Chumolibek: Yuk orqalab…

Fiqra

Assalomu alaykum! Ismim Chumoli. A Labay? Biz tomondagi Qumursqa-da, deysizmi? Yo‘-o‘-q, akasi, adashasiz. So‘zni grammatik tahlil qilib, asos va morfemaga ajratganda, “Qumursqa”ning negizi “qum”, ya’ni tuproq bo‘ladi. U chekka qishloqlardagi otam zamonidan qolgan. Kaminayi kamtarin bo‘lsa, g‘irt shaharlik Chumoli!

Otam Qumursqaboy o‘qishim uchun barcha sharoitni muhayyo qildi, kun bo‘yi daladan yemish tashiydi, men bo‘lsa kelajagimni qora mehnatda ko‘rolmasdim. Maktabda bilsam-bilmasam, “Men aytay” deyaverib, sinf sardori bo‘ldim, so‘zga chechanligim uchun hasharotlar ittifoqiga yetakchi etib saylashdi. Vaqt o‘tib, shaharga “ko‘tarildim”. Endi qishloqni yelkamning chuquri ko‘rsin!

Chigirtka ustozim bo‘lardi. Musiqaning “M” harfiga tushunmasa-da, darsi boshlandi deguncha, chirillagani chirillagan. Maktab sig‘dirmadimi, bilmadim, yaylovga ishga chiqib ketdi. Hayvonlar choy-chaqa tashlab o‘tarmish. Menga hayot saboqlarini o‘sha ustozim bergan. Fanini yaxshi o‘tmasa ham, aql o‘rgatishga usta edi.

Bugun davr so‘zga chechanniki, og‘zidan gapi “tushib ketadigan” qancha zo‘r sinfdoshlaring o‘raga don tashib yuribdi, issiqmi-sovuq tinim bilmaydi, sen Chumoli bo‘lishing kerak, deb rosa jon kuydirardi. Aytganini qilib, kam bo‘lmadim, akasi, hasharotlar ittifoqida yetakchi bo‘lish ham hazil lavozim emas, men sizga aytsam…

Mehnat fanidan Mo‘rcha mallim kun bermasdi. Ayol boshi bilan “Farosatingga qurt tushgan” deb haqoratlardi. To‘g‘ri-da, vaziyatdan ming xil bahona bilan chiqib, ishlamaslikka yetgan farosatimni ko‘risholmaydi-da!

Sizning-cha, hasharotlarga texnika kerakmi? Umrini mehnatda o‘tkazib, qorin g‘amida yursa, texnikang nimasi, deysizmi? Ha, o‘lmang, shu gaplarni informatika o‘qituvchim shop mo‘ylov Suvarak tushunmasdi-da. Darsida menga tinchlik yo‘q edi…

Qumursqaligimda do‘stlarimdan “Uy vazifalar”i javobini rasmga tushirib ko‘chirayotganimda, direktorimiz ko‘rib qolgan. Rosa tergagan edi. Hali katta lavozimni egallasam, sendan ham alamimni olaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Niyatimga yetdim. Hozir direktorim har kuni bo‘lmagan tadbirning rasmini jo‘natadi. Qumursqalar bo‘sh qolmasligi uchun tadbirlarni muntazam o‘tkazasiz, deb shart qo‘yganman. Ertaga “komissiya” bo‘lib boramanda, suratlarning hisobotini so‘rayman. Bir kim bo‘lganimni ko‘rsatib kelay ularga!

Atrofimizda kundan-kun yangidan-yangi maynavozchilik bo‘layotganda, shunday taxallus topib jiddiy yozib bo‘larkanmi?!

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: