Buyruq аmalga оshmasa, undan ne naf?

Maktab ta’limi tizimida ortiqcha fanlarning yuklatilgani o‘quvchiga yetarli bilim berishga halaqit qiladi.

So‘nggi vaqtlarda repetitorlarga, ya’ni qo‘shimcha ta’limga ehtiyoj kuchaygani bejiz emas. O‘quvchilar egallamoqchi bo‘lgan sohasiga doir fanlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun repetitorga qatnab, maktab darslarini tashlab qo‘yayotgani, buning oqibatida maktablarda yuqori sinf o‘quvchilarining davomati qoniqarsiz darajaga tushib borayotgani ham sir emas.

Olti oycha avval Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida bu muammoga yechim topilgani haqidagi xabarni o‘qigan edim: “Xalq ta’limi tizimidagi maktablarning 10-11-sinflarida fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitiladi”. Unda qayd etilishicha, “2019-2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitila boshlanadi. Tajriba sinov 2019-2020 o‘quv yili yakuniga qadar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri buyrug‘i bilan 2019-2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalar tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”sida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarining joriy etilishi belgilangan.

Variativ o‘quv rejalarini joriy qilishdan maqsad o‘quvchilarning o‘zlari qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va yuqori sinflarda o‘quv jarayonini kasblarga yo‘naltirilgan holda tashkil etishdan iborat”.

Ajoyib! Vazir buyrug‘ida 2020-2021 o‘quv yilidan e’tiboran, 10-11 sinf o‘quvchilari 3-chorakdan boshlab 7 ta majburiy fandan tashqari o‘zlari egallamoqchi bo‘lgan sohasiga doir fanlarni tanlash huquqiga ega bo‘lishlari belgilanibdi (majburiy fanlar: ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, ma’naviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya).

Shuningdek, vazirning buyrug‘iga ko‘ra, o‘quvchilar quyidagi ixtisoslashgan yo‘nalishlarning birini tanlagan holda ta’lim olishi mumkin edi:

  • xorijiy til va filologiya yo‘nalishi;
  • texnologiya yo‘nalishi;
  • moliya-iqtisod yo‘nalishi;
  • tabiiy fanlar yo‘nalishi;
  • ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi.

Rosti, xabarni o‘qib, o‘quvchilar uchun ancha yengillik bo‘lar ekan, deb o‘ylagan edim. Ammo maktablarda o‘quvchi va ota-onalar tomonidan dasturga norozilik bildirilsa yoki maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning saviyasi tizimning ta’lim berish talablariga javob bermasa, bu tizim yo‘lga qo‘yilmasligi mumkinligi haqidagi bandi ensamni qotirdi.

Aniqrog‘i, bu gap menga respublikaning deyarli yarim maktablarida tizim yo‘lga qo‘yilmaydi, deganday tuyuldi. Axir, aksariyat o‘qituvchilar maoshining kamligi, o‘quvchilar repetitor ta’limini afzal ko‘rayotganligi va shunga o‘xshash turli va’jlardan kelib chiqib, biznes yo boshqa sohalarga berilib, bilim berishni o‘zlariga moslab olganidan ko‘z yuma olmaymiz.

Qolaversa, o‘qituvchilarga toifa berish yuzasidan o‘tkazilayotgan attestasiya imtihonlari ham shaffof va adolatli o‘tmayotgani sir emas.

Buni qarangki, taxminim deyarli to‘g‘ri chiqdi. Chunki, o‘quv yili allaqachon tugagan bo‘lsa ham vazir buyrug‘i ijrosi ta’minlanmadi.

To‘g‘ri, bu holatni yurtimizda joriy etilgan karantin bilan bog‘lash mumkin. Ammo maktablarda vazir buyrug‘i ijrosini ta’minlash uchun hech bir harakat amalga oshirilmadi-ku.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining aytishiga qaraganda, buyruqqa muvofiq, jalb qilinishi kerak bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalari pedagoglari hech bir maktabga taklif qilinmagan, o‘quvchilardan esa yo‘nalish tanlash bilan bog‘liq so‘rovnoma ham olinmagan, buning uchun biriktirilgan komissiyaning o‘zi ham yo‘q.

Eng yomoni, mas’ullar tomonidan aksariyat qishloq maktablarida shunchaki ota-onalar noroziligi yoki malakali pedagoglar yetishmovchiligi kabi vajlar ko‘rsatilib, vazir buyrug‘i ijrosini ta’minlay olinmasligi bildirilgan.

Xo‘sh, ayni paytda qarorga bunday munosabat bildirilishi qay darajada to‘g‘ri?

Nima uchun, dars soati kamaytiriladi, deganda qarshi fikrlar yog‘dirgan fan o‘qituvchilari o‘quvchilar uchun yaratilishi mumkin bo‘lgan bunday yengillikka e’tiborsiz qaradi? Menimcha, hamma gap bizning ta’lim tizimimiz va o‘qituvchilarimiz hali bunday yangiliklarga tayyor emasligi-da!

Xo‘sh, aslida buyruq ijrosini ta’minlash mumkin edimi?

Bu borada mening shaxsiy taklif va mulohazam: maktablarda bu tizim yo‘lga qo‘yilishidan avval o‘qituvchilar o‘rtasida adolatli saralash ishlarini olib borish kerak. Faqat munosiblargina maktabda ishlasin! Axir, yosh avlodga asosiy ko‘nikmani beradigan maktab emasmi?

Saviyasi talabga javob beradigan pedagoglar bilan tizimga ruhiy va ko‘nikma jihatdan tayyorlash uchun muddatli malaka oshirish kurlari tashkil etilishi kerak. Tanlangan yo‘nalishdagi fanlarni sifatli o‘tib berish uchun OTM pedagoglarini emas, balki o‘quv markazlarida repetitorlik bilan shug‘ullanayotgan o‘qituvchilarni maktablarga jalb qilish kerak (yuqori maosh evaziga bo‘lsa ham).

Shundagina o‘quvchilar tushgacha darsga, tushdan keyin qo‘shimcha ta’limga chopishdan xalos bo‘ladi. Bu moddiy jihatdan ota-onalarga ham ko‘mak, maktab o‘qituvchilari uchun esa professional repetitorlar bilan tajriba almashish imkonini beradi. O‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat yuzaga kelib, o‘quvchilar o‘rtasidagi tor ma’nodagi tabaqalanish ham yo‘qoladi. Bundan tashqari, maktablar ham saviyali o‘qituvchilar uchun ma’lum ma’noda kurash olib boradi.

Raqobat bor joyda esa rivojlanish bo‘ladi! Shundagina vaqtinchalik trendda bo‘lib, so‘ng kuchini yo‘qotadigan buyruqqa aylanmaydi. Bu shaxsiy mulohazalarim. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi!

Guloro Yusupova,
O‘zJOKU talabasi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: