COVID-19 : sinov va saxovat

Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir, deb bejiz aytilmaydi. Bundan bir yil muqaddam 15 mart kuni yurtimizda ilk koronavirus bilan kasallangan bemor aniqlanib, O‘zbekiston COVID-19 mavjud davlatlar ro‘yxatidan joy olgandi. Bu sana hamyurtlarimiz xotirasida vahimali kun bo‘lib muhrlandi.

16 martdan dastlabki karantin cheklovlari joriy etilib, ta’lim dargohlarida o‘quv jarayoni to‘xtatilgani, 23 martdan esa qat’iy karantin tartibi joriy etilib, barcha maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yopilgani, jamoat transporti qatnovi to‘xtatilgani yodimizda… Koronavirusga chalingan bemorlar soni kundan kunga oshib, odamlarning vahimasi ham ortib bordi. Hech kim ko‘chaga chiqa olmay qoldi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, jamoat tartibini saqlash maqsadida mahallalarda, chorrahalarda, yo‘llarda nazorat postlari o‘rnatildi, bu holat xuddi urush vaqtida qurollangan askarlarning fuqarolarni himoya qilayotganiga o‘xshab ketardi go‘yo. Ha, osuda kunlardan birida hayotimizda bunday holat yuzaga kelishi hech kimning xayoliga ham kelmagan edi! Bu ofat bir yil davomida 80 mingga yaqin yurtdoshimizni o‘ziga ro‘baro‘ qildi, 600 nafardan ortig‘ini oramizdan olib ketdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 1966 yilgi zilziladan keyin yarim asr ichidagi eng yirik ofat Sirdaryo fojeasi – “Sardoba” suv omborining o‘pirilib (2020 yil 1 may) toshqin ro‘y bergani butun mamlakatni junbushga soldi. Bu vaziyatda davlat bilan birga yurtdoshlarimiz ham talofat ko‘rgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishga bel bog‘ladi. Karantin bo‘lishiga qaramasdan, odamlar o‘z hayotini tahlikaga qo‘yib bo‘lsa-da, “Sardobaga yordam” xayr-saxovat aktsiyalarida faol ishtirok etishdi.

Karantin choralari kuchaytirilgan davrda xayriya tashkilotlari, aksiyalar, saxovat loyihalari soni yana ko‘paydi. COVID-19 bilan kasallanganlarga dori-darmonlar, kerakli mahsulotlar o‘z vaqtida yetkazib turildi. Ayniqsa, muhtoj oilalar, keksa yoshli kishilar doim e’tiborda bo‘ldi, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar bilan ta’minlandi, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. COVID-19 odamlar qadrini, hayot mohiyatini teran anglatib, hammamiz uchun muhim saboq bo‘ldi.

Shukrlar bo‘lsinki, bugun mamlakatimizda barcha o‘z ishi va faoliyatini davom ettirmoqda. Maishiy muassasalar, jamoat transportlari harakati uzluksiz ta’minlandi, to‘ylar ham o‘tkazilmoqda. Yurtimizda yana barqarorlik, xotirjamlik hukm surmoqda. Bu kunlarga yetishimizga esa xalqimizning birdamligi, ahilligi, bir-biriga mehr-oqibati va saxovati muhim omil bo‘ldi.

Irodabonu JABBOROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: