«COVID-19 bilan kasallanganlarning uyda davolanishiga qarshiman»

“Bir narsani katta afsus bilan aytamanki, uyda davolanish boshqa sog‘lom insonlar uchun juda katta xavf tug‘diradi. COVID bilan kasallangan odam ko‘chaga chiqishga baribir majbur bo‘ladi.

16 iyul kuni Respublika maxsus komissiyasi axborotiga ko‘ra, uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanishi aytilgan edi. “Koronavirus infektsiyasi bo‘yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar belgilangan tibbiy vositalar (“Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Paratsetamol”, “Vitamin S”, bir martalik tibbiy niqoblar) bilan bepul ta’minlanadi”,deyilishiga qaramay o‘z atrofimda, o‘zimda bunday hodisani ko‘rganim yo‘q. Komissiya axborotida mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to‘plamini shakllantirish kiritilgan, shuncha dori-darmon qayerga ketdi, agar o‘z manziliga yetib borgan bo‘lsa hisoboti ham bordir, axir…

Bu kasallik kuniga yangi qiliq chiqarar ekan, bir kuni boshing og‘risa, bir kuni oshqozon qattiq og‘rib qoladi, kimdadir ishtaha yo‘qolib, ko‘ngil aynisa, boshqada isitma hech tushmaydi, birovni yo‘tal qiynaydi, boshqani holsizlik. Shunday vaziyatda kasal holingda bir necha bor dorixonaga chopasan. Birovdan umid qilib bo‘lmaydi, hech kim dorilarni uy tagiga tashlab ketmaydi. Dorixonachiga “Men kasalman, eshikdan kirmayin, shu dorilarni olib berib yuboring”, desangiz tamom, yo gap eshitib olasiz yoki haydalasiz. Lekin barcha dorixonachilar ham unday emas, boriga shukur. Xullas, bir talay dori-darmon olib kelish uchun necha bor dorixonaga murojaat qiladi, yeb-ichish uchun oziq-ovqat do‘koniga borishi kerak, test topshirish, shifokorga ko‘rinish maqsadida qancha tibbiyot muassasaga qadam qo‘yadi. Endi o‘ylang, necha odamga kasallik yuqishi mumkin. Balki shuning uchun ham kasallar soni ko‘paygandan ko‘payayotgandir. Bemorlar ko‘payib ketgani uchun ham joy tanqislik qilayotgani haqiqat. Ammo qandaydir tizim o‘ylash kerakki, uyida davolanayotganlar ko‘chaga chiqib kasallikni boshqalarga ham yuqtirmasin”.

V.Jonqulov, 35 yosh.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: