaya ledi). 1976 yili inglizlarning «The Sunday Times» gazetasi SSSR Mudofaa vazirligi gazetasi sharhlovchisi kapitan Gavrilovning konservatorlar yetakchisi – Tetcher haqidagi «Temir xonim» (jeleznaya dama) iborasini shunday tarjima qilishgandi.

Tetcherning ikkinchi taxallusi esa milk snatcher (milk snetcher) ya’ni bolalar suti o‘g‘risi ma’nosida juda haqoratli edi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Britaniya qashshoq edi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, oziq-ovqat tanqis edi va hukumat 11 yoshgacha bolalarga har kuni bitta issiq tushlik va shishachalarda 1/3 pintadan (pinta – ingliz o‘lchov birligi) sut berishni ta’minlaydigan ta’lim haqidagi qonunni qabul qildi.

1970 yilda ser Edvard Xizning hukumati davrida ta’lim vaziri bo‘lgan Tetcher maktablarga byudjet xarajatlarini qisqartirish maqsadida sutni faqat yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarga qoldiradi.

O, bu qaror o‘shanda butun mamlakatning shunday jahlini chiqaradiki! Har xil karikaturalar, noroziliklar. Odamlar «Tetcher, Tetcher, milk snetcher!» deya mazax qilib yurishardi.

1989 yilda Tetcher Buyuk Britaniya Bosh vaziri sifatida ta’lim vaziridan bepul sutlarni bog‘chalardan ham olib tashlash bo‘yicha taklif olganida, o‘sha paytdagi arxiv ma’lumotlariga qaraganda u o‘z qo‘llari bilan shunday yozgan ekan: «o‘quvchilarning suti davlat uchun arzimagan 4 mln.funtga tushadi. Va xalqning g‘azabini keltiradi. Men buni 19 yil oldin boshimdan kechirganman. Yaxshisi, 4 mln.funtdan ko‘ra, 400 mln.funtni tejab qoladigan usullarini topinglar. Shunda taklifinglarni ko‘rib chiqaman».

Lekin baribir oxirgi nafasigacha, hatto ta’ziya bildirishda ham leyboristlar partiyasi va matbuot uning o‘sha taxallusni eslashgandi.

Bolaligimda Kiyevdagi Sobiq Ittifoq maktabida bizlarga ham har kuni bir krujkadan sut berishganini eslayman. Toshkentdagi maktabda esa Mustaqillik yillarida sut yo‘q edi, 90-yillarning boshlarida «prezident»dan ozroq u-bu narsa berib turishdi. 9 sinfgacha haftada bir tarkibida yodi bor (antistrumin) tabletkalar berishgan. Keyinchalik bularning bari yo‘qoldi.

Agar maktab va bolalar uchun ajratiladigan byudjetdan qisqartilib yo olib tashlangan har bir narsaga achchiq taxalluslar berilganida edi, amaldorlar yetti o‘lchab bir kesgan bo‘larmidi.

Mening uch bolam bor. Yosh avlodni sog‘lom va baquvvat bo‘lib tarbiyalanishi naqadar muhim ekanini bilaman. Yashash darajasini hisobga olib, viloyatlardagi boshlang‘ich maktablarga issiq nonushtasi va iodli preparatlarini qaytarish kerak.

Aziza Umarova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: